Tadqiqot ishi SHHT Samarqand sammitiga bagʻishlandi

13:10 15 Sentyabr 2022 Jamiyat
784 0

Foto: Xalq so‘zi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professorlari, taniqli olimlar - Rustam Xolmurodov hamda Erkin Musurmonov 2022-yilda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Samarqand sammiti munosabati bilan ajoyib tadqiqot ishiga qoʻl urishdi. Olimlarning tadqiqotlari natijasida sohada oʻrganilmagan ilmiy yangilik sifatida “Buyuk ipak yoʻli madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi” (Xitoy) monografiyasi nashrdan chiqdi.

Barchamizga maʼlumki, Buyuk ipak yoʻlida joylashgan davlatlar — Oʻzbekiston, Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Tojikiston hamda Qirgʻiz respublikasi rahbarlari tashabbusi bilan Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilgandi. Uning maqsad va vazifalari shu mintaqada yashaydigan xalqlar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy muloqotni kuchaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, hamkorlikda terrorizm va giyohvandlikka qarshi kurashishdan iboratdir.

Qadimiy tamadduni, yirik shaharlari va meʼmoriy yodgorliklari bor boʻlgan mamlakatlar Buyuk ipak yoʻlining yaralishida muhim oʻrin tutgan, uning harakat xaritasini belgilab bergan. Bu hududlardagi binokorlik oʻzicha, stixiyali tarzda emas, balki maʼlum xalqlarning muayyan badiiy, madaniy-falsafiy qarashlari zamirida maydonga kelgan, har bir obida xalqning dunyoqarashi va mentalitetini moddiy tarzda aks ettirgan. Mazkur tadqiqotda ilk marta ulkan yoʻlning boshida turgan Xitoy madaniyati, miflari va falsafasining binokorlik madaniyatiga koʻrsatgan taʼsirini oʻrganishga eʼtibor qaratilgan.

Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Xitoy, Markaziy Osiyo, Rossiya, Kavkazorti va Yevropaning savdo yoʻllari bilan tutash hududlaridagi xalqlarning badiiy-falsafiy dunyoqarashi va uning binokorlikka taʼsiri masalasiga bagʻishlangan ilk tadqiqot ajab emaski, yaqin kelajakda Yevropa universitetlaridagi kabi insoniyat falsafasi, badiiy qarashlari va binokorligining umumiy qonuniyatlarini oʻrganuvchi yangi sohaga asos soladi.

Monografiya mualliflarining fikrlariga asoslansak, muayyan xalqlar oʻrtasidagi sinkretik munosabatlar, falsafiy-madaniy meros taʼsirida maydonga kelgan arxitektura va binokorlik sohasida ham aks etgan.

Tadqiqotning umumiy gʻoyasiga koʻra, qayerda ilmu-madaniyat rivojlangan boʻlsa, oʻsha yerda meʼmorchilik ham taraqqiy qilgan, tamaddunlar kurtak otgan. Kitobda bu masala koʻhna Xitoy madaniyati va mifologiyasi misolida yoritilgan boʻlib, mavzuga bu tarzda yondashish arxitektura sohasidagi tarixiy binokorlik bilan bogʻliq koʻplab muammolarga oydinlik kiritadi. Zero, har qanday oʻtmish meʼmoriy obidasining zaminida,albatta, uni yaratgan elning dunyoqarashi aks etgan: Xitoy binokorligidagi qayrilgan tomlar va ajdarho qiyofalarida yoki Samarqand madrasalaridagi koʻk gumbazlar, Bahodir Yalangtoʻsh qurdirgan madrasadagi yoʻlbarslar va kiyiklar tasvirlarida ham, albatta, maʼlum bir ramziyliklar bor. Milliy arxitekturadagi bunday oʻziga xosliklarni oʻrganish maʼnaviy qadriyat va tushunchalarning binolar koʻrinishida moddiylashish jarayoni taraqqiyotini koʻrsatib beradi.

Nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham maʼlum xalqlarning madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi monografik tadqiqot koʻrinishida oʻrganilmagan. Shu nuqtayi nazardan ushbu kitobning Buyuk ipak yoʻlidagi xalqlar madaniy merosini oʻrganishda nodir manba sifatida eʼtirof etish joiz.

Buyuk ipak yoʻli kimsasiz sahrodan, shahar infrastrukturasi shakllanmagan, karvonsaroy va bozorlari yoʻq hududdan oʻtmagan. Chunki bu narsa nafaqat moddiy tovarlarning, balki olis masofalarni bosib kelayotgan karvonlardagi yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlashda ham muhim oʻrin tutgan. Shuning uchun Buyuk ipak yoʻli oʻtgan hududlar xaritasini belgilashda, albatta, xalqlarning madaniyati va shaharsozligi taraqqiy etganligiga eʼtibor qaratish oʻrinli.

Tadqiqotda Buyuk ipak yoʻlining boshida turgan. Xitoy xalqining madaniy tarixi, Konfutsiy, Laoszi kabi faylasuflarning qarashlari, mifologik tushunchalar, ularning zamirida vujudga kelgan oʻziga xos binokorlik sanʼati haqida soʻz boradi. Eʼtiborga molik jihatlaridan biri shundaki, xitoy madaniyati va arxitekturasining shakllanishida Chin yurtiga borgan allomalarimizning ham xizmatlari bor ekanligi oʻz isbotini topgan.

Ijtimoiy-gumanitar fanlarni oʻrganish va oʻqitishda muhim manba boʻlib xizmat qiladigan mazkur kitob mavzusi davomli boʻlib, unda Buyuk ipak yoʻlida muhim oʻrin tutgan Dovon (Fargʻona), Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlarimizning boy madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasidagi mushtaraklik haqida ham maʼlumot beruvchi navbatdagi manba maydonga keladi, deb umid qilamiz.

Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, keyingi yillarda Samarqand davlat universiteti bir necha xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik oʻrnatdi. Universitetning filiallari faoliyat boshladi. Ana shunday evrilishlar jarayonida universitetda “Buyuk Ipak yoʻli xalqlari madaniy va adabiy merosi” ilmiy - tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu markazda qisqa fursatlarda eʼtirofga loyiq ishlar amalga oshirilganini taʼkidlash mumkin.

Ilmiy markazda Xitoy Konfutsiy instituti granti asosida filologiya fanlari doktori E. Musurmonov muallifligida “Buyuk ipak yoʻlida qadimgi oʻzbek-xitoy adabiy aloqalari” (xitoy tilida) monografiyasi va markazning “Buyuk ipak yoʻli xalqlari madaniy va adabiy merosi” nomli granti asosida mazkur monografiya nashr etildi.

Buyuk Ipak yoʻlining aynan Oʻzbekiston hududidan oʻtganligini ilmiy asosda madaniy, adabiy va arxitektura yodgorliklari yordamida isbotlash va uni oʻquv jarayoniga tatbiq qilish maqsadida SamDU magistrantlari uchun maxsus “Buyuk ipak yoʻli madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi” ixtisoslik fani dasturi ishlab chiqildi va bu fan magistrlarning 2021-2022 oʻquv yili uchun oʻquv rejasiga kiritilib oʻqitildi. Ayni paytda universitetning ijtimoiy gumanitar yoʻnalishlarida tahsil olayotgan bakalavrlarga ham mazkur fan oʻqitilishi koʻzda tutilgan.

Xalqimizda toʻyga toʻyona bilan borish udumi mavjud. Taniqli olimlar R.Xolmuradov va E.Musurmonovlarning ushbu kitobi Samarqandda oʻtayotgan SHXT sammitiga ajoyib toʻyona boʻldi. Kitobning Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand Sammiti arafasida nashr etilganligining oʻziga xos ramziy maʼnosi bor. Bu kitob bir gʻoya atrofida birlashgan davlatlarni nafaqat bugungi kunning dolzarb masalalariga, balki umumiy tarix, madaniy merosni oʻrganishda va nurli kelajak qurilishida ham yakdil boʻlishga eʼtiborni qaratadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?