Taʼlimga kiritilgan sarmoya kelajakka sarmoyadir

16:14 20 May 2025 Jamiyat
158 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Yaqin tarixga bir nazar tashlasak, Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan kezlari amalga oshirgan dastlabki xayrli ishlaridan biri umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻqish muddatini 11 yil etib belgilagani boʻldi. Bu ota­-onalar tomonidan eng toʻgʻri va oʻz vaqtida qabul qilingan qaror sifatida eʼtirof etildi. Chunki farzandlarimiz taʼlimi va tarbiyasida juda katta eʼtibor, kerak boʻlsa, nazorat talab qilinadigan vaqtda kasb­-hunar kollejlariga yuborishni lozim topdik. Natijada, biz ularga yaxshi bilim berishni ham, hunar oʻrgatishni ham uddalay olmadik. Oʻtgan yillar davomida yoshlarning taʼlim­-tarbiya olishiga keng imkoniyat yaratib berishga xizmat qiladigan Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Joriy yilning 15-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koʻtarilgan masalalar ham jamoatchilikni sergaklantirdi.

— Mazkur muloqotda pedagog-kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, taʼlim jarayonini takomillashtirish, oʻquvchilarning bilim olishga boʻlgan qiziqishini kuchaytirish, taʼlim tizimidagi byurokratik toʻsiqlar, taʼlim-tarbiya jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan muammolar chuqur tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berilgani ayni muddao boʻldi, — deydi Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Husniddin Mamadiyev. — Ayniqsa, tizim rahbarlarini boshqa yoʻnalishlardagi yigʻilishlardan ozod etish biz uchun katta imkoniyat va ulkan ishonch. Endi barcha kuch va eʼtibor faqat taʼlim sifatini oshirishga qaratiladi. Ajratilayotgan mablagʻlar, yaratilayotgan sharoitlar, ustamalar barchasi muallimga boʻlgan yuksak munosabatning ifodasidir. Biz bu eʼtiborni chuqur his qilamiz va natija bilan javob qaytaramiz. Farzandlarimiz uchun yanada kuchliroq, zamonaviyroq, samaraliroq taʼlim muhitini yaratish bundan keyin ham eng asosiy vazifamiz boʻlib qoladi.

Ayni paytda 559,9 ming nafar oʻgʻil-qiz viloyatdagi mavjud 995 ta umumtaʼlim maktabida taʼlim-tarbiya olmoqda. Keyingi yillarda maktablarni yangi oʻquv yili uchun hozirlashga oʻta muhim masala sifatida qaralmoqda. Buning uchun maktablarga yetarli mablagʻ ajratilib, taʼlim dargohlari zarur qurilish materiallari bilan taʼminlanmoqda. Jumladan, 2023-yilda viloyatdagi taʼmirga muhtoj maktablarni yangi oʻquv yiliga tayyorlash uchun 11 milliard 195 million soʻm mablagʻ ajratilib, yetti turdagi qurilish materiallari bilan taʼminlandi. Oʻtgan yilda taʼmirga muhtoj va mablagʻ talab etiladigan 862 ta maktab uchun mahalliy byudjetdan yana 6 milliard 517 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, besh turdagi qurilish materiali xarid qilindi. Maktablar moddiy texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy uskuna va jihozlar bilan taʼminlanmoqda.

Surxondaryoda taʼlim tizimidagi islohotlarning samarasini hududdan yetishib chiqayotgan iqtidorli yoshlarning yutuqlarida ham koʻrish mumkin. Masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Gulruxsorabegim Abdusaidovaning ilm-fan sohasidagi yutuqlari, Termiz tumani 16-sonli aniq fanlar chuqurlashtirib oʻqitiladigan umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Javohir Rustamovning beshta fandan yuqori darajali milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritishi, Angor tumani “Nurli maskan” maktabining 11-sinf oʻquvchisi Ziyodulla Eraliyevning asosiy olimpiadaning Respublika bosqichida matematika fani boʻyicha 1-oʻrinni egallashi tahsinga sazovordir. Yana koʻplab iqtidorli yoshlar ulkan yutuqlarini qoʻlga kiritmoqda. Ammo viloyatdagi barcha maktablarda uzoq yillardan buyon yechimini kutayotgan muammolar ham yetarlicha.

Oʻquvchilarni maktabdan bezdirayotgan “yigʻdi-yigʻdi”lar...

Buni yashirishning, koʻz yumishning hojati yoʻq. Maktab boshlanishi bilan hali sinf fondi, hali parda, hali farrosh... Yil oxirida maktab taʼmiri uchun yigʻiladigan pul. Bu mablagʻlarni oʻquvchidan talab qilish noqonuniy hisoblansa-da, farzandiga oʻqituvchining munosabati oʻzgarishidan choʻchiydigan ota-onalar ushbu asossiz toʻlovga rozi boʻlishadi. Maktablardagi direktordan boshlab oʻqituvchilar va ota-onalar qoʻmitasi orqali yigʻiladigan pul yigʻimlari — poraxoʻrlik, oʻgʻrilikdan battar illat. Aslida maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan pul ajratilishi hammaga maʼlum.

Uzun tumanidagi 27-maktabda sodir boʻlgan voqea taʼlim tizimidagi noqonuniy yigʻimlarga yana bir misol boʻladi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari har bir sinfxonani suratlar va shiorlar bilan bezash uchun sinf rahbarlaridan 450 ming soʻm pul talab qiladi. Bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlib, direktor oʻrinbosari haqoratlar va tanqidlar ostida qolgandi. Yuqori tashkilotlar tomonidan taʼlim muassasalarida taʼmirlash, turli tadbirlar va bayramlar uchun pul yigʻish qatʼiyan man etilishi bod-bod taʼkidlanayotgan boʻlsada, Termiz shahridagi 23-maktabda sinfxonalarni taʼmirlash uchun ixtiyoriy yaʼni, homiylik niqobi ostida ota-onalardan pul talab qilinayotganidan shikoyatlar ham uchrab turibdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 961-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq, xalq taʼlimi muassasalari bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, joriy va mukammal taʼmirlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish vazirlikning asosiy vazifalari va funksiyalari sifatida koʻrsatilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir” deyilgan. Oʻquvchilarni maktab taʼmiri uchun pul yigʻishi toʻgʻrimi? Bu illat qachon barham topadi?

Muzrabot tumanidagi salkam 1 ming 500 nafar oʻquvchi tahsil oladigan, 150 nafar ishchi xodim mehnat qilayotgan 8-maktabda ichimlik suvi muammosi uzoq yillardan beri ogʻriqli nuqtalardan biri boʻlib kelmoqda. Masʼul mutasaddilar, deputatlar, mahalla faollari bu muammoni oʻrganib ketaveradi. Ammo amaliy ishdan darak yoʻq. Shuningdek, 44-maktabdagi rahbariyat va xodimlar oʻrtasidagi nosogʻlom muhit ham taʼlim-tarbiya ishlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani achinarlidir. Atoqli adib Abdulla Qahhor: «Mikrob qanchalik xavfli boʻlsa, uni shunchalik kattalashtirib koʻrsatadigan zarrabin zarur» degan edi. Maktabda madaniyat bilan bir-birilariga muomala qiladigan hamkasblar, pedagogika va psixologiya, metodikadan xabardor rahbarlar, bolalarga muhabbati bor oʻqituvchilar qayerga gʻoyib boʻldi?

Bir qismi savodli, bir qismi savodsiz

Angor tumani “Sharq guli” mahallasida yashovchi Dilnoza Gʻaniyeva maktabgacha taʼlim yoʻnalishida magistratura darajasini olgan. Qolaversa, toʻrt yillik ish tajribasiga ega. Biroq u uzoq vaqtdan beri ish topolmasdan sarson.

— Ikki yil oldin pedagoglarga toifa berish tizimi shaffof, raqamlashgan platformaga oʻtkazilgani haqiqiy ahvolni koʻrsatdi, — deydi Termiz shahridagi 24-maktab direktori Ixtiyor Ziyodov. — Oʻqituvchilarni ishga qabul qilishda ham shunday tizimga oʻtish vaqti keldi. Bugun yetarli malakaga ega boʻlmagan, sayoz bilimli bitiruvchilar ishga qabul qilinmoqda. Bir qismi savodli, bir qismi savodsiz. Hatto, mutaxassisligi boʻlmaganlar ham tanish-bilishchilik orqali oʻziga yot fanlardan dars oʻtmoqda.

Oʻquvchilarning zamonaviy smartfonlardan foydalanishlari bilan har qancha kurashilayotganiga qaramay, ota-onalarning qaysarliklari davom etmoqda. Smartfonlar bola ongiga, dars mashgʻulotlarini oʻzlashtirishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Qolaversa, qoʻldagi internet oʻquvchilarni dangasa, qoʻpol qilib aytganda, tekinxoʻr, bilimsiz qilib qoʻymoqda. Qoʻshimcha adabiyotlardan izlanish unutildi. Ushbu masalada qonunchilik bilan yosh chegarasini qatʼiy belgilash lozim. Xalqaro tajribaga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Finlyandiya, Xitoy, hatto qoʻshni Qozogʻiston ham oʻquvchilarning telefon tutishidan voz kechilgan.

Har bir bolada bir daho yashirin

Oʻquv yili oxirida surxondaryolik baʼzi ota-onalarni yana bir muammo qiynaydi. Birgina Termiz shahrida oʻnga yaqin, yana har bir tumanlarda rus tili sinflari bor. Ularda tahsil olayotgan oʻquvchilarning aksariyati maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ham rus guruhlarda tarbiyalangan. Xullas, ular oʻrta maktabni tamomlagach, oliy taʼlimni ham rus tilida davom ettiradi. Ayrim ota-onalar oʻz farzandini texnikum, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejlarida oʻqishlarini istaydi. Biroq, viloyatdagi mavjud 20 ta texnikum, 4 ta akademik litsey, 11 ta kasb-hunar kolleji, 29 ta kasb-hunar maktabining birortasida rus tili sinflari mavjud emas.

— Bu yil farzandim 9-sinfni tamomlayapti, — deydi Termiz shahrida yashovchi Nigora Valiqulova. — Qizimni akademik litseyda oʻqitishni xohlayman. Chunki, u yerda tanlangan fanlar chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi. Umumtaʼlim maktabida bunday tanlov yoʻq. Viloyatimiz boʻyicha birorta ham rus tilidagi litsey yoki kollej topilmaydi. Maktab taʼlimi bilan bir paytda qoʻshimcha repetitor yollashga majburmiz. Oʻsha paytda farzandimizni oʻzbek sinfiga oʻqitmaganimizdan afsusdaman.

Maktabdagi har oʻquvchining oʻziga xos iqtidori boʻladi. Uning kim boʻlib voyaga yetishi esa kattalarning munosabati, tarbiyasi mahsulidir. Bunga faqatgina taʼlim sohasi emas, ota-onalar, mahalla faollari, butun jamiyat masʼuldir. Chunki maktab mamlakat kelajagining zamini. Har bir bolaga sifatli taʼlim-tarbiya berish, ularning qoʻllab-quvvatlash, iqtidor va qobiliyatini yuzaga chiqarish uchun sharoit yaratib berish har birimizning burchimizdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер