Markaziy Osiyo olimalari yangi mintaqaviy platforma tuzishga kelishib oldi: Toshkentda “SheScience 2025” forumining Qoʻshma bayonoti qabul qilindi (+fotoreportaj)
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Bugun, 27-noyabr kuni Toshkentda birinchi marta “SheScience 2025” Markaziy Osiyo olimalari forumi boʻlib oʻtdi. Tadbirning asosiy natijasi sifatida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Qoʻshma bayonot qabul qilindi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlarining ilmiy va innovatsion ekotizimlarini integratsiyalash, ilm-fan sohasida olima ayollar ishtirokini kengaytirish hamda qoʻshma tadqiqotlarni rivojlantirishga oid ustuvor yoʻnalishlar belgilab berilgan.
“SheScience 2025: mintaqaviy taraqqiyotni ilmiy va innovatsion ekotizimlar orqali qoʻllab-quvvatlash” shiori ostida oʻtgan forumda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Ozarbayjondan 60 dan ortiq olimalar va tadqiqotchi ayollar ishtirok etdi. Qoʻshma bayonnomada kelgusidagi hamkorlikning beshta asosiy yoʻnalishi, shuningdek, mintaqaning umumiy muammolarini samarali hal qilishga qaratilgan barqaror ilmiy ekotizimlarni shakllantirish belgilandi. Hujjat har yili mazkur forumni navbatma-navbat oʻtkazish uchun ham asos yaratadi.
Taʼkidlanishicha, ekologik xavflar, raqamli transformatsiya va sunʼiy intellektni joriy etish bilan bogʻliq global muammolar sharoitida tizimli hamkorlikning ahamiyati yanada ortmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdikulova ochilish marosimi va yakuniy hujjat muhokamasida soʻzga chiqar ekan, quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Bugun biz Markaziy Osiyo mintaqasini rivojlantirish uchun ilm-fan salohiyatidan foydalanishga ishonch, birdamlik va umumiy istak asosida mintaqaviy ilmiy integratsiyaning yangi formatini yaratmoqdamiz. «SheScience” forumi olima ayollar nafaqat bilim almashadigan, balki yangi tadqiqot yoʻnalishlari, konsorsiumlar va tashabbuslarni shakllantiradigan platformaga aylanmoqda. Bizning qoʻshma bayonotimiz shunchaki deklaratsiyasi emas, balki birgalikda amalga oshiradigan oʻzgarishlar uchun amaliy yoʻl xaritasidir».
Forum Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan Jahon fanlar akademiyasi (TWAS), Rivojlanayotgan mamlakatlarda fan sohasidagi ayollar tashkiloti (OWSD), Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etildi. Xalqaro hamkorlar mintaqadagi mamlakatlarga Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi (CAREC), Yevropa Ittifoqining “Horizon Europe” tadqiqot va innovatsiyalar doiraviy dasturi, Yevropa Ittifoqining Erasmus+ akademik mobillik dasturi va boshqa xalqaro ilmiy moliyalashtirish vositalari kabi dasturlarda ishtirok etish imkoniyatlarini taqdim etdi.
Qozogʻiston Respublikasi nomidan qatnashgan akademik Zarema Shaukenova “Ilmiy va innovatsion ekotizimlarni integratsiyalash orqali mintaqaviy rivojlanish uchun toʻsiqlar va imkoniyatlar” sessiyasida maʼruza qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlarining izolyatsiya qilingan tadqiqot tashabbuslaridan tizimli mintaqaviy hamkorlikka oʻtishining muhimligini taʼkidladi. U ilmiy yondashuvlarning birligi, qoʻshma tadqiqotlar va taʼlim dasturlarini muvofiqlashtirish inson kapitalini rivojlantirishni sezilarli darajada tezlashtirishi va mintaqaning ilmiy unumdorligini oshirishi mumkinligini taʼkidladi. Uning fikricha, ilmiy saʼy-harakatlarni birlashtirish Markaziy Osiyo mamlakatlariga oʻzlarining raqobatbardosh ustunliklarini rivojlantirish va global ilmiy kun tartibida faolroq ishtirok etish imkonini beradi.
Forum doirasida zamonaviy fan va innovatsiyalarning dolzarb yoʻnalishlari muhokama qilindi, jumladan:
- • Markaziy Osiyo mamlakatlarida ilmiy va innovatsion ekotizimlarni integratsiyalash;
- • Sunʼiy intellektni rivojlantirish va tadqiqotlarda qoʻllash;
- • Ilmiy kommunikatsiya va fanga jamoatchilik ishonchi;
- • “Yashil” va iqlimga chidamli yechimlar;
- • Energiya samaradorligi va qayta tiklanadigan energiya;
- • Fanni tijoratlashtirish va akademik tadbirkorlik;
- • Chegaralararo ilmiy konsorsiumlar va innovatsion startaplar.
Olima ayollar oʻz mamlakatlari tajribasidan misollar keltirib, mintaqaviy hamkorlik salohiyatini namoyon etuvchi tadqiqotlar va loyihalarni taqdim etdi.
Ekspert dasturi doirasidagi asosiy taqdimotlardan biri Qirgʻiziston Milliy fanlar akademiyasi vakili Zuurakan Kadenovaning “Sunʼiy intellekt kelajak ilmining kaliti sifatida” mavzusidagi maʼruzasi boʻldi. U oʻz chiqishida raqamli yechimlarni joriy etishni tezlashtiradigan va Markaziy Osiyo mamlakatlarining ilmiy raqobatbardoshligini mustahkamlaydigan qoʻshma maʼlumotlar platformalari, sunʼiy intellekt mutaxassislari uchun oʻquv dasturlari va fanlararo tadqiqot loyihalarini yaratish zarurligini taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- Ona tili va adabiyot fanidan mustaqil oʻqish uchun tavsiya etilgan badiiy asarlar roʻyxati eʼlon qilindi
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring