Surxondaryodagi mavjud muammolar oʻrganilmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Prezident Farmoniga binoan Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Ulugʻbek Qosimov tigʻiz kun tartibida shahar va tumanlardagi mavjud ahvol bilan yaqindan tanishmoqda.
Dastlab Termiz shahrida oʻrganish olib borgan viloyatning yangi rahbari hokimlik balansidagi ijtimoiy uyda yashayotgan 23 ta oilani arzon uy-joy bilan taʼminlash, buning uchun zarur boshlangʻich badal davlat tomonidan toʻlab berilishi, shahardagi Ibn Sino koʻchasida sifatsiz hamda talablarga rioya qilinmagan holda qurilgan sogʻlomlashtirish yoʻlagini qaytadan qurish, 16-sonli maktab binosida taʼmirlash ishlarini boshlash hamda “Pattakesar” mahallasidagi ikki qavatli eski uy-joylarning tom va fasad qismlarini taʼmirlash, bolalar maydonchasi, avtoturargoh tashkil etish, ichki yoʻllarni yaxshilash boʻyicha mutasaddilarga vazifalar yukladi.
Shuningdek, viloyat rahbari Oʻzbekiston va Afgʻoniston davlatlari chegara hududida joylashgan “Termez Cargo Centre” logistika markazida tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning muammo va takliflarini tingladi. Hududda bunyod etilayotgan Termiz xalqaro savdo markazidagi qurilish ishlari bilan tanishdi. Chet ellik, xususan, afgʻonistonlik tadbirkorlarni mazkur loyihaga jalb qilish lozimligi taʼkidlandi.
Umumiy maydoni 54,6 gektardan iborat “Termiz” erkin iqtisodiy zonasida boʻlgan U. Qosimov hududdagi lotlarni elektron savdolarga chiqarishni tezlashtirish, rejalashtirilgan loyihalarni toʻliq ishga tushirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash zaruratini aytib oʻtdi.
Termiz shahrining bosh rejasi taqdimotida uy-joylar hududida birinchi navbatda ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, maktab, maktabgacha taʼlim tashkiloti va poliklinika binolarini joylashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Shahar hududidagi yoʻllarning oʻtkazuvchanligini avtomobillar va transport vositalarining ortib borayotganini hisobga olgan holda ishlab chiqish, yangi yoʻl oʻtkazgichlarni loyihalash hamda bosh rejaga kiritish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, viloyat rahbari vohaning salohiyatli quruvchilari bilan soha rivoji yuzasidan fikr almashdi. Amaldagi faoliyatni yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring