Suv polosi: O‘zbekiston chempionati yakuniga yetdi

11:10 17 Iyun 2022 Sport
302 0

Poytaxtimizdagi suv sporti turlariga qarashli Respublika oliy sport mahorati maktabining suzish havzasida suv polosi bo‘yicha 2006-2007-yillarda tavallud topgan sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat chempionati bahslari nihoyasiga yetdi.

Musobaqaning so‘nggi kuni qizlar jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahslarda ikki peshqadam Toshkent shahri va Namangan viloyati vakillari o‘zaro kuch sinashdilar. Uchrashuvda sezilarli ustunlikka ega bo‘lgan poytaxtlik vaterpolchi qizlar yakunda 9:4 hisobida g‘alaba qozondilar.

O‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqada Toshkentning “Germes” sport klubi Qozog‘iston jamoasiga bir to‘p farqi bilan 8:9 hisobida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, Toshkent shahri jamoasi sirdaryolik suv polosi ustalarini 26:7 hisobida yengdi.

Toshkent shahridagi birinchi va ikkinchi son Bolalar va o‘smirlar sport maktabi jamoalarining o‘zaro bahsi 6:4 hisobida 2-son BO‘SM jamoasi foydasiga hal bo‘ldi. Namangan viloyati hamda Respublika oliy sport mahorati maktabi jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv so‘nggi daqiqalarga qadar murosasiz ruxda kechib, 9:8 hisobida namanganlik vaterpolchilarning g‘alabasi bilan yakun topdi.

Shunday qilib qariyib bir hafta davom etgan mamlakat chempionati bahslarining yakunlariga ko‘ra qizlar orasida Toshkent shahri jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Namangan viloyati vakillari ikkinchi, suv sporti turlariga qarashli Respublika oliy sport mahorati maktabi jamoasi uchinchi o‘rinlarni band etishdi.

O‘smirlar o‘rtasidagi musobaqada esa Namangan viloyati jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Respublika oliy sport mahorati maktabi jamoasi kumush, Toshkent shahri vaterpolchilari esa bronza medaliga sazovor bo‘ldilar.

Musobaqalar so‘nggida barcha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan taʼsis etilgan medal va esdalik sovg‘alari tantanali suratda topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?