Tarix va taraqqiyot tutashgan nuqta
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida joylashgan uch ming yillik tarixga ega Axsikent yodgorligi dunyoga yuz tutmoqda. Birinchi Renessansda gullab-yashnagan bu qadimiy maskan ikki yuzdan ortiq Axsikatiylarni jahonga bergan diyor. Ahmad al-Fargʻoniydek yuksak daho ilm-fan markaziga aylantirgan manzil. Ikkinchi Renessansda Temuriyzoda amirlar taraqqiy toptirgan Axsi. Uchinchi Renessans ostonasida qayta jon baxsh etilayotgan qadimiy shahar. Ayni paytda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu maskanda yirik arxeologik turizm majmuasi barpo etilmoqda.
Axsikent eramizdan avvalgi III asrda qadimgi Fargʻona davlatining poytaxti sifatida shakllangan boʻlib, Buyuk ipak yoʻlining asosiy shaharlaridan biri. Tarixiy manbalarda, xususan, “Boburnoma”da bu kentning alohida ahamiyati haqida koʻp yozilgan. Qadimdan unda yer osti suv inshooti boʻlgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan. Shahar Ark, ichki va tashqi shahardan tashkil topgan. Bu yerda oʻz davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. Garchi, 1620-yildagi kuchli yer silkinishi Axsi qoʻrgʻonini tamoman vayronaga aylantirgan boʻlsa-da, uning nomi, ajdodlardan qolgan osori-atiqalar asrlar qaʼriga singib ketmadi. Oʻz davrida “Fargʻona shaharlarining onasi”, deb ulugʻlangan shahriston xarobalari uzoq vaqtlardan buyon ilmiy jamoatchilikni qiziqtirib kelmoqda.
Bundan bir necha yil muqaddam Prezidentimizning alohida eʼtibori bilan ushbu tarixiy merosni asrab-avaylash va tadqiq etish ishlari yangi bosqichga koʻtarilganini koʻpchilik yaxshi biladi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida «Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish toʻgʻrisida»gi qarori asosida tashkil etilgan davlat unitar korxonasi yodgorlikni viloyatning muhim sayyohlik markaziga aylantirish ishlarini jadal olib bormoqda.
— Sirtdan qaraganda oddiy tuproqtepaga oʻxshab koʻringan shahristonning ostida katta maʼnaviy xazina yotibdi, — deydi Axsikent arxeologiya parki direktori Anvar Ikromov. — Har bir yangi topilma, tiklanayotgan meros sharofati bilan tarixiy yodgorlikning jozibadorligi ortmoqda. Ikki-uch yildan buyon bu yerda yirik turizm majmuasini bunyod etish barobarida ilmiy izlanishlarning asosi boʻlgan qazishma ishlari ham jadal olib borilmoqda. Ayni paytda obyektda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi milliy arxeologiya markazi va Samarqand arxitektura instituti olimlaridan iborat 30 kishilik ekspeditsiya faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning oʻn nafardan koʻprogʻi mavzu boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini yozishga kirishgan. Bundan tashqari, Xitoy va Turkiya davlatlaridan kelgan bir qator olimlar ham izlanish ishlariga qoʻshilgan. Muhim jihati, tadqiqotlar jarayonida bir-biridan qimmatli artefaktlarga duch kelinyapti. Ular qadimiy davlatning bunyodkorlik salohiyati, ajdodlarimizning turmush tarzi, kundalik mashgʻulotlaridan darak beradi. Masalan, arxeologlar yaqinda transheya qazish jarayonida soʻnggi ellik yildagi eng nodir topilma – kengligi 2,3 metrlik zinapoyaga duch keldi. Bu yerdan 10 ming kubometr tuproq chiqarilgach, yoʻlakning oʻn ikkinchi pogʻonasi ochildi. Yer tubi tomon toʻrt metr kovlab koʻrilganda sirli qurilmaning bus-butun arklari koʻzga tashlandi.
Odatda, yodgorlikdan topilgan har bir ashyo yoki qurilma tezkor tadqiq qilish uchun mutaxassislarga taqdim etiladi. Asrlardan buyon yer qaʼrida yotgan ushbu obyektni chuqurroq oʻrganish jarayonida aynan shu nuqtadan yetti metr sharqda qadimshunoslar yana ikkita noyob yerosti yoʻllariga duch kelishdi. Dastlabki taxminlarga koʻra, har ikki arksimon yoʻlak ilk topilgan katta yoʻlga bogʻlanadi. Eʼtiborlisi shundaki, barcha yoʻlaklar butun, arksimon holda, metro uslubida nafislik bilan pishiq gʻishtdan bunyod etilgan. Bundan tashqari, italyancha deya taʼriflangan rakovina, yerosti, pol osti isitish tizimi, nafis sopol quvurlari bilan butun holatda topilgan qoʻl yuvish vositalari ham aynan shu obyektdan 2024-yilgi qazuvlar jarayonida topildi.
— Sirli yoʻlak topilmasi oʻta noyob va uni asl holicha saqlab qolishimiz kerak, — deydi ekspeditsiya rahbari, tarixchi olim Abdulhamid Anorboyev. — Ayni vaziyatni hisobga olgan holda qadimiy obyektning ustini oktyabr oyida uzil-kesil yopishimiz kerak. Agar quruvchilar bunga ulgurishmasa, yana ustiga tuproq tashlab konservatsiya qilishimizga toʻgʻri keladi.
Shu oʻrinda hozirga qadar shahristonda olib borilgan arxeologik qidiruvlar natijasida X-XII asrlarda faoliyat yuritgan yerosti suv inshootining kuzatuv punkti, birinchi shahristonning XIII asrning boshlariga oid xorazmshohlar davrida qurilgan mudofaa devori va turarjoy qoldiqlari, pishiq gʻishtdan qurilgan gumbazli tagxona, mahobatli turarjoy qoldiqlari, Fargʻona vodiysida ilk bor aniqlangan qoraxoniylar davri devoriy rasm namunalari hamda yuqorida qayd etilgan yerosti inshootlari va nodir qurilmalar, boshqa koʻplab ashyolar topilganligi hamda ular majmuada barpo etilayotgan toʻrtta ochiq osmon ostidagi muzeylardan oʻrin olishini taʼkidlab oʻtish oʻrinlidir. Ulardan uchtasining ustini yopish ishlari joriy yil oxirigacha nihoyasiga yetkaziladi. Kelgusi yilning may oyiga kelib muzeylarning barchasi sayyohlarni qabul qila boshlaydi.
Shahriston oʻrnida barpo etishga kirishilgan yaxlit arxeologiya majmuasi bu joyni nafaqat Namlangan viloyati, balki butun Fargʻona vodiysining jozibador sayyohlik maskaniga aylantiradi. Tasavvur qiling, hududga kiraverishda quriladigan ramziy darvoza, Bobur va Umarshayx Mirzoning Kamoliddin Behzod tomonidan ishlangan asl surati nusxalari asosida ota-bolaning haykallaridan iborat kompozitsiya, Umarshayx Mirzo sevgan kaptarxona yodgorligi, katta hajmdagi eksponatlarni joylashtira oladigan inshoot, ochiq osmon ostidagi beshta muzey. Ularni tomosha qilgan qay bir sayyohning koʻngli toʻlmaydi, deysiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring