Sudan misli koʻrilmagan ocharchilik yoqasida — BMT
Sudan xalqi tasavvur qilib boʻlmaydigan azob-uqubatlarni boshdan kechirmoqda. Bu haqda BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi vakili Edem Vosornu payshanba kuni Xavfsizlik kengashida soʻzlagan nutqida maʼlum qildi.
Xalqaro gumanitar qonunlarga aniq eʼtibor bermagan holda olib borilgan 20 oylik harbiy amaliyotlar oqibatida millionlab sudanliklar ochlik xavfi ostida qolmoqda. BMT bu mamlakatdagi gumanitar vaziyatni “dunyodagi eng yirik oziq-ovqat inqirozi” deb atamoqda.
BMT urush davom etayotgan Sudanda ocharchilik avj olayotgani, mahalliy aholi zoʻravonlik, vayronagarchilik, kasalliklar, aloqa yoʻqligi, shuningdek, ommaviy koʻchishlardan jabr koʻrayotganini taʼkidlab oʻtgan.
Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilning may oyigacha 24,6 mln kishi, barcha sudanliklarning deyarli yarmi shoshilinch oziq-ovqat yordamiga muhtoj boʻladi.
2023-yil aprel oyida boshlangan fuqarolar urushi oziq-ovqat ishlab chiqarish va savdoning kamayishiga olib kelgan. 12 milliondan ortiq sudanliklar uylaridan chiqishga majbur boʻlgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi, birinchi navbatda, nizolashayotgan barcha tomonlarni xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilishga, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasini himoya qilishga chaqirdi.
Insonparvarlik yordami koʻplab qochqinlar panoh topgan Chad va boshqa joylarga yetkazila boshlangan. Biroq jangovar harakatlarning faollashuvi yordamlarning manzilgacha yetib borishiga toʻsqinlik qilgan. “Zamzam” lageriga ketayotgan Jahon oziq-ovqat dasturining ikkinchi avtokolonnasi lagerning oʻqqa tutilgani haqidagi xabarlar tufayli toʻxtatilgan. Shu sababli minglab odamlar lagerlarni tashlab qochishga majbur boʻlgan, deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring