Sugʻorish tizimlarida quyosh panellaridan keng foydalaniladi

10:11 07 Aprel 2025 Jamiyat
63 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Quvasoy shahridagi “Blue Carbon” qoʻshma korxonasida qishloq xoʻjaligida innovatsiyalarni keng joriy etish, nasos agregatlari va tik sugʻorish quduqlarini ishlatishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar tashkil etildi.

Yuzma-yuz muloqotda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bugungi kunda suv nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda tabiatning bebaho neʼmati, shu bilan birga, inson hayotining muhim omili ekanligini taʼkidlab, soʻnggi yillarda suv resurslari kamayib borayotgani undan oqilona foydalanishni taqozo etayotganini eʼtirof etdi.

Bu borada davlatimiz tomonidan suv resurslaridan tejab-tergab foydalanishga qaratilgan islohotlar jarayonida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgani ham bejiz emas. Ayni yoʻnalishda Fargʻona viloyatida ham suv tejovchi sugʻorish tizimlarini joriy etish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va nasos stansiyalarini energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirish ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda. Sugʻorish tizimlariga energiya tejovchi texnologiyalar, quyosh panellarini tatbiq etishda Fargʻona tajribasi yaratilayotgani esa bu sohadagi ishlar koʻlami tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.

— Ayni paytda viloyatda 130 ming gektardan ortiq ekin maydonlarini sugʻorish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun 168 ta nasos stansiyalari va 2303 ta tik quduqlar xizmat qiladi. Shu bilan birga, 1053 ta tik sugʻorish quduqlari undan foydalanuvchilar hisobiga oʻtkazilib, elektr energiya toʻlovlari ham ular tomonidan amalga oshirilyapti, — deydi Fargʻona viloyati Maxsus stansiyalar va energetika boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Abrorjon Xoliqov. — Belgilangan rejaga koʻra, dastlabki bosqichda viloyatdagi sugʻorish quduqlarida quyosh panellaridan foydalanishga oʻtiladi. Bu sugʻorish quduqlarini quyosh panellari vositasida ishlab chiqarilgan arzon elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi.

Taʼkidlash joiz, 50 kVt/soat quvvatga ega quyosh panel stansiyasining ayni paytdagi narxi 165 million soʻm. Bunday quyosh paneli bir kunda 300 kVT/soat elektr energiya ishlab chiqaradi. Bir oyda bu 9 ming kVt/soatni, bir yilda 108 ming kVt/soatni tashkil qiladi. Har bir kVt/soat elektr energiyasining bugungi narxi 900 soʻm ekani hisobga olinsa, odatiy elektr toʻlovidan bir yilda qariyb 100 million 200 ming soʻm mablagʻ tejab qolinadi. Demak, quyosh elektr stansiyasi uchun qilingan xarajat uzogʻi bilan 2-3-yilda oʻzini oqlaydi.

Bu kabi quyosh panellari endilikda oʻzimizda – Quvasoy shahrida ishlab chiqarilib, korxona mutaxassislari tomonidan aytilgan manzilga tezda yetkazish, oʻrnatish va ishlatib berish xizmati yoʻlga qoʻyilgani uning tannarxi yanada arzon tushishini taʼminlaydi.

“Blue Carbon” qoʻshma korxonasi rahbari Azizullo Habibullayevning maʼlum qilishicha, mazkur korxona oʻtgan yili faoliyat boshlagan boʻlib, bu yerda sifatli monokristall quyosh panellari hamda energiya tejamkor koʻcha yoritish moslamalari ishlab chiqarilmoqda.

Seminar davomida korxona mahsulotlari taqdimoti oʻtkazilib, nasos agregatlari va tik sugʻorish quduqlarida quyosh panellaridan foydalanishni keng yoʻlga qoʻyish borasida ijobiy takliflar bildirildi. Tadbir qatnashchilariga bogʻdorchilik fermer xoʻjaliklarida oʻrnatilgan quyosh panellarining afzalliklari tushuntirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер