Suv — ulugʻ neʻmat uni qadrlash va asrash har birimizga bogʻliq
Suv yer yuzidagi har bir tirik jonzot uchun eng muhim hayot manbai hisoblanadi. Yer — xazina, suv — gavhar, deb bejiz aytishmagan dono xalqimiz. Yer ham, suv ham odamlarni oziq-ovqat mahsulotlari, noz-neʻmatlar bilan taʻminlaydi, salomatlikni asraydi. Shu bois ham azal-azaldan xalqimizda suv manbalaridan oqilona foydalanishga va uni asrashga jiddiy eʻtibor qaratishgan.
Suvdan samarali foydalanish va taqsimlashning barqaror amaliyotlarini ishlab chiqish barcha mamlakatlarning kelajakdagi iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun juda muhimdir. Ayniqsa, murakkab iqlim sharoitida joylashgan Oʻzbekiston uchun suvni tejab ishlatish masalasi doimo dolzarb ahamiyatga ega boʻlib kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan qabul qilingan Strategiya 2030ning alohida, uchinchi yoʻnalishi — Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq ekanligi ham bejiz emas.
Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, global iqlim oʻzgarishi natijasida soʻnggi 50-60 yil davomida Markaziy Osiyoda muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan va 2050-yilga borib Markaziy Osiyoda chuchuk suv tanqisligi mintaqada yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi bashorat qilinadi.
Afsuski, global iqlim oʻzgarishi, Oʻzbekistonda aholi sonining oʻsishi, milliy iqtisodiyot turli tarmoqlarining jadal rivojlanishi va ularning suvga boʻlgan talabining oʻsishi tufayli respublikada suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga ortib bormoqda. Hozirgi vaqtda sugʻorish va ekologik maqsadlar uchun suvga ehtiyoj toʻliq qondirilayapti, deb aytolmaymiz. Suv isteʻmolining koʻpayishi va manbalarning ifloslanishi chuchuk suv zaxiralarining kamayishiga olib keladi. Oʻzbekistonda mavjud chuchuk suv hajmining qisqarishi tufayli suv tanqisligi va qurgʻoqchilik xavfi sezilarli darajada oshmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatishning ustuvor yoʻnalishlari va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini aks ettiruvchi qator konseptual hujjatlar qabul qilindi. “2030-yilgacha boʻlgan davrda Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi”, “Suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi”, “2020–2025-yillarda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi”, “Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021–2023-yillarga moʻljallangan strategiyasi”, “Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yanada takomillashtirish hamda suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini taʻminlash chora-tadbirlari”gi farmon va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar shular jumlasidandir.
Suv tanqisligining oqibatlaridan eng koʻp va bevosita ziyon koʻradigan shaxslar — bular yer bilan ishlaydigan dehqonlar, fermer xoʻjaliklari sohiblari hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda fermer xoʻjaliklari vakillariga suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish boʻyicha koʻnikmalarini oshirishga alohida eʻtibor qaratiladi. Xususan, ayni vaqtda respublikamizning barcha hududlarida fermer xoʻjaliklari vakillari uchun koʻrgazmali seminarlar oʻtkazilmoqda. Namunali fermerlar tajribasidan kelib chiqib, sugʻorishning suvni tejaydigan texnologiyalarini joriy etishni ragʻbatlantirish mexanizmlari koʻrsatilmoqda. Mazkur texnologiyalarni joriy etishni yanada ragʻbatlantirish maqsadida 2023-yilda suvni tejash tizimi joriy etilgan gʻalla va sabzavot maydonlarining har bir gektari uchun subsidiyalar miqdori 1 mln soʻmdan 8 mln soʻmgacha oshirildi.
Shunga qaramay, Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan fermer xoʻjaliklari oʻrtasida suvdan oqilona foydalanishning hayotiy zarurligini tushuntirish, tomchilatib sugʻorish usuliga oʻtishning iqtisodiy maqsadga muvofiqligini, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish zarurati bor.
Televideniye va elektron OAVlarda suvni tejash masalalari muhokamasiga milliy ekspertlarni jalb etish dolzarbdir: suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha ekspertlarning fikr-mulohazalari tadbirkorlik subyektlari uchun ham, keng jamoatchilik uchun ham muhim ahamiyatga ega. Muammoning dolzarbligini inobatga olgan holda, mahalliy ommaviy axborot vositalari suvni tejash boʻyicha amaliy tavsiyalar aks ettirilgan maxsus materiallarni muntazam chop etishi kerak.
Suvni tejab ishlatish vaqti keldi
Toza ichimlik suvidan foydalanish insonning asosiy huquqlaridan biridir. Suv resurslariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish kelajak avlodlar uchun barqaror rivojlanishning kalitidir.
Suvdan oqilona foydalanish boʻyicha davlat chora-tadbirlari samaradorligini oshirishda aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, ichimlik suvi uchun bozor narxlarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aholining suv bilan taʻminlanganlik holati aholi turar punktlari va ulardagi turmush darajasinining eng muhim koʻrsatkichlaridan biridir. Quvurli ichimlik suvining asosiy isteʻmolchisi sifatida aholi suvni tejash jarayonida muhimroq rol oʻynashi kerak.
Biroq, hozirgi vaqtda koʻplab shaharlarda aholining suvni tejash muammosiga befarq munosabatiga guvoh boʻlamiz. Bunday masʻuliyatsiz munosabat rejalashtirilgan Sovet iqtisodiyoti davrida, boshqaruvning maʻmuriy usullari isteʻmolchilarni suvdan tejamkor va oqilona foydalanishga undamagan paytda paydo boʻlgan. Axir, oʻshanda suv taʻminoti xarajatlarining asosiy qismi davlat budjeti hisobidan subsidiyalangan.
Tejamkorlikni oiladan boshlab oʻrgatish kerak
Shunday qilib, isteʻmolchilarning suvdan noratsional foydalanishi, bir tomondan, suvdan foydalanish madaniyatining pastligi, ikkinchi tomondan, aholining salmoqli qismida suvni tejashga qaratilgan ragʻbatlantirish tizimining yoʻqligi bilan bogʻliq. Shu munosabat bilan bugungi kunda suv tariflarini shakllantirishda bozor munosabatlariga oʻtish muammosi juda dolzarbdir. Amaliyot shuni koʻrsatadiki, aholining suvdan tejamkor va oqilona foydalanishi koʻp jihatdan har bir isteʻmolchining toʻlovlar miqdorini kamaytirishdan shaxsiy manfaatdorligiga bogʻliq.
Boshqa tomondan, aholi oʻrtasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish boʻyicha doimiy tizimli ishlarni amalga oshirish zarur. Bu tushuntirish ishlari taʻlimning barcha bosqichlarida – “bogʻcha – maktab – universitet”da, eng muhimi, oilada zarur. Yosh avlodni suvga gʻamxoʻrlik qilish ruhida tarbiyalash maqsadida maktab va oliy oʻquv yurtlarida oʻquv kurslarini oʻtkazish amaliyoti odatiy holga aylanishi kerak. Shu mavzuda insho, rasm, plakat tanlovlarini tashkil etish ham yoshlar eʻtiborini muammoga qaratishi mumkin.
Suvni muhofaza qilish boʻyicha keng koʻlamli umumrespublika taʻlim dasturlari zarur. Masʻul tashkilotlar suvdan tejamkorlik bilan foydalanish chora-tadbirlarini targʻib qilishga qaratilgan ommaviy axborot vositalarida muntazam eʻlonlar tashkil etish, konferensiya va seminarlar, ekoaksiyalar oʻtkazish orqali suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targʻibot-tashviqotini yanada kuchaytirishimiz zarur.
Muxtasar aytganda, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini sifatli suv bilan toʻliq taʻminlashni istar ekanmiz, aholining ham, tadbirkorlik subyektlarining ham suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirishga erishishimiz lozim.
Odiljon TOJIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring