Taraqqiyot birlikni talab qilmoqda
Xalqimiz azaldan ilm-maʼrifatli va bagʻrikeng boʻlishga intilgan va dunyoni ham shunday yashashga daʼvat qilib kelgan. Bugunga kelib esa ajdodlarimizdan meros qolgan kuch va ishonch bizni Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yoʻlida birlashtiryapti. Bu saʼy-harakatlar ulkan amaliy ishlarga aylanib, xalqimizni buyuk maqsad va ezgu harakatlarga yetaklayapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2-fevral kuni imzolangan “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Farmoni ham xalqona hujjatlardan biri boʻldi. Dastur loyihasi 18-yanvar kuni xalq muhokamasiga taqdim qilingan boʻlsa, oʻn kun davomida 4 mingga yaqin taklif kelib tushgan va uning asosida loyihaga elikka yaqin konseptual hamda 100 dan ortiq aniqlashtiruvchi tahririy oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan.
2021-yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinishi zamirida ham ushbu maqsadlar mujassam. Prezidentning soʻnggi paytlarda “Yangi Oʻzbekiston — maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, deya takror va takror eʼtirof etishi ham bejizga emas.
Umidli yoshlar mamlakatimizning kelajagi hisoblanadi. Shu bois, Davlat dasturida yoshlar taʼlim-tarbiyasini mustahkamlash, ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifatni rivojlantirish masalalariga har qachongidan koʻproq ahamiyat berilganini qayd etish joiz.
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj talabalarni himoya qilish, yaʼni ijtimoiy adolatni taʼminlash maqsadida oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan yoshlar uchun Prezident granti joriy etiladi. Oliy taʼlim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalarga taʼlim krediti beriladi. Davlat grantlari soni 25 foizga, ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni 2 baravarga oshirilishi belgilandi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida oʻqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshiriladi. Jamgʻarma hisobidan xorijda bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish tizimi joriy etilib, 2021-yilda 100 nafar yoshlarning xorijga taʼlim olish uchun yuborilishi bu mamlakatimizga qisqa muddatlarda saviyali kadrlarni yetkazib berish zarurati bilan bogʻliq.
Partiyamizning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri bu turizmni rivojlantirishdir. Taʼkidlash lozim, pandemiyadan eng koʻp zarar koʻrgan soha shubhasiz bu turizm boʻldi. Shu bois, Davlat dasturida bu soha rivojiga ham alohida eʼtibor qaratilayotir. Xususan, koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan choralar 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilishi belgilandi.
2021-yil 1-martdan 2022-yil 1-iyunga qadar ichki turizmni ommalashtirish doirasida aviatashuvchilarga — ichki turizm yoʻnalishlaridagi aviaqatnovlarda aviachipta narxining 25 foizi, turoperator va turagentlarga — Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun tashkil etilgan turlar yuzasidan avia va temir yoʻl chiptalari narxining 15 foizi hamda mehmonxona xizmatlari narxining 10 foizini qaytarish mexanizmi joriy etiladi.
Mamlakatimiz rahbari oʻtgan yilning 12-13-dekabr kunlari Xorazmga tashrifi chogʻida viloyatda ichki turizmni yana-da rivojlantirish va sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida transport xizmatlarini yaxshilash, xususan, Fargʻona vodiysidan avia va temir yoʻl qatnovini yoʻlga qoʻyishni, bunda chipta narxlarini 30 foizga arzonlashtirishni, keyinchalik bu tajribani Termiz, Samarqand va Buxoro shaharlari boʻyicha ham qoʻllash boʻyicha topshiriq bergan edilar.
3-fevral kuni “Urganch — Fargʻona” yoʻnalishida ilk parvoz amalga oshirildi. Albatta, ushbu tashabbus ichki turizmni rivojlantirish uchun yangi qadam boʻldi. Chunki qanchadan qancha fargʻonalik vatandoshlar hali Xorazmni koʻrmagan, xorazmliklar esa Fargʻona vodiysida boʻlmagan.
Isroil sobiq bosh vaziri Golda Mairdan qanday qilib buyuk davlat qurish mumkinligi toʻgʻrisida soʻralganida: “Eng muhimi - ishlang, ishlang va yana ishlang. Chunki sizdan boshqa hech kim sizni himoya qilmaydi, boqmaydi va sizning mamlakatingiz sizdan boshqa hech kimga kerak emas” deya javob bergan ekan.
Shu maʼnoda, bugungi oʻzgarishlar davrini xalqimiz uzoq yillar davomida kutdi va bu davr mamlakat tarixida milliy uygʻonish davri sifatida muhrlanyapti.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring