Surxondaryoda noyob turizm maskani barpo etilmoqda
Sherobod tumanidagi “Xoʻjaikon” tuz koni hududi yaqin yillarda nafaqat viloyat, balki butun mintaqaning eng noyob turizm maskanlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Bu yerda Eronning “Kapa yurt salt taun” masʼuliyati cheklangan jamiyati Germaniyaning “Bizayla” kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 50 million dollarga teng “Salomatlik turizmi” shaharchasini bunyod etish ishlarini boshladi.
— Yangi loyiha 2025–2035-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari, turizm boshqarmasi boshligʻi Joʻrabek Toʻrayev. — Bu tashabbus hududning tabiat tomonidan berilgan noyob imkoniyatlarini zamonaviy turizm va iqtisodiy rivoj yoʻliga safarbar etadi. Eng muhimi, mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshiradi.
Hududda bir vaqtning oʻzida 500 nafar sayyohni qabul qila oladigan mehmonxona majmuasi, shuningdek, noodatiy arxitekturaga ega kapsula uylar quriladi. Tuzli basseynlar, tuz vannalari, sogʻlomlashtirish markazlari barpo etilib, amfiteatr, hunarmandchilik markazi va tuz muzeyi tashkil etiladi. Sunʼiy tuz koʻli, yashil hududlar dam oluvchilar uchun betakror manzara va qulay muhit yaratadi.
Loyiha doirasida hududning infratuzilmasi ham tubdan yangilanadi: elektr energiyasi, gaz, internet va mobil aloqa sifatini oshirish, temir yoʻl tarmogʻiga ulash rejalashtirilgan. Shuningdek, “Tohirshoh ota” maqbarasi obodonlashtirilib, ziyoratchilar uchun munosib sharoitlar yaratiladi.
Ayni paytga qadar sarmoyadorlar tomonidan 20 dan ortiq kapsula uy barpo etildi. Loyiha toʻliq ishga tushgach, yiliga oʻrtacha 200 ming nafar mahalliy va xorijiy turist tashrif buyurishi, 250 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilmoqda. Shu bilan birga, tuz koni joylashgan Chorbogʻ mahallasiga “Turizm qishlogʻi” maqomini berish boʻyicha tayyorgarlik ishlari ham olib borilmoqda. Kelgusida u vohadagi eng gavjum tibbiy, eko va ziyorat turizmi maskanlaridan biriga aylanishi shubhasiz.
Eʼtiborlisi, oq va qizil tuz qatlamlaridan iborat bu hududda xorijiy investorlar zamonaviy texnologiyalar asosida tuz qazib olish, qayta ishlash va qadoqlash liniyasini ham yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda. “OʻZSALT” brendi ostida sifatli isteʼmol tuzi ishlab chiqarilib, uning bir qismi eksportga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, tabiiy tuz boʻlaklaridan turli suvenirlar tayyorlash ham rejada bor.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring