Taragʻay gʻoriga sayohat

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Chiroqchi tumanining Taragʻay qishlogʻi Hisor togʻ tizmalari bagʻrida, dengiz sathidan bir yarim ming metr balandlikda joylashgan. Toʻrt tomondan baland togʻ qoyalari bilan oʻralgan bu goʻshaning soʻlim tabiati kishini oʻziga maftun etadi. Qishloqning “Taragʻay” deya atalishi bejiz emas. Rivoyatlarga koʻra, Amir Temurning padari buzrukvori Taragʻay bahodir shu joyda tugʻilgan. Sohibqironning bolaligi ham shu yerlarda kechgan. Qishloqda Amir Temur va temuriylar hayoti, faoliyati bilan bogʻliq manzillar koʻp. Ulardan eng asosiysi Taragʻay togʻlaridagi “Dunyotepa”, “Farmontosh” yodgorliklari hamda Amir Temur gʻoridir. Qishloqdan togʻ choʻqqisiga qarab, Amir Temur gʻori sari borarkansiz, dastlab “Dunyotepa”ga duch kelasiz.
— “Dunyotepa” Amir Temur davlatida muhim harbiy-strategik manzil boʻlgan, — deydi qishloq faollaridan biri Mahmadiyor Nurmatov. — Askarlar bu yerdan yon-atrofni kuzatib turgan. Chunki ushbu tepalikdan atrofdagi manzillar kaftdek koʻrinib turadi.
Tepalikdan uzoqlarga nazar tashladik. Ancha naridagi soylik uzra choʻzilib yotgan “Qalqama” suv omboridan tortib, oʻn besh-yigirma chaqirim uzoqlikdagi qishloqlar ham aniq koʻrinib turibdi. Buni koʻrib buyuk bobokalonimizning bu joyni bekorga tanlamaganligi, topqirligi, harbiy mahoratiga tan berdik. Shu yerda “Amir Temur va ikki olim” haykali ham bor. Bu haykallar 1996-yilda mahalliy aholi yordamida pastlikdagi soydan tuproq, shagʻal olib chiqib yasalgan. “Dunyotepa”dan sal balandroqda aholi “Farmontosh” deb ataydigan yana bir yodgorlik bor. Amir Temur bolaligida tengdoshlari bilan shu yerda oʻynar, katta xarsang toshning ustiga chiqib, qolganlarga farmon berishni yaxshi koʻrarkan. Bu tarixiy manbalarda ham mavjud. Chunki keyinchalik ushbu toshni fransuz sayyohlari xarita orqali qidirib topib, qishloq ahliga koʻrsatgan. Shundan buyon ushbu tosh “Farmontosh” deb ataladi.
Biz “Farmontosh”dan ham oʻtib, gʻor sari odimlaymiz. Yoʻlning qolgan qismida shu qishloqlik Javohir ismli yigit bizga hamrohlik qildi. Qancha qoyatoshlarga tirmashib, tubi koʻrinmaydigan jarliklarning labidagi ilonizi soʻqmoqlardan yurak hovuchlab gʻorga yetib keldik. Baland qoya ustidagi gʻorni bildiradigan yodgorlikka koʻzimiz tushdi-yu, oʻzimizni yerga tashladik. Biroz dam olgach, gʻor ogʻzi joylashgan tepalikka tirmashib chiqdik. Ammo bu hali gʻorning oʻzi emas ekan.
— Bu gʻorning ayvoni, — deydi Javohir. — Gʻorga borish uchun shu yerdan qoyaning narigi tomoniga oʻtishimiz kerak. Keyin yana biroz pastga tushiladi.
Kichik gʻor taxminan 10-15 metr uzunlikdagi tuynuk ekan. U orqali qoyaning narigi tomoniga oʻtib oldik. Yana uch-toʻrt metr balandlikdan pastga tushishimizga toʻgʻri keldi. Chunki gʻorning ogʻziga borish uchun baland qoyaning qirralariga osilib pastga tushish kerak. Salgina qaltis harakat qilsangiz, tubsiz jarlik tomon qulashingiz hech gapmas. “Fonar”larni yoqib, kichik tuynukdan ichkariga kirdik. Gʻor ogʻzi juda tor, undan oʻtib olgach, uch-toʻrt metrga emaklab yurdik. Keyin gʻor ichi birdan kengaya boshladi. Chamasi qirq-ellik metrlar yurganimizdan soʻng pastga qarab borayotganimizni his qildik. Havo juda nam, nafas olish qiyin, oyogʻimiz tagi loy va sirpanchiq. Yana biroz yurganimizdan soʻng bir nechta tuynuklarga duch keldik. Javohir shu yerdan ortga qaytishni taklif qildi. Gʻorning qolgan qismi juda tor va pastga qarab yurish xavfli ekan.
— Shu uch tuynukning birinchisidan borsangiz Keshdan, ikkinchisidan borsangiz Samarqanddagi Shohi zindadan chiqasiz, — deydi u. — Uchinchisining oxiri yoʻq, yaʼni borsa kelmas. Albatta, bu rivoyat, lekin gʻorning oxiri qayerdaligini hech kim bilmaydi.
Gʻordan chiqib ortga qaytarkanmiz, yoʻl qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, bu yerni koʻrish uchun kelayotgan odamlar koʻpligidan xursand boʻldik. Ularning orasida talabalar, turli korxona va tashkilotlar jamoalari, hatto oilaviy kelganlar ham bor. Fransiyalik bir guruh sayyohlar har yili Taragʻayga kelib, mehmon boʻlib ketishadi. Agar qishloqda turizm infratuzilmasi yaxshilanib, zarur shart-sharoitlar yaratilsa, togʻ qiyasidagi xavfli soʻqmoq yoʻllar biroz kengaytirilib, oson yurish imkoni boʻlsa, bu yerlar ham sayyohlar gavjum hududga aylanadi.
Aslida ham xuddi shu maqsadda Taragʻay qishlogʻiga 2021-yilda “turizm qishlogʻi” maqomi berilgan. Hududga xorijlik va mahalliy turistlarning oqimini koʻpaytirish uchun bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi reja qilingandi. Oʻtgan davrda bir qancha ishlar qilindi. Lekin bu hali yetarli emas. Ayniqsa, uy mehmonxonalari, xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq muammolar hamon dolzarbligiga Taragʻay gʻoriga qilgan ikki kunlik safarimiz davomida yana bir bor amin boʻldik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring