Taʼlim rivojini belgilab bergan muhim dasturilamal

11:55 08 Yanvar 2021 Jamiyat
997 0

Prezidentimizning 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida mamlakatimizda taʼlim tizimini isloh qilishning istiqboldagi rejalari belgilab berildi.

Taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlishi lozimligiga alohida urgʻu bergan holda, oliy taʼlim tizimida quyidagi masalalarga eʼtibor qaratildi.

Birinchi masala — oliy taʼlimning qamrovi va sifatini oshirish.

Maʼlumki, hozirda qabul kvotalari 2016-yilga nisbatan 2,5 barobarga oʻsib, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 25 foizga yetkazildi. Yaponiya, Kanada, Fransiya, Shvetsiya, AQSH davlatlarida, Buyuk Britaniya, Italiya, Koreya Respublikasida deyarli barcha bitiruvchilarni oliy taʼlimga qamrab olinganligini koʻrish mumkin.

Bu boradagi ishlarni tizimli davom ettirish bilan bir qatorda, oliy taʼlimni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, bunda talabalarda “soft skills” koʻnikmalarini shakllantirish va uni doimiy rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Ikkinchi masala — davlat grantlari sonini 25 foizga oshirish va bunda qizlar uchun grantlar sonini 2 barobarga koʻpaytirib, 2 mingtaga yetkazish.

Mazkur yangilik nafaqat yoshlarimizning taʼlim bilan qamrovi darajasini oshirish, balki gender tengligini taʼminlagan holda, intiluvchan, zehni oʻtkir qizlarimizga taʼlim olish imkoniyati yaratiladi. Ayol kishining bilimli boʻlishi farzandlarning taʼlim-tarbiyasi, jismoniy va maʼnaviy kamolligiga katta taʼsir oʻtkazadi.

Shuni toʻgʻri anglagan holda, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada kabi mamlakatlarda ayollar uchun grant dasturlari tashkil etishga alohida eʼtibor qaratiladi. Ushbu grantlar nafaqat bilim olish uchun imkon yaratish, balki keyinchalik jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlishga koʻmaklashishga yoʻnaltiriladi.

Bundan tashqari, ushbu yangilik davlatimizning ijtimoiy sohadagi izchil v uzoqni koʻzlangan ijtimoiy himoyani taʼminlashga qaratilgan siyosatidan darak beradi.

Uchinchi masala — oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida raqobatni shakllantirish. 

Bu orqali universitetlarda taʼlim tizimini rivojlantirish, talabalarni jalb etish maqsadida yangiliklarni joriy etish imkoniyati yaratiladi.

Toʻrtinchi masala — oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimining uzviyligini taʼminlash.

Shaxsning yetuk mutaxassis boʻlib yetishishida oliy taʼlim tizimini isloh etishning oʻzigina yetarli emasligini hayotimizning oʻzi koʻrsatib turibdi. Shu maqsadda, bir qator akademik litseylar oliy oʻquv yurtlariga oʻtkaziladi. Texnikumlar esa amaliy tayyorgarlik darajasini oshirish maqsadida turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktiriladi. Bu esa “oʻrta maxsus taʼlim – oliy taʼlim – ishlab chiqarish” oʻrtasida tizimli integratsiyani yaratilishiga xizmat qiladi.

Beshinchi masala — “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurtlariga yuboriladigan yoshlar sonini 5 barobarga oshirish.

Zamonaviy dunyomiz global muammolarni faqatgina birlashib, bilim va tajriba almashibgina hal etishimiz mumkinligini koʻrsatdi. Shundan kelib chiqib, nufuzli xorijiy oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish, ulardan olingan bilimlarni mamlakatimiz ravnaqi uchun qoʻllashga alohida eʼtibor qaratildi.

Oltinchi masala — ilm-fan va innovatsiyalarga alohida eʼtibor qaratish. Ushbu sohada oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida doktorantlar sonini oshirish, bunda davlat buyurtmasi uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratish, shuningdek oliy taʼlim muassasalarining ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berishda mustaqilligini taʼminlash rejalashtirilgan.

Xulosa qilib aytganda, taʼlim tizimining jadal rivojlanishi mamlakatning iqtisodiy barqarorligini oshirish, tinch-totuvligini taʼminlash, jahon hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega boʻlishga xizmat qiladi.

Nodirbek SALAYEV,
TDYUU prorektori, 
yuridik fanlar doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?