Taqdirin qoʻl bilan yaratur inson

14:57 25 Dekabr 2024 Jamiyat
159 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bugun dunyoning har bir qarich yerida inson ongu tafakkuri, ayniqsa, hali dunyoqarashi toʻliq shakllanib ulgurmagan yangi avlod qalbini egallash maqsadida keskin kurash ketayotgani ayni haqiqatdir. Bu kurash birda ochiq-oshkora, yovuzlik niqobini kiygan boʻlsa, baʼzan yumshoq kuch vositasi, madaniy yoʻllar orqali amalga oshirilmoqda.

Bu haqida gap ketganda, global tarmoq, internet olami xurujlarini esga olmaslik aslo mumkin emas. Afsuski, jahon hamjamiyatining integratsiyasi ehtiyoji tobora ortib borayotgan hozirgi globallashuv davrida, agar toʻgʻri foydalanilsa, ijtimoiy tarmoq bilimlar xazinasi. Aks holda...

Virtual olamning shunday salbiy jihatlarini inobatga olib, Fransiya, Italiya, Kipr kabi bir qator davlatlarda bogʻcha, maktab, kollejlarda uyali telefonlardan foydalanish taqiqlab qoʻyilgan. Yaponiyada poyezd kupesida telefondan foydalanish madaniyatsizlik belgisi hisoblanadi. Buyuk Britaniyada olimlar asab tizimi endi rivojlanayotgan bolalar uchun mobil telefon zararli degan xulosaga keldi. Ispaniyalik olimlarning taʼkidlashicha, mobil aloqa vositasidan atigi ikki daqiqa foydalanishdan keyingi ikki soat davomida bola miyasining bioelektrik faolligi susayishini kuzatish mumkin. Bu ularga oʻqish, yangi bilimlarni oʻzlashtirish, jismonan va maʼnan barkamol boʻlib ulgʻayishida katta zarar yetkazadi.

Yashirishga ne hojat, bugun yosh onalar uchun bolani ovuntirishda telefon eng qulay vositaga aylangan boʻlsa, bolalar tengdoshlari oʻrtasida zamonaviy va qimmat telefonlari, planshet, noutbuk, kompyuteri bilan maqtanishga odatlandi. Jamoat maskanlarida quloqchin taqib, ajnabiy qoʻshiqlar ohangiga mahliyo boʻlgan yigit-qizlar harakatlanish qoidalari, odobini butkul unutmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi nooʻrin xatti-harakatlar, tanishuvlar tufayli chuv tushib qolish, turli jinoiy guruhlar qarmogʻiga ilinish, yosh oilalarning ajrimi koʻp kuzatilmoqda. Yoshlarning kundalik hayoti, maʼnaviyati, faolligi bilan bogʻliq nuqsonlar yanada achinarlidir.

— Oʻquvchilik yillarini bemaza odatlar bilan behuda oʻtkazib, oʻz vaqtida bilim va hunar egallamay, keyin pushaymon boʻlayotgan shogirdlarimizning aksariyati kechirim soʻrab keladi, — deydi Fargʻona shahridagi umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Nargiza Haydarova. — Ayni paytda oʻqiyotgan oʻquvchilarimizga yoʻqotilayotgan oltinga teng vaqti, ramziy maʼnoda, uxlayotgan baxtini yuqorida aytgan aka-opalari misolida tushuntirishga harakat qilamiz.

Fargʻona viloyati IIB hamda Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga koʻra, yaqinda viloyat IIBda Kiberxavfsizlik laboratoriyasi tashkil etildi. Laboratoriya faoliyatiga masʼul xodimlar, eng iqtidorli talabalar jalb etilib, axborot texnologiyalari sohasida tizimli ishlash yoʻlga qoʻyildi.

— Bu yerda kiberjinoyatlarning yangi turlari va shakllari, kiberjinoyatlarning koʻrinishi, amalga oshirish tartibi va undan himoyalanish choralari toʻgʻrisida videoroliklar, fleshbomlar tayyorlash, aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida turli aksiyalar, targʻibot ishlari olib boriladi, — deydi Fargʻona viloyati IIB Kiberxavfsizlik laboratoriyasi boshligʻi Komronbek Qurbonov. — Shu bilan birga, soha ehtiyoji uchun AKT, raqamli iqtisodiyot, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik, texnik vositalar va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish sohasida tadqiqotlar amalga oshiriladi.

Aytish joiz, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, raqobatbardosh mahsulot va xizmatlar koʻrsatish koʻlamini oshirish, innovatsion Start Up loyihalarini hayotga tatbiq etish borasida fargʻonalik yoshlar erishayotgan yutuqlar eʼtirofga loyiq.

— Bu yil viloyatda ushbu sohada faoliyat koʻrsatuvchi rezidentlar soni 100 taga yetib, yaratilgan ish oʻrinlari soni 1200 dan oshdi, — deydi IT Park Fargʻona filiali direktori Bahromjon Jalilov. — Natijada birgina joriy yilda eksportga yoʻnaltirilgan korxonalar soni ikki barobarga koʻpayib, hozirda ularning soni 20 dan ziyodni tashkil etmoqda.

2024-yil mobaynida AQSH, Yaponiya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiyaning sohaga ixtisoslashgan kompaniyalari vakillari viloyatga tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi. Hamkorlikda filiallar tashkil etish boʻyicha kelishib olindi.

Yaqinda boʻlib oʻtgan Prezident Tech Award tanlovida fargʻonalik yoshlar “Onlayn hamshira” loyihasi bilan faxrli birinchi oʻrinni egallab, ushbu innovatsion gʻoyani rivojlantirish uchun 100 ming dollar bilan ragʻbatlantirildi. Bunday yutuqlar salmoqli. Oʻz navbatida, viloyatda ITni rivojlantirish nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bu borada yakuniga yetib borayotgan yilda viloyatdagi oʻquv markazlari orqali 8 mingdan koʻproq yoshlarning bilim hamda amaliy koʻnikmalari oshirilishiga erishildi.

Alloma shoir Gʻafur Gʻulom aytganidek, “Taqdirin qoʻl bilan yaratur inson, gʻoyibdan kelajak baxt bir afsona...” Shunday ekan, hayoti, taqdiri va kelajagi hal boʻlayotgan muhim pallada yoshlar tanlovda adashmasligi zarur. Chunki bilim va tafakkur baxt va farogʻatga eltadi. Bilimsizlik – boshi berk koʻcha... Shuni unutmaylik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?