Tarjima sanʼatidan — nafis diplomatiya sari

15:32 30 Iyul 2021 Madaniyat
1429 0

Tarixdan maʼlumki, buyuk ajdodlarimiz yurtimiz dovrugʻini butun dunyoga yoygan. Oʻrta asrlardan buyon Gʻarb mamlakatlarida el-yurtimiz tarixi va madaniyati, tili va adabiyoti, bor qadimiy va boy maʼnaviy merosimiz chuqur oʻrganib kelingan.

Vatanimiz istiqlolga erishgach, jahon adabiyotining shoh asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish bilan bir qatorda, bizning ilmiy, badiiy va tarixiy asarlarimizni ham dunyo tillariga, jumladan, fransuz tiliga tarjima qilishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Bir paytlari fransuz adabiyotining mashhur namunalari rus tili orqali oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Oʻtgan asrning soʻnggi oʻn yilliklariga kelib fransuz tilidagi asarlarni bevosita, yaʼni toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzbek tiliga tarjima qilish boshlandi.

Biroq Viktor Gyugo va Aleksandr Dyuma kabi zabardast adiblar badiiy uslublarining sayqal topishiga xizmat qilgan jozibador fransuz tilini mukammal darajada biladiganlar sanoqli ekani ham bor gap. Shu maʼnoda, ayni sohani yurtimizda fransuz tarjimashunosligi maktabining asoschisi va dargʻalaridan biri — Shoazim Minovarovsiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Mohir tarjimon, oʻz kasbining ustasi, kamtarin inson Shoazim Minovarov 1951-yilda Toshkent shahrida — jadidchilik maktabining yirik vakili Munavvarqori Abdurashid­xonov xonadonida tugʻilgan. Darvoqe, 2020-yilda Oʻzbekiston Prezidenti Farmoniga koʻra jadidchilik harakati namoyandalari – Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlanganda, Shoazim aka maʼrifatparvar bobosining munosib vorisi sifatida ana shu yuksak davlat mukofotini qabul qilib olgan.

Sh.Minovarov 1973-yilda Oʻzbekiston Milliy universiteti fransuz tili va adabiyoti mutaxassisligi boʻyicha tahsil olib, koʻp yillar davomida turli masʼuliyatli lavozimlarda ishlagan. Jumladan, sobiq SSSRning Gvineyadagi elchixonasida, Jazoirdagi bosh konsulxonada xizmat qilgan.

Istiqlol yillarida Shoazim aka Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekistonning Misrdagi Favqulodda va muxtor elchisi, Toshkentdagi Fransuz alyansi raisi, Islom sivilizatsiyasi markazining direktori lavozimlarida samarali faoliyat olib bordi.

Ayni paytda Sh.Minovarov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, shu bilan birga Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati boshqaruv kengashi aʼzosi hisoblanadi.

Shoazim aka bilan ilk yuzma-yuz tanishuvimiz 1993-yil oktyabrida — kamina Oʻzbekis­tonning Fransiyadagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi hamda YUNESKOdagi doimiy vakili boʻlib ish boshlagan davrda kechgan. Keyinchalik, 1996-yili — Amir Temur yubileyi munosabati bilan Parijda oʻtkazilgan rasmiy tadbirlarda hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi chogʻida Sh.Minovarov davlat boshligʻining fransuz tili boʻyicha tarjimoni sifatida nechogʻlik mahorat bilan ishlashini bevosita kuzatganman.

Sh.Minovarov badiiy adabiyot tarjimoni sifatida fransuz adiblarining bir qator asarlarini oʻzbek tiliga toʻgʻridan-toʻgʻri tarjima qilgani ham diqqatga loyiqdir. Xususan, Sharl Perroning “Ona gʻoz ertaklari”, “Qizil qalpoqcha”, «Kuloyim yoki billur boshmoqchalar», “Ustasi farang yoki etik kiygan mushuk”, “Sehrgarlar”, «Kokildor Rike» kabi ertaklari, Le Klezioning «Odel. Mondo va boshqa hikoyatlar» asari, Fransua Moriakning “Ilonlar komida” romani, Charlz Dikkensning “Katta umidlar” romani (ingliz va rus tillaridan), Monteskyening “Fors nomalari” asari, Lyusen Kerenning «Buyuk Temur» pyesasi, Patrik Modianoning “Toʻy sayohati” romani, Mopassanning hikoyalari shular sirasiga kiradi.

Shu bilan birga Sh.Minovarov milliy maʼnaviyatimiz boyligi hisoblanuvchi bir qancha kitoblarni, jumladan, taniqli oʻzbek adibi Erkin Aʼzamning “Alvido, ertaklar” nomli asarini, YUNESKOning “Temuriylar Uygʻonish davri” kitobini fransuz tiliga tarjima qilgan. Amir Temurning “Temur tuzuklari” asari oʻzbek, fors, rus, ingliz va fransuz tilda yagona jildda jam holda Shoazim Minovarov rahbarligida Islom sivilizatsiyasi markazining bir guruh ilmiy xodimlari tomonidan nashrga tayyorlangan.

2020-yilda Shayx Abdulaziz Mansur tomonidan tayyorlangan «Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri» kitobi nashrdan chiqqan. Ushbu muborak nashrning tahrir hayʼati aʼzolari hisoblanuvchi taniqli olimlar safida Shoazim Minovarov ham bor. U kishi adabiyotshunos sifatida ham koʻplab kitoblar chop ettirgan, maqolalari matbuotda muntazam eʼlon qilinmoqda.

Har bir tarjima qilingan asar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, madaniyatlar, maʼnaviyatlar, tillarni boyitishga xizmat qiladi. Sh. Minovarovning “Choʻlpon Fransiyada” nomli maqolasida qayd etilganidek, «Tarjimachilik yozma adabiyot bilan bir paytda paydo boʻlgan. Agar Ibn Sino, Beruniy, Ulugʻbek kabi olimlar Ptolemey, Platon, Gippokratlarning asarlarini arab tiliga va Toledoda (Ispaniya) Oʻrta asrlarda faoliyat koʻrsatgan tarjimachilik maktabidagilar Sharq olimlari asarlarini lotin tiliga oʻgirmaganlarida, insoniyat koʻplab ilmiy-madaniy boyliklardan mahrum qilingan boʻlardi».

Haqiqatan ham, olis tarixga nazar solsak, Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davrlarida xalqlar, madaniyatlar va adabiyotlarning oʻzaro yaqinlashishi hamda bir-birlaridan kuch-quvvat olib yakdil yuksalishida aynan tarjimonlarning oʻrni hamda ahamiyati beqiyos boʻlganini koʻramiz. Shunday ekan, Uchinchi Renessans sari dadil odimlayotgan yangi Oʻzbekistonning yana-da yuksalishi yoʻlida Shoazim Minavvarov kabi fidoyi ziyolilarimiz hali koʻp xizmat qilish­lariga aminmiz.

Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?