Tanzila Narbayeva Buxoro viloyatining qator hududlarida amaliy tashrif bilan boʻldi

03:38 12 Aprel 2023 Siyosat
1215 0

Joriy yilning 10-11-aprel kunlari Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Buxoro viloyatining qator hududlari xususan, Buxoro shahri, Buxoro, Romitan va Olot tumanlarida amaliy tashrif bilan boʻldi.

U yerda mahalliy Kengash deputatlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar faollari, oqila ayollar, professor-oʻqituvchilar, talabalar bilan uchrashdi hamda oilaviy bolalar uyida voyaga yetayotgan oʻgʻil-qizlar holidan xabar oldi.

Dastlab Senat Raisi viloyat hokimligida mahalliy Kengash deputatlari, kotibiyat mudirlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari rahbarlari hamda faollar bilan uchrashdi. Ular bilan Senat va mahalliy Kengash faoliyatidagi hamkorlik masalalari, har bir qonun hujjatlarini hududlar manfaatlaridan kelib chiqqan holda koʻrib chiqish, aynan bu boradagi ishlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham qatʼiy belgilab qoʻyilayotgani, yangi tahrirda xalq muhokamasiga havola etilgan Konstitutsiyaga sezilgan ehtiyoj, uning ishlab chiqilishi jarayoni va viloyatda amalga oshirilgan islohotlar, yangilanish va rivojlanishlarda deputatlarning tutgan oʻrni yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot chogʻida yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini shakllantirishda umumxalq muhokamasi chogʻida 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushgani, uning qariyb 65 foizi yangilanayotgani, 190 ga yaqin davlatlar konstitutsiyalari puxta tahlil qilingani aytib oʻtildi.

Ayniqsa, Konstitutsiyaga normalar zamon talabiga mos ravishda kiritilgani, birgina soʻnggi yillarda respublikamizda amalga oshirilgan ochiqlik, majburiy mehnatga barham berish borasidagi islohotlarni Konstitutsiya bilan mustahkamlash maqsad qilingani alohida qayd etildi.

Oʻz navbatida, muloqot davomida soʻzga chiqqan deputatlar yangilanayotgan Konstitutsiyaning asosiy muallifi xalq boʻlayotgani, bildirilgan takliflar soʻzsiz inobatga olinganligini, Konstitutsiyada yoshlar, xotin-qizlar masalalari yuzasidan alohida normalar soni oshirilgani aytib oʻtildi.

Shundan soʻng T.Narbayeva Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida boʻlib, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, professor-oʻqituvchilar va talaba yoshlar bilan suhbatlashdi.

Uchrashuvda ishtirok etgan qariyb 500 nafar talaba yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi mazmun-mohiyati, unga kiritilayotgan normalarga sezilgan ehtiyoj haqida, barcha islohotlar bir maqsadga – har bir insonning ushbu yurtda erkin yashashi va barkamol rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilganini, Konstitutsiyani yangilash ehtiyoji ham aynan amalga oshirilgan oʻzgarishlardan kelib chiqqanligi alohida taʼkidlandi.

Oʻz navbatida, talaba yoshlar ham konstitutsiyaviy islohotlarda yoshlar huquq va manfaatlari aks etganidan mamnunliklarini hamda 30-aprel sanasida boʻlib oʻtadigan referendumda faol ishtirok etishlarini, unda oʻz kelajaklari uchun ovoz berishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Eng quvonarlisi, ushbu oliy taʼlim muassasasida xorijlik talabalar, professor-oʻqituvchilar ham soʻzga chiqib, Oʻzbekistondagi doʻstona muhit, tinchlik, ahillik, taʼlim olishga boʻlgan eʼtibor, xalqchil siyosat haqida oʻz fikrlarini bayon qildilar.

Senat Raisi Buxoro shahridagi 4-umumtaʼlim maktabida ham boʻldi. U yerda yaratilgan shart sharoitlar bilan tanishib, oʻqituvchilar, xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirayotgan, turli kasb-hunarlar oʻrgatilayotgan oʻquvchi bolalar bilan suhbatlashdi.

Shundan soʻng viloyatning Olot tumanidagi madaniyat markazida mahalla raislari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari, oqila ayollar va markaz xodimlari bilan uchrashib, dildan suhbatlashdi. Muloqot davomida xalqimiz oʻz hayotidan mamnun yashashlari uchun barcha ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani, mahallalarda yaratilayotgan shart-sharoitlar, bunda aholi vakillarining xohish istaklari inobatga olinayotganligi, xususan, ochiq byudjet tashabbusi orqali fuqarolarga havola etilgan tanlov imkoniyatlari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahallaga berilayotgan yangi vakolatlarga toʻxtalib oʻtildi.

Tashrif davomida Senat Raisi Buxoro va Romitan tumanlaridagi tadbirkorlik subyektlarining faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Ayniqsa, Buxoro tumanida joylashgan, xorijiy investitsiya mablagʻlari hisobiga bunyod etilgan zamonaviy issiqxona barchada ajoyib taassurot uygʻotdi. Mamlakatimizda tadbirkorlikka qaratayotgan eʼtibor, ularga berilayotgan yangidan yangi imkoniyatlar tadbirkorlarni yanada ruhlantirib, koʻproq mehnat qilishga undab, ishonchini yanada oshirayotganligi taʼkidlandi.

Qariyb 30 mln dollar investitsiya mablagʻlari hisobiga tashkil etilgan gidroponika usulidagi issiqxonada ham taʼlim, ham ilmiy izlanish va tadbirkorlik ishlari amalga oshirilayotgani barchaning eʼtiborini tortdi.

Taʼkidlanganidek, mazkur korxona Buxoro davlat universiteti bilan yoʻlga qoʻygan hamkorligi natijasida yuzlab talabalar, asosan, agranomiya yoʻnalishida tahsil olayotgan yosh yigit-qizlar oliygohda olgan nazariy bilimlarini ushbu korxonada amaliyot oʻtash orqali mustahkamlab bormoqda.

Issiqxonaning ustunlik jihati shundaki, bu yerda baliq, limon, pomidor, qulupnay, shuningdek, yaratilgan sunʼiy iqlim sharoiti tufayli banan va papaya mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Oʻz navbatida, Senat Raisi korxonalar faoliyati bilan tanishish jarayonida tadbirkorlar, ishchi xodimlar va talaba yoshlar bilan suhbatlashdi. Ularning kayfiyati, bugungi hayotimizda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar yuzasidan fikrlari tinglandi. Xodimlarga yaratilgan ijtimoiy mehnat shart-sharoitlari koʻzdan kechirildi. Suhbat jarayonida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlovchi qonunlar, normativ hujjatlar va Prezident farmon hamda qarorlari haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Ularga bu kabi imkoniyatlar yangilanayotgan Konstitutsiya normalari orqali ham mustahkamlab qoʻyilayotganligi, bu borada davlat oʻz zimmasiga yuksak masʼuliyat va burchlarni olayotganligi tushuntirildi.

Tashrif doirasida T.Narbayeva Buxoro shahridagi 2-sonli oilaviy bolalar uyida boʻlib, ularning shart-sharoiti bilan tanishdi. Farzandlar hech narsadan kam boʻlmay, ota-ona mehrini his etib voyaga yetishlarini taʼminlash maqsadida bolalar, ularning ota-onalari, Milliy gvardiya xodimlari bilan suhbatlashdi. Ularni oʻylantirayotgan muammolari, takliflari tinglandi.

Shuningdek, Senat Raisi sayilgohlar, kasb-hunarga oʻrgatuvchi markazlar hamda maktablar faoliyati bilan tanishdi. U yerda Prezidentimizning tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan yangi tizim, aholini kasbga oʻrgatish jarayonlari bilan tanishdi. Shu bilan birga aholi vakillari, mahalla ahli, yoshlarga ibrat boʻlayotgan nuroniy otaxonlar bilan suhbat jarayonida Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar, undan koʻzlangan maqsad, yangi normalarning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi. Tarixda ilk bor tashkil etilayotgan bunday tadbirda har bir fuqaro faol ishtirok etishi zarurligi, qanday boʻlishidan qatʼiy nazar oʻz munosabatini bildirishi lozimligi aytib oʻtildi.

Senat Raisining Buxoro viloyatiga safari Buxoro shahridagi zardoʻzlik markazi va muzeyiga tashrif bilan davom etdi. Bu yerda “Tadbirkor ayollar klubi” aʼzolari bilan uchrashuv tashkil qilindi.

Markaziy Osiyoda yagona sanalgan ushbu oʻziga xos zardoʻzlik majmuasida bugun ishlar qizgʻin olib borilmoqda. Mahsulotlar mahalliy bozorlarga yetkazib berilishi bilan birga, xorijiy mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda.

Muloqot chogʻida T.Narbayeva davlat rahbarining tashabbusi bilan respublikamizda xotin-qizlar tadbirkorligi qoʻllab-quvvatlanayotganligiga, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham yoshlar, xotin-qizlar huquqlarini mustahkamlash borasida yangi normalar kiritilganligiga toʻxtaldi.

Tashrif doirasida Senat Raisi Vobkent tumanidagi Shirin mahallasida boʻlib, bu yerda mahalla raisi, aholi vakillari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faollari bilan suhbatlashdi. Shuningdek, mahalladagi aholi xonadonida tashkil etilgan turistik markaz faoliyati bilan tanishdi.

Shu bilan Senat Raisining Buxoro viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?