Taʼlim sifatini oshirish — eng dolzarb masala

14:54 16 Yanvar 2023 Jamiyat
910 0

Ming yillik davlatchilik tarixiga ega boʻlgan ona zaminimizning har bir davrida jamiyat taraqqiyoti bilim va maʼrifat bilan bogʻlanganligi buyuk allomalarimizning qoldirgan ilmiy-maʼrifiy merosi orqali barchamizga maʼlum. Ayniqsa, islohotlarni jamiyatimizning salmoqli qatlami boʻlgan yoshlarning orzu-intilishlari, taʼlim-tarbiyasi, kelajagi hamda global texnologik jarayonlarni hisobga olgan holda taʼlim tizimida oʻtkazilayotganligi albatta vaqti kelib kutilgan samarani beradi.

Oʻtgan yilning 29-dekabr kuni mamlakatimiz rahbari taʼlim sohasi mutasaddilari hamda faol oʻqituvchilar bilan muloqot oʻtkazib, bugungi globallashuv davrida ertangi kunimiz egalari boʻlgan barkamol avlodni voyaga yetkazishda taʼlimning oʻrni va ahamiyati naqadar yuksak ekanligi taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida oʻqitish metodikasini takomillashtirish kabi muhim vazifalar belgilangan edi.

Shunga muvofiq, oʻtgan uch yil davomida darsliklarni yangilash boʻyicha bir qator samarali ishlar olib borildi. Maxsus ishchi guruh tomonidan ilgʻor xorijiy metodikalar asosida 1-4-sinf kitoblari yangidan tayyorlandi. Mazkur darsliklarning XXI asr kishisi uchun eng zarur boʻlgan “4K” koʻnikmasi boʻyicha ishlab chiqilgan (kritik fikrlash, kreativlik, kollaboratsiya, kommunikatsiya)ligi tahsinga sazovordir.

Mazkur koʻnikmalar oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantiradi. Boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun ishlab chiqilgan mazkur darsliklarning oʻziga xos jihatlari shundan iboratki, ularni tayyorlashda PISA, PIRLS, TIMSS, EGMA, EGRA kabi xalqaro dasturlardagi namunaviy vazifalar asos qilib olingan. Darslik bilan birga mashgʻulot daftarlari, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar ham chop etilgan.

Shuningdek, bu tizimga Estudy elektron taʼlim platformasi integratsiya qilingan. Undan oʻquvchilar dars paytida ham, darsdan boʻsh vaqtda ham foydalanishlari mumkin. Bu esa ularning oʻz bilimlarini yanada mustahkamlashga imkon yaratadi. Shu bilan birga, uchrashuvda yaratilgan mazkur darsliklarni farzandlarimizga yetkazuvchi shaxs, albatta muallim ekanligi, shu bois muallimning obroʻsini koʻtarish haqida takror-takror fikr yuritilganligi bejiz emas.

Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga qilgan Murojaatnomasida maktablarda darslar mavjud 22 ta fan boʻyicha olib borilayotganligi, bundan buyogʻiga esa yoshlarga kreativ sohalarda dars berish lozimligi aytib oʻtildi. Tizimni isloh qilish barobarida fanlarni ham, dars soatlarini ham koʻrib chiqishimiz kerakligi taʼkidlandi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz taʼlim tizimida, jumladan, oliy taʼlimda amalga oshirilgan islohotlar natijasida yuz bergan oʻzgarishlar ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va maʼnaviy jihatdan katta tarixiy ahamiyatga ega boʻldi. Bu borada qator meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi.

Yana bir jihat, bugun taʼlim sifatini oʻquvchining oʻzi talab etmoqda.

Fargʻona davlat universitetida ham soʻnggi yillarda taʼlim sifati hamda talabalarni munosib taʼlim olishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, taʼlim kredit-modul tizimi asosida olib borilmoqda. Professor-oʻqituvchilarga bugungi kun talabalaridan kelib chiqqan holda talabalarga bilim berish vazifasi qoʻyilmoqda. Oʻquv rejalari takomillashtirilib, ish beruvchi korxona, tashkilot va muassasalarning talabalari asosidagi tanlov fanlari bilan boyitilmoqda. Oliy taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, jamiyatga sifatli kadrlarni tayyorlash asosiy masala sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Talaba-yoshlar dastlabki kursdan ilm-fan va toʻgaraklarga yoʻnaltirilmoqda.

Soʻnggi yillarda oilali va farzandli talaba qizlarning taʼlim olishi uchun ularga qulaylik yaratish maqsadida ona va bola xonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish masalasiga ijodiy yondashgan holda maktabgacha va boshlangʻich taʼlim fakulteti qoshida “Bolajon” innovatsion markazi tashkil etildi.

Ushbu markaz nafaqat fakultetimizning oilali talabalariga, balki butun universitetning jamoasiga bepul xizmat qilib kelmoqda. Innovatsion markazda bogʻcha tarbiyachisi ham mavjud, u bolalarni har tomonlama rivojlantirish maqsadida qisqa muddatli guruhlarda “Ilk qadam” davlat dasturi asosida faoliyat olib bormoqda.

Mazkur innovatsion bogʻcha universitetimiz talaba qizlarining, magistrlarning, xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini yanada oshirish, ularning mavqeini yuksaltirish, huquqlarini har tomonlama himoyalash, salomatliklarini muhofaza qilish, intilish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, hayotda oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishi uchun zarur ijtimoiy, siyosiy-iqtisodiy, munosib mehnat va yashash shart-sharoitlarni yaratish masalasining yechimlaridan biri boʻldi, desak, ayni haqiqat.

Begzodjon BAYJANOV,

Fargʻona davlat universitetining

Maktabgacha va boshlangʻich taʼlim fakulteti dekani.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?