Sud-huquq sohasiga oid dolzarb qonunlar muhokama qilindi

21:13 30 Sentyabr 2025 Siyosat
321 0

Joriy yilning 30-sentyabr kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda fuqarolar huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirishga oid qator qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator farmonlari, Davlat dasturining ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, turar joyga boʻlgan mulk huquqini amalga oshirish va u bilan bogʻliq cheklovlar nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, hujjatda turar va noturar joylar toifasini oʻzgartirish tartibi va asoslari belgilanmoqda, yotoqxonadagi turar joylardan foydalanish, nogironligi boʻlgan shaxslar, keksalar, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun beriladigan maxsus uylar tartibi belgilanmoqda.

Lekin oʻrganish va tahlil natijalariga koʻra Qonunda qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan masalalar mavjudligi qayd etildi va qator kamchiliklar sanab oʻtildi.

Shundan soʻng majlis ishtirokchilari “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdi.

Qayd etilganidek, Qonun sud hokimiyati mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini yanada oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun yuzasidan Qoʻmita ekspertlari, vazirlik va idoralar vakillari, mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari tomonidan taklif va tavsiyalar bildirildi, berilgan savollarga Qonun tashabbuskorlari tomonidan tushuntirishlar berildi.

“Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hakamlik bitimi taraflari boʻlishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda. Yer bilan bogʻliq, binolar va inshootlarga egalik huquqini belgilash hamda byudjetdan pul undirish bilan bogʻliq nizolar hakamlik sudlari tomonidan hal etilmasligini belgilovchi, masʼul shaxslarning javobgarligi kuchaytirilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar ham kiritilmoqda.

Senatorlar tomonidan ushbu Qonun hakamlik sudlari faoliyatini tashkil etishning qonuniy asoslarini mustahkamlash, malakali hakamlik sudyalari korpusini shakllantirish hamda byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishini taʼminlash uchun xizmat qilishi alohida aytib oʻtildi.

Kun tartibidagi keyingi masala “Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Qonun huquqiy eksperimentni tashkil etishga, oʻtkazishga, uning natijalarini baholashga va joriy etishga doir munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. Unda sohadagi asosiy tushunchalar, asosiy prinsiplar, huquqiy eksperimentning shartlari, muddatlari, yagona reyestri, Vazirlar Mahkamasi va boshqa davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakolatlari nazarda tutilmoqda.

Senatorlar qayd etganidek, Qonunning qabul qilinishi eksperimental huquqiy normalarni joriy etish boʻyicha yagona huquqni qoʻllash amaliyotini taʼminlashga, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda fuqarolarning hayoti va farovonligini yaxshilashga xizmat qiladi.

Koʻrib chiqilgan qonunlar boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер