Suhayl porlagan kun
Joriy yilning 15-16-oktyabr kunlari Fargʻona viloyatida Fargʻona xalqaro tinchlik forumining birinchi yigʻilishi oʻtkazildi. Nufuzli anjuman boshlanishidan oldin ilgari xorijiy mehmonlar Rishton tumanida boʻlib, mashhur kulollar faoliyati bilan tanishdi. Ularning ilk manzili taniqli kulol Shokir Ahmadjonovning muzey-ustaxonasi boʻldi.
Kulol Shokir Ahmadjonovning oilaviy korxonasi va muzeyi qoʻshqavatli koshonaning oʻzi. Koʻrganning koʻzi quvnaydi. Forum ishtirokchilari muzey-ustaxona boʻylab sayr qildilar. Ikkinchi qavatdagi koʻza, xumcha, tovoq, lagan, piyola kabi ming xil ashyolarni tomosha qilganlar hayratda edi. Chap tomonga qoʻyilgan bir tovoqqa Mirzo Boburning tasviri tushirilgan.
— Oh bu ulugʻ ajdodimiz Bobur Koʻragoniy hazratlari-ku!—deb yubordi bugʻdoyrangdan kelgan bir kishi.
— Ha, albatta. Podshohi gʻoziy Zahiriddin Muhammad Bobur, hoqoni mukarram, sultoni aʼzamimiz, —deya suhbatga qoʻshildim.
Mehmonning ism-sharifini soʻradim.
—Suhayl Xon.
U daftarimni oldi-da arab alifbosi bilan Suhayl Xon deb yozdi.
Shu lahza “Boburnoma”da keltirilgan bir bayt esimga tushdi:
Tu Suhayliy, to kujo tobiyu kujo toliʼ shavi,
Chashmi tu bar harki meaftad nishoni davlat ast.
(Suhayl, qaydin chiqib, to shuʼla sochsang qaygacha,
Koʻzing tushgan kishi baxtu taxtli boʻlgay shul kecha).
— Amir Shayx Suhayliy Chigʻatoyining nurli sheʼrlarini bilardim, endi qarasam qarshimda yana bir toleʼ yulduzi Suhayl Xonning oʻzlari nur sochib turibdilar, —deb qoʻshib qoʻydim.
— Oʻoʻoʻ... chiroyli lutf ayladingiz, siz shoirmisiz? — soʻradi Suhayl.
- Ha, qulingiz Boburning hindiy, forsiy sheʼrlari tarjimoniman, — deya javob berdim.
— Hindiysidan oʻqing boʻlmasa,—dedi Suhayl.
Mujhko na huva kuchh havase monik-oʻ moʻtiy,
Faqr ahliga bas boʻlgʻusidur poniy-oʻ roʻtiy.
(Hech menga emas hoyu havas yoqutu inju,
Faqr ahliga bas boʻlgʻusidur qoq etmaku su (v).
— Mashaolloh! Rishtonga kelib ulugʻimiz Bobur oshigʻini topdim,— dedi Suhayl.
— Bu tasodif emas, — dedim. — Bu yer Bobur qadamjosi. Hazrat olampanoh oʻzlarining “Boburnoma” kitobida Rishton kenti va “Sohibi Hidoya” boʻlmish Burhoniddin Abulhasan Ali Rishtoniy haqida maʼlumot berganlar...
Birga rasmga tusharkanmiz, Suhayl yon choʻntagidan tashrif qogʻozi chiqarib uzatdi. Eng qizigʻi ancha keyin boʻldi. Qarasam... Ne koʻz bilan koʻrayki, men bilan samimiy suhbat qurgan odmigina bu odam kimsan Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosarining oʻzlari ekan...
Tolib NOSIR
jurnalist
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring