Ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka qarshi kurash: OAV vakillari amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi
Bugun, 27-noyabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazida Xalqaro ayollarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir butunjahon “Ayollarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish kuni” hamda xalqaro “Zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” doirasida oʻtkazildi. Unda soʻnggi yillarda ayollarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, maishiy zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ularni reabilitatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi.
Birlamchi koʻmak xonalari tashkil etildi
Zoʻravonlik yoki tazyiqqa uchragan ayollar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga tezkor yordam koʻrsatish maqsadida markazda shoshilinch qabul boʻlimlari va maxsus birlamchi koʻmak xonalari tashkil etilgan. Ular binoning birinchi qavatida joylashgan boʻlib, quyidagi xizmatlarni taqdim etadi:
- tez tibbiy yordam,
- psixologik va huquqiy maslahatlar,
- ijtimoiy xizmatlar.
Zarurat tugʻilganda jabrlanganlarga 3 kungacha vaqtinchalik boshpana taqdim etiladi. Uzoq muddatli reabilitatsiya lozim boʻlsa, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga yoʻnaltiriladi.
Kasbga yoʻnaltirish va reabilitatsiya imkoniyatlari
Reabilitatsiya markazida ayollarni kasbga yoʻnaltirish maqsadida maxsus kasb-hunar xonalari faoliyat yuritadi. U yerda tikuvchilik, pazandachilik, ayollar sartaroshligi hamda zamonaviy kasblar boʻyicha 2–3 oylik oʻquv kurslari mavjud. Oʻquv jarayonini yakunlaganlar maxsus sertifikat olishlari mumkin. Markazda ayollarga tibbiy, psixologik, ijtimoiy va huquqiy yordam koʻrsatilib, ularning hayotini qayta tiklashga koʻmak beriladi.
Shuningdek, markazda jabrlangan ayollar farzandlari uchun ham qulay sharoitlar yaratilgan. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun oʻyin maydonchalari mavjud boʻlib, ular tarbiyachilar hamda mutaxassislar nazoratida tibbiy va psixologik qoʻllab-quvvatlanadi.
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazining Toshkent shahar hududiy markazi direktori Muxabbat Zaxidova press-turning maqsadini quyidagicha izohladi:
“Bugun markazimizda OAV vakillarining ishtirokida oʻtkazilgan tadbir orqali 16 kunlik zoʻravonlikka qarshi aksiya doirasida faol ishtirok etish, shuningdek, markaz faoliyatini jamoatchilikka keng tanishtirish koʻzda tutilgan. Hozirda respublika boʻylab 15 ta reabilitatsiya markazi faoliyat yuritmoqda. Ularda jabrlangan ayollar va ularning bolalariga tibbiy, psixologik va huquqiy yordam koʻrsatiladi. Ayollar voyaga yetmagan farzandlari bilan birga 1 oydan 6 oygacha boʻlgan muddatda markazda yashashi mumkin. Shuni taʼkidlash kerakki, hurmatli prezidentimiz tomonidan ayollarga va ularning voyaga yetmagan farzandlariga maqsadli hamda manzilli yordam koʻrsatishni nazarda tutgan. Bu nima degani agar ayol oilasida yuridik yoki jismoniy shaxsdan jabrlangan boʻlsa, unga dasturda belgilangan turli xizmatlar koʻrsatiladi.”
Murojaat qilish tartibi
Tazyiq yoki zoʻravonlik holatlari boʻyicha quyidagi xizmatlarga murojaat qilish mumkin:
- 102 — ichki ishlar organlari,
- 112 — yagona dispetcherlik xizmati,
- 1146 — ijtimoiy himoya tizimidagi “Ishonch telefoni”,
- “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari va profilaktika inspektorlari.
Murojaatlar 24 soat ichida koʻrib chiqiladi. Zaruratga koʻra profilaktika inspektori himoya orderini rasmiylashtiradi va ayollar birlamchi koʻmak xonasiga joylashtiriladi.
Shuningdek, zoʻravonlikdan jabrlanganlar bilan ishlash tizimi toʻliq raqamlashtirilgan boʻlib, yangicha elektron modul orqali himoya orderlari roʻyxatdan oʻtkaziladi, jabrlanuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar real vaqtda “Inson” markazlariga yetkaziladi hamda barcha xizmat jarayonlari onlayn nazorat qilib boriladi.
Mashhura Alimardon, “Xalq soʻzi“
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring