Superliga. 18-turga tafsiliy nazar: Yetakchidan magʻlubiyat, vodiy koʻk rangda

14:51 14 Avgust 2025 Sport
210 0

Joriy yilning 10-13-avgust kunlari Oʻzbekiston Superligasida musobaqaning 18-tur bahslari boʻlib oʻtdi. Unda quyidagi natijalar qayd etildi:

“Soʻgʻdiyona” 2:0 “Mashʼal”;

“Neftchi” 1:0 “Nasaf”;

“Dinamo” 1:1 “Paxtakor”;

OKMK 0:0 “Qizilqum”;

“Andijon” 0:1 “Navbahor”;

“Shoʻrtan” 1:2 “Qoʻqon-1912”;

“Buxoro” 1:1 “Xorazm”;

“Surxon” 3:1 “Bunyodkor”.

Boʻlib oʻtgan 8 ta oʻyinning 3 tasida mezbonlar, 2 tasida mehmonlar gʻalaba qozondi. 3 ta oʻyin esa durang natija bilan yakunlandi. Quyida baʼzi oʻyinlarga alohida toʻxtalib oʻtamiz:

Markaziy oʻyin

Tur doirasida Fargʻonada “yil oʻyini” boʻlib oʻtdi. Boisi, “Neftchi” va “Nasaf” oʻyini natijasi ayni vaqt turnir jadvalida juda katta ahamiyatga ega edi. Tur oldidan bu ikki jamoa oʻrtasidagi farq 4 ochkoni tashkil etayotgandi. Shu boisdan bizni 6 ochkolik oʻyin kutardi.

“Neftchi” jamoasi ustozi Vitaliy Levchenkoning kursisi yaxshigina “qimirlab qoldi”. Aynan bu turdagi magʻlubiyat tojikistonlik mutaxassisni isteʼfosi bilan ham tugash ehtimoli bor edi. Ammo, “Neftchi”ga bu gal omad kulib boqdi.

“Vodiyliklar” 20-daqiqadayoq maydonda 1 kishi kam boʻlib qoldi. Farrux Sayfiyev qoʻpol oʻyini uchun chetlatildi, ammo bu kartochkadan koʻp oʻtmay, “Nasaf” jarima maydoniga tezlik bilan kirib borayotgan Alisher Odilovni Zafarmurod Abdurahmatov qoʻpollik bilan toʻxtatib qoldi va “ajdarlar” darvozasi tomon penalti belgilandi.

Ushbu imkoniyatdan “Neftchi” yetakchisi Jamshid Iskanderov unumli foydalanib, hisobni ochdi. Shu bilan birga, 1 kishi kam boʻlib oʻynayotgan “Neftchi” asosiy eʼtiborini himoyaga qaratdi. Ustunlikni oʻz qoʻliga olgan “Nasaf” futbolchilari oʻyinning qolgan daqiqalarida Levchenko jamoasi darvozasiga 21 ta zarba yoʻlladi. Biroq oʻyinda boshqa hisob oʻzgarmadi va “Nasaf” jamoasining 17 tur davom etgan magʻlubiyatsiz seriyasi yakunlandi.

Hakam qarori bilan yutqazgan “Paxtakor”

Turning yana bir qiziqarli oʻyini Samarqandda boʻlib oʻtdi. Birinchi davrada “Paxtakor” oʻzining dastlabki uy oʻyinini aynan “Dinamo”ga qarshi oʻtkazgan va 0:1 hisobiga magʻlub boʻlgan edi. “Paxtakor” muxlislari aynan shu magʻlubiyat uchun “Dinamo”dan Samarqandda revansh olishni juda xohlagani aniq. Lekin amalda bunday boʻlmadi:

Oʻyinda hisobni “Dinamo” jamoasi ochdi. 20-daqiqa “Paxtakor” posboni Jonatan Luiz toʻpga chiqib kelishda juda qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi. Bundan “Dinamo”ning nigeriyalik hujumchisi Richard Fraydey unumli foydalanib, hisobni ochdi.

Ikkinchi taymning 85-daqiqasida zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan Bobur Abduxoliqov hisobni tenglashtirdi. Bahs 1:1 hisobidagi durang natija bilan tugadi.

Ammo “Paxtakor” rahbariyati va muxlislarining eʼtiroziga sabab boʻlgan holat 71-daqiqada yuz berdi. “Sherlar” hujumchisi Igor Sergeyevning boshi bilan yoʻllagan zarbasini “Dinamo” himoyachisi qoʻli bilan qaytardi. Hakam VAR tizimiga murojaat qila turib ham, penalti belgilashga jazm etmadi.

Oʻyindan keyin Oʻzbekiston futbol hakamlari qoʻmitasi qoshidagi Ekspert hakamlar komissiyasi rahbari Maʼmur Saidqosimov hakam bu vaziyatda xato qaror qilgani va bu uchun unga past baho qoʻyilgani haqida maʼlumot berdi.

Vodiy derbisi

“Andijon” va “Navbahor” klublari oʻrtasidagi oʻyinlar, bu jamoalarning holati va turnir jadvalidan qatʼiy nazar, doim katta ahamiyatga ega boʻlgan. Oʻzbekistonda muxlislar soni boʻyicha 1-raqamli hisoblangan ushbu klublar oʻrtasidagi bahslar hech qachon doʻstona oʻtmagan. Har ikki jamoa aynan shu oʻyinda magʻlubiyatga uchramasligini har doimgidan-da ham koʻproq istaydi.

Bu gal ham shunday boʻldi. Lekin magʻlubiyatdan qoʻrqqan har ikki klub oʻyinning asosiy qismini juda sust oʻtkazdi. Statistikaga nazar solsak, butun oʻyin davomida darvoza sohasiga atigi 1 ta aniq zarba yoʻllanganini koʻramiz. Bu esa oʻyinda ehtiyotkorlik darajasi qay darajada yuqori boʻlganini anglatadi.

Lekin bu gal omad namanganliklarga kulib boqdi. 89-daqiqada Ruslanbek Jiyanov oʻyindagi yagona aniq zarbani yoʻlladi va bu zarba oldida “Andijon” posboni Erjan Tokotayev ojiz qoldi.

Shu tariqa “Navbahor” 5 ta oʻyindan soʻng yana “Andijon”ni magʻlub etishni uddaladi va turnir jadvalida yetakchilar qatoriga qoʻshilib oldi.

Muxlislarning tashrifi

18-tur oʻyinlarini tomosha qilish uchun jami 57 297 nafar muxlis stadionlarga tashrif buyurdi. Bu har bir oʻyinni oʻrtacha 7 162 nafardan tomoshabin kuzatganini bildiradi. Taʼkidlash kerakki, bu joriy yilgi mavsum Oʻzbekiston Superligasidagi rekord natija hisoblanadi.

Turda eng koʻp muxlis toʻplagan bahs — “Andijon” va “Navbahor” oʻyini boʻldi. Ushbu uchrashuvni tomosha qilish uchun Andijondagi “Bobur arena”ga 19 965 nafar muxlis tashrif buyurdi.

Eng kam futbol shinavandalarini toʻplagan oʻyin esa “Buxoro” va “Xorazm” bahsi boʻldi. Betaraf maydonda oʻtgan ushbu uchrashuvni koʻrish uchun 453 nafar muxlis kelgan.

Turnir jadvali

18-turdan soʻng “Nasaf” jamoasi musobaqa jadvalida yetakchi. Ammo, taʼqibchilar bilan orasidagi farq 1 ochkogacha qisqardi. Turda gʻalaba qozongan “Navbahor” yana grandlar safida oʻz oʻrnini mustahkamladi. Ochko yoʻqotgan “Paxtakor” esa oʻz holatini yanada ogʻirlashtirdi.

Soʻnggi oʻrinlarni “Shoʻrtan” (10 ochko), “Buxoro” (14 ochko) va “Qoʻqon-1912” (15 ochko) klublari egallab turibdi.

Keyingi tur

Oʻzbekiston Superligasida 19-tur oʻyinlari 15–18-avgust kunlari boʻlib oʻtadi. Unda bizni quyidagi bahslar kutmoqda:

“Paxtakor” – “Soʻgʻdiyona”;

“Navbahor” – “Neftchi”;

“Dinamo” – OKMK;

“Nasaf” – “Shoʻrtan”;

“Qoʻqon-1912” – “Surxon”;

“Mashʼal” – “Andijon”;

“Bunyodkor” – “Buxoro”;

“Xorazm” – “Qizilqum”.

Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер