Suriyada yana isyonchilar “xuruji”. Hukumat ularni magʻlub eta olishini aytmoqda
Foto: Anadolu
Suriya shimoli-gʻarbidagi isyonchi guruhlar oʻtgan hafta boshlangan hujumida Alepponi nazorat ostiga olib, Hama shahri tomon harakatlanayotganini maʼlum qilgan. Xabar qilinishicha, Rossiya va Suriya samolyotlari Suriya shimoli-gʻarbida muxolifatning oldinga siljishining beshinchi kunida Idlib shahriga hujum qilgan.
Suriya davlat axborot agentligi SANA xabariga koʻra, Suriya prezidenti Bashar Asad nazorati ostidagi hukumat kuchlari shimoliy Hama viloyatini ham oʻz nazorati ostida mustahkamlamoqda. Maʼlumotlarga koʻra, armiya bir kechada oʻzining shimoliy qishloqlarida muxolifat jangchilarini chekinishga majbur qilgan. Agentlik xabarida aytilishicha, u yerdagi kuchlar ogʻir texnika va raketalar bilan taʼminlangan.
Yakshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Suriya boʻyicha maxsus vakili Geyr Pedersen mojarodagi barcha manfaatdor tomonlarni zudlik bilan siyosiy yechim izlashga chaqirdi.
Janglar 2011-yildan buyon u yoki bu shaklda davom etib kelayotgan edi. Ammo oʻtgan juma kuni “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi jangchilari Aleppoga kirib, hukumat kuchlarini 2 milliondan ortiq aholi yashaydigan strategik ahamiyatga ega shahardan chiqib ketishga undadi.
Oʻshandan beri isyonchilar bir qancha strategik gʻalabalarga erishgan, jumladan, Xonasir shaharchasi, Halab sanoat shahri, Halab harbiy akademiyasi va dala artilleriya kolleji ustidan nazorat oʻrnatgani maʼlum.
Avval “Al-Qoida”ning Suriyadagi boʻlimi boʻlgan “Al-Nusra” fronti nomi bilan tanilgan “Hayat Tahrir ash-Shom” Suriya shimoli-gʻarbidagi eng kuchli muxolifat harakati edi. Guruh hali ham AQSH, Suriya va Rossiya tomonidan terrorchi tashkilot deb hisoblanadi.
Bashar Asad oʻzining ommaviy chiqishida terrorchi va ularning tarafdorlariga qarshi chiqishi hamda hududiy yaxlitligini himoya qilishda davom etishini bildirgan. Uning soʻzlariga koʻra, Suriya isyonchi guruhlar hujumlari qanchalik kuchaymasin, ularni magʻlub eta oladi.
Hukumat muxolifat nazorati ostidagi hududlarga havo hujumlari orqali qurol omborlari va isyonchilar qarorgohlarini nishonga olganini aytdi. Suriya hukumati va Rossiya tomonidan yakshanba kuni uyushtirilgan havo hujumlarida kamida 25 kishi, jumladan 10 bola halok boʻlgani aytilmoqda.
2015-yilda Eronning mamlakatga harbiy aralashuvi urush toʻlqinini Bashar Asad foydasiga burishga yordam berdi. Rossiyaning Halabni havodan bombardimon qilishi hukumat kuchlariga 2016-yilda shaharni toʻliq nazorat qilishiga olib kelgan edi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi yakshanba kuni Damashqqa borib, jurnalistlarga Tehron Asadni qoʻllab-quvvatlashini aytdi. Iordaniya qiroli Abdulla II va Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon ham soʻnggi qoʻngʻiroqlarida Bashar Asad bilan birdamligini bildirgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring