Tadqiqot: gʻoʻza navlariga mikroelementlarning taʼsiri qanday?
Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti doktoranti Anvar Tursunov gʻoʻzaning ayrim fizilogik va biokimyoviy xususiyatlari boʻyicha tadqiqot olib bormoqda.
Taʼkidlash joizki, tadqiqotchining mavzuga oid oʻnga yaqin ilmiy maqolalari nashr etilgan.
— Gʻoʻza qimmatbaho oʻsimlik boʻlib, uning tolasi, chigiti va boshqa qismlaridan 200 — 250 xilgacha keng isteʼmol mollari va texnikabop mahsulotlar olinadi, — deydi doktorant Anvar Tursunov. — Hozirda respublikamiz hududida gʻoʻza ekilayotgan maydonlarga yetarlicha organik ozuqa berilmayapti. Buning natijasida oʻsimliklarga mikroelementlar yetishmovchiligi kuzatilib, fiziologik jarayonlar sustlashishi sabab hosil kamayishi kuzatilmoqda. Shuning uchun tadqiqotimda Zarafshon vodiysining oʻtloq, boʻz sharoitida gʻoʻza navlarining hosildorligiga bor va ruh mikroelementlarning taʼsirini oʻrganmoqdaman.
Tadqiqotning obyekti sifatida respublikamizda keng ekilayotgan gʻoʻzaning “Omad” va “Sulton” navlaridan foydalanilyapti. A. Tursunov ushbu gʻoʻza navlarining oʻsish davomiyligini, barg sathi va quruq massa hosil qilishi, fotosintez sof mahsuldorligi, koʻsak hosil qilish dinamikasi hamda hosildorlik koʻrsatkichlari aniqladi.
Tadqiqotlar natijasida Pastdargʻom, Oqdaryo va Jomboy tumanlarida gʻoʻzaning yuqoridagi navlarining hosildorligiga mikroelementining taʼsiri oʻrganilib, gʻoʻza hosildorligi oshishi aniqlandi. Qolaversa, ushbu hududlarning oʻziga xos iqlimi hamda oʻtloq boʻz tuproqlarini hisobga olib, “Omad” va “Sulton” gʻoza navlariga bor va ruh mikroelementlarini purkab yuqori hosil olish mumkin.
Maʼlumot uchun, gʻoʻza asosan tola olish uchun ekiladi. 1 tonna paxta xom ashyosidan oʻrtacha 320 — 340 kg. tola, 560 — 580 kg. chigit olinadi. 340 kg. toladan, oʻz navbatida, 3500 — 4000 kvadrat metr mato, chigitidan esa 112 kg. moy, 10 kg. sovun, 270 kg. kunjara, 170 kg. sheluxa va 8 kg. lint (momiq) ishlab chiqariladi.
Dunyo miqyosida toʻqimachilik tolasi ishlab chiqarishda paxta ulushiga 60 foizdan koʻproq toʻgʻri keladi. Tolasidan, asosan, ip (kalava) yigiriladi, toʻqimachilik buyumlari, kiyim va gigroskopik paxta tayyorlanadi. Undan aviatsiya, avtomobil, elektr va boshqa sanoatlar keng foydalanadi. Toladan baqquvat ip, kirza, shlang, qayish, kino-rasm plyonkalari, yozuv qogʻozlari kabi koʻplab mahsulotlar tayyorlanadi.
Chigitdan presslash va ekstraksiya qilish yoʻli bilan paxta moyi olinadi. Moy esa, oziq-ovqat va texnik maqsadlarda ishlatiladi. Undan sovun pishirishda, alif, lak, emal va boshqa boʻyoqlar ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Chigit tarkibida gossipol pigmenti (zaharli organik birikma) boʻlib, moy olish jarayonida ajratib olinadi va undan ham har xil sintetik moddalar ishlab chiqariladi. Moy ishlab chiqarishdagi qoldiq-gudron foydalanish uchun xalq xoʻjalik tarmoqlariga yuboriladi.
Chigit poʻsti (sheluxa) va shroti chorva uchun ozuqa boʻlishdan tashqari, sanoatda potash, oshlovchi moddalar, spirt, qogʻoz, karton va boshqa koʻplab mahsulotlar olinmoqda. Hatto gʻoʻza shrotidan fitin va oziq-ovqat oqsili ajratiladi.
Gʻoʻza tupidan 100 dan koʻproq birikmalar olish mumkin. Bargidan 20 xil organik kislotalar, jumladan, qimmatli olma va limon kislotalari olinadi. Shuningdek, vitamin, stimulyator, aminokislota, mikroelement ham tozalash zavodlarining chiqitlarida uchraydi. Poya, chanoqlardan yoqilgʻilikdan tashqari, qurilish materiali sifatida keng foydalanish mumkin.
Behruz SHAMSIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati xodimi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring