Tanzila Norboyeva BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi (COP-28) doirasidagi parlament yigʻilishida ishtirok etdi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi (COP-28) doirasidagi parlament yigʻilishida ishtirok etdi.
Unda 30 nafar parlamentlar spikerlari va parlamentlarning 500 nafar vakillari, shuningdek, 100 nafar butun dunyo boʻylab parlamentlar va xalqaro tashkilotlarning ekspertlari ishtirok etdi.
Parlamentlararo Ittifoq hamda BAA Federal Milliy Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda atrof muhit va iqlimning dolzarb muammolarini hal qilish, jumladan, uglerod neytralligi, barqaror energiyaga oʻtish va moslashish masalalaridagi saʼy-harakatlarni amalga oshirishda parlamentlar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda parlament muloqoti uchun inklyuziv platforma yaratish, parlament aʼzolarining iqlim oʻzgarishiga qarshi milliy va xalqaro miqyosda kechiktirib boʻlmaydigan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash, konvensiya ishtirokchilarining majburiyatlarini amaliy haqiqatga aylantirish masalalariga eʼtibor qaratildi, unda dunyo parlamentlari vakillari xalqaro hamkorlik va iqlim sohasidagi saʼy-harakatlar boʻyicha ilgʻor tajribalarni ilgari surdilar.
Oliy Majlis Senati Raisi oʻz nutqida iqlim oʻzgarishi Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning barcha davlatlari uchun salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini taʼkidlab oʻtdi.
Orol dengizining qurib qolishi va uning qurigan tubida 5,5 mln gektardan ortiq maydonda Orolboʻyi mintaqasida qator ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarayotgan shoʻrlangan “Orolqum” choʻli paydo boʻlishi bunga ishonchli misol boʻla olishini taʼkidladi, aynan shu bois BMT Bosh Assambleyasi Orol fojiasini hozirgi zamonning global ekologik muammosi sifatida tan olganiga ishtirokchilar eʼtiborini qaratdi.
Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish borasida Oʻzbekistonda olib borilayotgan saʼy-harakatlar, xususan, parlamentning faol ishtirokida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha koʻplab xalqaro hujjatlar, jumladan, Iqlim boʻyicha Parij kelishuvi ratifikatsiya qilingani aytib oʻtildi.
Oliy Majlis Senati Raisi ekologik muammolarning dolzarbligi hamjihatlik va parlamentlararo hamkorlikni yanada kuchaytirishni talab qilayotganini taʼkidlab, qator takliflarni ilgari surdi.
Xususan, Parlamentlararo ittifoq doirasida iqlim oʻzgarishi oqibatlariga qarshi kurashish va kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash uchun qabul qilingan rezolyutsiyalar, bayonotlar va boshqa hujjatlar ijrosini monitoring hamda tahlil qilishning doimiy mexanizmini yaratish masalasini oʻrganish zarurligi aytib oʻtildi.
Shuningdek, Parlamentlararo ittifoq tomonidan muvofiqlashtirish doirasida bolalar va xotin-qizlarni iqlim oʻzgarishi oqibatlaridan himoya qilish boʻyicha xalqaro hujjatni qabul qilish masalasini koʻrib chiqish lozimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda qonunchilik faoliyatini global iqlim maqsadlariga moslashtirish, hamkorlikni mustahkamlash va qonun chiqaruvchi organlarning ekologik muammolarni hal etishdagi rolini kuchaytirish, bundan tashqari, ushbu muhim global jarayonda parlament ishtirokining ahamiyatini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Tadbir yakunida iqlim bilan bogʻliq qonunchilikni ishlab chiqish, iqlim boʻyicha majburiyatlarni amalga oshirishda shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlash boʻyicha davomli, istiqbolli va dalillarga asoslangan monitoring va hisobot berish mexanizmlarini yaratish, “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishni moliyalashtirish boʻyicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalarini qamrab olgan parlamentlarning yakuniy hujjati qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring