Shahar chiroyiga dogʻ tushmasin

Osmonoʻpar binolar-u bir-biridan goʻzal meʼmoriy yechimdagi hashamatli inshootlar, turfa daraxtlar-u gullarni oʻzida jamlagan istirohat bogʻlari, shaharning qon tomiridek uni yashnatib turgan azim Anhor va uning atrofidagi soʻlim goʻshalar... E-he, aytaversa, tugamaydi. Bularning bari — bor-yoʻgʻi sakkiz yil ichidagi oʻzgarishlar. Ayni chogʻda ham bunyodkorlik surʼati toʻxtagani yoʻq, tezkorlik shiddatidan xorijliklar ham lol...
Mana shunday fusunkor kentda kim ham yashashni istamaydi deysiz? Poytaxtga investor sifatida dunyoning turli chekkalaridan kelayotgan tadbirkorlarning koʻpayib borayotgani, yaqin oʻtmishda “non shahri” sifatida tillarda doston boʻlgan qadimiy kentning sayyohlig-u mehmondoʻstlikda ham shuhrati oshayotgani yanada quvonchli. Ammo shunday muammo ham borki, buni aytsakmi yoki yoʻq, koʻp oʻyladik...
Bu oʻrinda gap shaharga zilol suv boʻlib kirayotgan obihayotning juda kirlanib, turli latta-puttalarga va boshqa aytib boʻlmaydigan narsalarga toʻlib, bijgʻib chiqayotgani, buni birov emas, aynan oʻzimiz qilayotganimiz haqida.
Maʼlumotlarga koʻra, poytaxtimizga minglab quvurlar orqali bir sutkada oʻrtacha 1,9 mln., yoz chillasida 2,4 mln. kubometrgacha ichimlik suvi yuboriladi. Kanalizatsiya orqali qaytib chiqayotgan suv hajmi esa 30 — 35 foizga kam. Demak, biz suvni uvol qilyapmiz, obihayotsiz bir kun ham yashay olmasligimizga aqlimiz yetadi-yu, ammo har kuni shahar boʻyicha kamida 400 ming kub metrdan koʻp obihayot havoga uchyapti... Mavzudan chalgʻimaylik, bu haqda navbatdagi maqolamizda batafsil toʻxtalamiz.
Bugungi muammo — poytaxtning kanalizatsiya tizimidan har kuni chiqayotgan 1,5 mln. kubometrdan koʻp iflos suvning nechogʻli katta xarajatlar evaziga tozalanayotgani-yu, bu mehnat qadr-qimmatini koʻpchilik tushunmayotganida. Bu boʻtana suv uzluksiz ravishda “Salar”, “Boʻzsuv”, “Bektemir” tozalash inshootlariga kelib tushadi. Shu uchta inshootning eng kattasi — Salar toʻyintirish inshooti bugungi kunda shahar ichkarisida qolgan va unga kelib tushayotgan badboʻy chiqindilar hidi Qumariq, Bobur, Oʻzgarish mahallalaridagi minglab xonadonlarda yashayotgan odamlarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.
— Kech kirdimi, bas, badboʻy hid kuchayadi, odamni boʻgʻar darajada, ayniqsa, uyga mehmon kelganda xijolatdan oʻzimizni qoʻyishga joy topolmay qolamiz, — deydi Qumariq mahallasida yashayotgan Zahro Iminova. — Hovliga chiqib boʻlmaydi, qoʻlansani qaytarsin, deya rayhon barglaridan yulib uyga kiramiz, qayoqda deysiz, battar boʻlsa boʻladiki, aslo kamaymaydi. Ahvolni oʻnglaydigan birorta mard bormikin? Televizorda ekologiya boʻyicha bu ishni qildik, shaharning bu yeri obod boʻldi deb gapirishadi-yu, ammo poytaxtdagi mana shu sassiq hidni yoʻqotish haqida hech kim qaygʻurmayapti.
Muammo oʻrganilgan, ammo...
Rost, aholining arz-holiga bundan toʻrt yil ilgari hukumat tomonidan eʼtibor qaratildi. Natijada kanalizatsiya tarmogʻiga chiqindi tashlayotgan korxonalar soni biroz kamaydi. Quyi Chirchiq tumanidagi Surum hududiga boʻtana suv inshootini koʻchirish boʻyicha loyihalar tayyor ekanligi ham aytildi. Bu haqda poytaxt hokimligining matbuot xizmati 2021-yil 4-avgust kuni eʼlon berdi ham. Shu bilan mutasaddilar xalqning haqli eʼtiroziga togʻni talqon qilgandek javob berishdi, goʻyo. Endi sezilyaptiki, vaʼda qogʻozda qolgan, qarorlar ham, hokimning vaʼdasi ham. Darvoqe, oʻshanda shahar hokimi boshqa edi. Falonchining lafziga keyingisi javob bermaydi. Bu achchiq haqiqat.
— Nevaralarimning ikkitasi shu badboʻylik tufayli allergiyaga chalinib qoldi. Muttasil davolanyapti, dodimni kimga aytishni bilmayman. Koʻchaylik, desak, ota-bobomizdan qolgan joy. Xudoning gʻazabiga uchragur, bu zavoddan qachon qutularkanmiz? — deydi oqova suv bilan bogʻliq sassiq hududda yashovchi Saida Zubaydullayeva.
Hammaning eʼtiboriga tushgan va aholining tinchini oʻgʻirlagan oʻsha hudud — “Salar” toʻyintirish inshootining direktori Qobiljon Xolimtoyevning aytishicha, bu inshoot bundan 64-yil ilgari, yaʼni 1961-yil qurib ishga tushirilgan va oʻsha mahal bu joylar shaharning cheti hisoblangan. Kent muttasil kengaydi, ayniqsa, keyingi yetti yilda, aholi soni ortyapti, yuzlab koʻp qavatli uylar, haybatli mehmonxonalar qurildi, yangi korxonalar, kafe, restoranlar, koʻngilochar joylar bunyod boʻldi. Poytaxt hududi kengaygach, kanalizatsiya suvini tozalash inshooti shahar ichida qoldi, ammo texnik holati ham, imkoniyati ham oʻsha-oʻsha. Natijada zoʻriqib ishlashga oʻtdi va bugun sutkasiga 850 — 900 ming kubometr loyqa suv katta tezlik bilan kirib kelayotgan havzada 213 kishi toʻrt smenada ishlayapti.
Nega toʻyintirish inshooti, deb ataladi dersiz? Bu yerga tushayotgan iflos suv maxsus toʻrdan oʻtkazilib, turli chiqindilardan tozalangach unga maxsus havzalarda kislorod purkaladi, bu, oʻz navbatida, shahardan kirib kelgan suvdagi mikroorganizmlarni uygʻotadi va ular ishtaha bilan balchiqsimon suvni yamlashga, shu orqali tozalashga tushadi. Toʻyintirish degani — shu. Buni iflos suvni biologik usulda tozalash desa ham boʻladi. Toʻrt karra tozalashdan soʻng loyqali suv ekinlarni sugʻorsa boʻladigan obihayotga aylanadi, ammo ichishga yaramaydi.
— Eng katta muammo — kanalizatsiya suviga aholi tomonidan turli maishiy chiqindilarning tashlab yuborilayotgani, — deydi Qobiljon Xolimtoyev. — Baʼzan odamlar hovlisida soʻyilgan qoʻy-echkilarning ichak-chavogʻi-yu axlatini ham suvga agʻdaradi. Tomorqasidagi qurib qolgan gullar-u nihollarning poyasini ham kanalizatsiya tarmogʻiga otadi. Yana kimdir bolasining ishlatilgan pampersini va boshqa narsalarni tashlaydi. Hammasi shu yerga oqib keladi va motorlarimizga tiqilib ularni kuydiryapti. Shu bois chiqindilarni tutib qoladigan toʻrlar qoʻydik. Bilasizmi, shu toʻrlardan har kuni 3 tonnadan ortiq chiqindini tortib olamiz. Buning turgan-bitgani tashvish. Ahvol shunday boʻlgach bu yer sasimay nima qilsin? Shahar oʻrtasida qolib koʻpchilikning malomati-yu dashnomini eshitish bizga-da yoqmayapti, ammo nima qilaylik? Badboʻylikdan boʻgʻilib ishlash ishchilarimizga maʼqul keladi, deb oʻylaysizmi? Ustiga-ustak baʼzi ishlab chiqarish korxonalari chiqindisi qatori kimyoviy vositalar qoldigʻini ham oqizyapti. Va ochigʻi, kanalizatsiya tarmogʻiga chiqindi tashlayotganlarni jarimaga tortib ham, ogohlantirib ham hech narsaga erishib boʻlmayapti.
“Suvga tuflama, uvoli bor...”
— Bundan 40 yil avval hozirgi Muqimiy teatri binosi joylashgan mahallada ijarada turganman. Uy egasi — talabchan kampir: “Axlatni manavi chelakka solinglar, ariqqa tashlamanglar, agar suvga tupursalaring gunohga botasizlar”, derdi. Yosh edik, oʻsha gap qulogʻimizda butkul oʻrnashdi. Bugun-chi? Bobolar-u momolarning koʻz oʻngida bolakaylar, baʼzan kalondimogʻ kelinlar ariqqa chiqindini otishyapti, mashinasini ichimlik suvida yuvayotganlar orasida tuppa-tuzuk lavozimda ishlayotganlar ham borligini koʻryapmiz. Hatto turli marosimlardan ortib qolgan ovqat qoldigʻi, qotib qolgan nonlarni ham suvga otayotganlar uchrayapti. Bunga hech kim miq etmaydi, gapirsang, pulini toʻlayapman-ku, sizga ogʻirligim tushyaptimi, deydi. “Mahalla yettiligi” deganlariyam bu masalaga eʼtibor qaratmayapti, — deydi poytaxtlik Shaydullo Yunusov.
Turli yoʻnalishda tadbirkorlikka qoʻl urib, poytaxt ichida yangi ish oʻrni yaratgan, korxona tashkil etgan odamlar bizga begona emas, sizu bizga qoʻshni. Davralarda din-u diyonatdan maslahat berishni ham yaxshigina eplaydi ular. Afsuski, baʼzi ishbilarmon kishilar yuzlab odamlarni ish bilan taʼminlash-u davlatga yuz millionlab soliq toʻlash orqali iqtisodiyotimizni mustahkamlashga hissa qoʻshayotgan boʻlsa-da, ishlab chiqarish jarayonida paydo boʻlgan chiqindilarni yo zaharli kimyoviy vositalarni, baʼzan kushxonasidan chiqqan axlatni “Maxsustrans” qutisiga tashlash oʻrniga kanalizatsiya tarmogʻiga uloqtirmoqda.
— Shu yil 5-may kuni Sergeli tumanidagi “Barakat ALFA”ga, 15-mayda Yangihayot tumanidagi “Eko Boch”ga, 14-may sanasida “Original textile and Print” korxonasiga kanalizatsiyaga juda iflos narsalar tashlayotgani uchun ogohlantirish xatlari joʻnatdik, — deydi “Toshkent shahar suv taʼminoti” AJ masʼul xodimi Sherzod Hojimetov. — 2-iyun kuni “Saft textile”ga, 9-iyunda esa “Alitex 2”ga eʼtiroznomalar yuborildi. Hatto mana shu “Alitex 2” MCHJga bir oy oldin, yaʼni 26-mayda ham qonun talabiga koʻra ishlang, aks holda tarmoqdan uzib tashlaymiz, deya bildirishnoma berilgan. Ming afsuski, pirovard natija qoniqarli emas, qonunbuzarlik toʻxtagani yoʻq. Aholining noroziligi esa bizga ham malol kelyapti.
...“Boʻzsuv” suv tozalash inshootidamiz. Bu korxona hududi 122 gektarni egallagan boʻlsa-da, poytaxtdan tashqarida joylashgan, bir sutkada 600 ming kub metrgacha (shaharning 5 ta va viloyatning ikkita tumanidan chiqayotgan) iflos suvni tozalayapti. Biroq bu joyda ham muammo ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari loqaydligi bilan bogʻliq.
Inshoot direktori Jamshid Zufarovning aytishicha, toʻqimachilik korxonalari oqizib yuborayotgan kimyoviy boʻyoq chiqindisi suvni tozalab boʻlmaydigan darajaga olib kelmoqda.
— Boʻyoq qoldigʻi shu qadar zaharliki, uning suvga tushishi oqibatida mikroorganizmlar oʻlib ketyapti. Biologik usulda kanalizatsiya suvini tozalash imkoni boʻlmayapti. Buning ona tabiatga tiklab boʻlmaydigan zarar ekanligini oʻylasak, beixtiyor “dod” devorasiz. Qonun ishlamayapti, hamma gap ana shunda. Oqova suvlar va chiqindilar boʻyicha qonuniy choralarni, javobgarlikni kuchaytirish kerak. Kimga va qayerda joylashganiga qaramay, kanalizatsiyaga chiqindi yo zaharli moddalar tashlayotgan korxona katta jarima toʻlasin, uning rahbari javobgarlikka tortilsin, shunda vaziyat izga tushadi, — deydi J. Zufarov. — Menimcha, qonunni muttasil buzayotgan tashkilotlarga ichimlik suvi va kanalizatsiya toʻlovini keskin oshirish zarur. Ana shunda suv tekin emasligini rahbar ham, aholi ham birdek tushuna boshlaydi. Suv non kabi aziz ekanligini, unga chiqindi tashlash tugul, tupurib ham boʻlmasligini qayta va qayta taʼkidlash, buni maktablarda, oʻquv muassasalarida, mahalladagi yigʻinlar-u marosimlarda aytish lozim.
“Mablagʻ kerak deyilsa, yerni sotaylik”
“Toshkent shahar suv taʼminoti” AJ masʼuli Ravshan Yoqubjonov hamrohligida “Salar” toʻyintirish inshootidagi ish jarayonini kuzatdik. Toʻqqiz yilki, shu yerda ishlayotgan Dilmurod Ummetovning xatti-harakatlari eʼtiborimizni tortdi. U har gal toʻrga ilinib qolgan turli chiqindilarni uzun temir asbobida chiqarib olarkan, “Odam ham shunaqayam tarbiyasiz boʻladimi-ya?” deya gʻudranadi, soʻng beixtiyor burniga roʻmolchasini tutadi, shu tariqa badboʻylikdan oʻzini himoya qilishga intiladi. Bu jarayonda uzoq qolib boʻlmaydi, nari ketamiz. Va Qumariq mahallasida qurilish boshlagan tadbirkor Navroʻz Xudoyqulov mulohazasi yodimizga tushadi.
— Bilasizmi, imkon qidirgan, albatta, topadi, — deydi u. — Oʻzingiz oʻylang, qanchadan-qancha koʻp qavatli imoratlar qurilyapti, shunga pulni qayerdan olishyapti? Foydasi borki, bino uchun yer ham, bunyodkorlik uchun ham mablagʻ topilyapti. Bu inshootni shahardan chetga chiqarish uchun katta pul kerak deyishadi. Toʻgʻri gap, ammo hozir Qumariq mahallasida bir sotix joy 35 ming dollarga chiqdi. Bundan 7 yil bugungidan oʻn karra arzon edi. Talab katta, odamlarning uy-joyga intilishi kuchaygan. Agar har sotix yerni 35 ming dollardan hisoblasak, demak, bir gektari 3,5 million, 96 gektarlik maydon 34 million dollar, degani! Agar erta-indin, sassiq zavod koʻcharmish degan gap shaharda ovoza boʻlsa, har sotix yerning narxi 50 — 60 ming dollarga chiqadi. Bu katta pul, inshootni koʻchirishga shahrimiz hokimi bosh boʻlsa, savobning tagida qoladi. Yerni sotish orqali pul rasman ochiq-oshkora yigʻilsa, menimcha, hamma xarajatga yetadi ham. Qolaversa, shu yerni puliga sotib olgan odam ham tinch oʻtirmaydi, balki koʻp qavatli uylar qurar, mehmonxona bunyod etar yoki istirohat bogʻi yaratar?! Muhimi, shu tariqa goʻzal shahrimizning koʻzga chiqqan chipqondek turgan joyi ham mehr oʻchogʻiga, sayyohlarni maftun etadigan soʻlim makonga aylanadi. Qoʻshimcha daromadga manba ham boʻladi. Faqat barcha ezgu ishlarda oʻzimiz ibrat boʻlib diyonatni soʻzda emas, amalda koʻrsatmogʻimiz, farzandlarimizni, oila aʼzolarimizni tozalikka, pokizalikka, suvni uvol qilmaslig-u har bir neʼmatning qadriga yetishga odatlantirishimiz kerak. Ana shunda insoniylik yoʻqolmaydi, xonadonda ham, mahalla-yu butun shaharda qadrimiz baland boʻladi, suvni bulgʻalama, obihayotni uvol qilma, degan gapga hojat qolmaydi.
Ammo ayni paytdagi haqiqat shuki, biz nafas olayotgan havoni asrab-avaylash, suvni tejab-tergash, uni bulgʻamaslik, tabiatga yetkazilayotgan zararni kamaytirish yoʻlida hali qilinishi lozim boʻlgan ishlar koʻp. Mavjud muammolarni bartaraf etish esa aholi salomatligini saqlab, yosh avlodning sogʻlom unib-oʻsishiga xizmat qiladi. Shunday ekan, suv, havo va umuman, atrof-muhit bilan bogʻliq muammolarga panja orasidan qarashga hech kimning haqqi yoʻq.
Abdunabi ALIQULOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring