“Talimarjon IES”ga 1038 kVt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatildi

19:08 14 Aprel 2023 Iqtisodiyot
1070 0

Foto: Xalq so'zi

Mamlakatimizda energiya tejamkorligiga erishish, qayta tiklanuvchi, muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha tegishli davlat dasturlari qabul qilinib, shu asosda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada ishlab chiqarish majmualari, korxona va tashkilotlar binolari, aholi xonadonlarida muqobil energiyadan foydalanish ko‘lami ortib borayapti.

Buni Nishon tumanida joylashgan “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati misolida ham ko‘rish mumkin. 

– Stansiyamiz hududiga 2020-2022 yillar davomida turli dasturlar doirasida 9 dona quyosh fotoelektr stansiyalari montaj qilindi, - deydi “Talimarjon IES” AJ bosh direktori Olim Yusupov. – Bundan tashqari, stansiya hududidagi ma’muriy binolarni yoritish, suv nasoslari va boshqa texnik qurilmalarni ishlatishda turli energiya tejovchi qurilmalardan foydalanishga ham asosiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan vaqt mobaynida “Talimarjon IES” AJda quyosh fotoelektr stansiyalari, chastota o‘zgartiruvchi qurilmalar, harakat datchiklari va avtonom quyosh yoritgichlarini o‘rnatish hisobiga 321478 kVt/soat elektr energiyasi tejab qolindi. Bu 34 ming 88 kub metr tabiiy gaz yoki 121,99 million so‘m mablag‘ iqtisod qilindi deganidir.

Foto: Xalq so'zi

Ayni kunlarda esa stansiya hududiga 1038 kVt quvvatli yana bir yirik quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatildi. U yiliga 1 million 950 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Provardida korxonada har yili 206 ming 767 kub metr tabiiy gazni saqlab qolish evaziga 684,06 million so‘m mablag‘ iqtisod qilinadi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?