Surunkali chekish oʻpka saratoni va miokard infarktiga olib keladi — Mutaxassis

14:26 31 Avgust 2023 Jamiyat
415 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining hisobotiga koʻra, tamaki mahsulotlari isteʼmoli yiliga 8 million kishining oʻlimiga sabab boʻlmoqda. Xavotirli jihati, koʻrsatkichlar yil sayin oshib boryapti.

Mirzagʻolib Tillashayxov, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:

— Nikotin organizmdagi metabolik jarayonga xalaqit beruvchi, miya faoliyati va fiziologik funksiyalariga taʼsir qiluvchi alkogol hamda boshqa psixoaktiv moddalar kabi odamni oʻziga oʻrgatib qoʻyadi. Shu tarzda tamakiga qaramlik shakllanadi.

Olimlarning qayd etishicha, chekish taʼsiri ostida organizmda 25 dan ortiq kasalliklar rivojlanishi kuchayadi. Xususan, oʻpka saratoni va miokard infarktining chekish bilan bogʻliqligi haqida ilmiy dalillar mavjud.

Yurak-ishemik xastaligi va insultdan oʻlim holatlarining 70 foizi chekuvchi hamda spirtli ichimliklar ichuvchi odamlar hissasiga toʻgʻri kelishi soʻzimizning yana bir isboti. Negaki, har bir kashanda bu illat tufayli oʻz hayotini 18 yilga qisqartirishi tadqiq etilgan.

Boz ustiga, tamakining zaharli tutunidan umri zavol topayotganlarning 12 foizi bunday mahsulotlarni isteʼmol qilmaydigan kishilar, yaʼni passiv chekuvchilardir. Ular orasida, taassufki, bolalar ham bor.

Qolaversa, bu illatning dunyo iqtisodiyotiga yetkazayotgan ziyoni ham katta. JSSTning oxirgi bayonotida mazkur muammo ham raqamlar bilan asoslab berilgan. Masalan, hozir 120 dan ortiq davlat tasarrufidagi 3 million gektardan ziyod maydonda tamaki yetishtirilyapti. Oʻz navbatida, sayyoramiz boʻyicha 300 milliondan koʻproq odam oziq-ovqat taqchilligi muammosiga yechim izlash bilan ovora.

Shunday sharoitda Prezidentimiz tomonidan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida»gi Qonun imzolanishi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham mamnuniyat bilan qarshi olindi.

Ushbu hujjatga koʻra, Oʻzbekiston hududiga chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, jumladan, nikotinli snyus, chaynaladigan tamaki hamda nikotinli shirinliklarni olib kirish va sotish taqiqlanadi.

Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida tamaki mahsulotlarini koʻrsatish va ochiq namoyish qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Savdo avtomatlari orqali, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish javonlaridan, elektron tijorat koʻrinishida, masofaviy savdo orqali, shuningdek, koʻchma savdo orqali, bolalar tovarlari sotiladigan binolarda, oʻyinchoqlar, shirinliklar va boshqa bolalar mahsulotlariga taqlid qilinganda, 21 yoshga toʻlmagan shaxslarga va ushbu yoshdagi shaxslar tomonidan sotish man etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?