Surxondaryoda noyob tur Buxoro xongulilari saqlab qolindi

10:17 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
936 0

Foto: Xalq so‘zi

Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan Termiz tumanidagi xonadonlarning biriga adashib kirib qolgan Buxoro xongulilari borligi aniqlandi. Tobora kamayib borayotgan 4 bosh Buxoro xongulilari ayni paytda Termiz hayvonot bogʻida vaqtincha saqlash uchun joylashtirildi. Bu noyob hayvonlar Amudaryoga tutash toʻqayzorlardan kelgan boʻlishi mumkin.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, xongul yoki Buxoro bugʻusi – juft tuyoqlilar turkumining bugʻular oilasiga mansub boʻlgan sut emizuvchi hayvonlarning kenja turi hisoblanadi. Ular noyob hayvonlar qatori Oʻzbekiston Respublikasining Qizil Kitobiga va Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (TMXI) Qizil roʻyxatiga kiritilgan.

Bugʻular oʻsimlikxoʻr hayvonlar boʻlib, 27 turdan ortiq oʻsimliklar bilan oziqlanishi qayd etilgan. Bugʻularning asosiy yashash joyi daraxt va buta oʻsimliklari zich oʻsgan daryo boʻyidagi qalin toʻqayzorlar hisoblanadi.

Buxoro bugʻusining boʻyi 120 sm ga yetadi, ogʻirligi 200 kg gacha boʻladi. Bugʻular shoxining uzunligi 90-110 sm boʻlib, bahorda tashlab, oʻrniga yangi shox oʻsib chiqadi. Yangi oʻsib chiqqan shoxi baxmal mato bilan oʻralgandek bugʻuga koʻrk berib turadi. Shoxlari ikki yoshidan boshlab oʻsa boshlaydi. Urgʻochilarida shox boʻlmaydi.

Oʻtgan asrning birinchi yarmida Buxoro bugʻulari Amudaryo, Sirdaryo va Orol dengizi sohillaridagi qamishzor va toʻqayzorlarida keng tarqalgan.

Hozirgi kunda xongullar Oʻzbekiston hududida Amudaryoning yuqori qismi (Surxondaryo viloyatida – 45-50 bosh) va oʻrta qismidagi toʻqayzorlarda (“Qizilqum” davlat qoʻriqxonasi – 224-232 bosh), “Zarafshon” milliy tabiat bogʻi (40 – 45 bosh) va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati (1645 bosh), shuningdek, Zarafshon daryosining yuqori qismida saqlanib qolgan. Bundan tashqari, Tojikiston, Turkmaniston, Qozogʻiston va Afgʻoniston hududlarida ham uchraydi.

2021-yilda “Baday-toʻqay”dan 4 bosh Buxoro bugʻusi “Xorazm” milliy tabiat bogʻiga koʻchirildi va hozirda ularni iqlimlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan Buxoro bugʻulari yashash areallari, ularning populyasiyasi monitoringi olib borilmoqda hamda ushbu noyob turdagi jonzotlarni muhofazasini taʼminlash va yanada koʻpaytirish boʻyicha chora-tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?