“Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining yangi Qonuni loyihasi: asosiy yangiliklar va kutilayotgan natijalar
Foto: Халқ сўзи
“Dunyoda hech qachon bir xil tong otgan emas” mazkur ibora paydo boʻlganidan buyon ming yillar oʻtdi. Bu butun koinot, tabiat va bashariyat doimiy oʻzgarishda, yangilanishda deganidir.
Darhaqiqat insoniyat ham ana shu azaliy qonuniyat asosida yashaydi va hayot kechiradi.
Har qanday yangilanishning mazmun-mohiyati, namoyon boʻlish xususiyati shunday.
Davrlar oʻtaveradi, zamonlar almashaveradi. Bu yorugʻ olamga kelgan har bir odamzod avlodi turli oʻzgarish va yangilanishlar sari intilaveradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yangi Oʻzbekiston strategiyasi kitobining Muqaddima qismi ana shunday purmaʼno fikrlar bilan boshlanadi.
Baralla aytish mumkinki, bugungi kunda respublikamizda barcha sohalarda olib borilayotgan tub islohotlar va ulkan bunyodkorlik ishlarini amalda koʻrishimiz mumkin.
Ana shunday ustuvor islohotlarning biri sifatida, mamlakatimizda biznes yuritish shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirishga oid islohotlarni izchil davom ettirish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa, eng avvalo insonlar farovonligi va ularni sogʻlom hayot kechirishlariga xizmat qiladi.
Hozirda, ilgʻor xorijiy davlatlardagi ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlarini bozor talablari asosida doimiy ravishda takomillashtirib borishi va yangi innovatsion texnologiyalarni jadallik bilan joriy etilishi natijasida jahon bozorida shiddatli raqobat muhiti shakllanmoqda.
Bunday, bozor munosabatlari taraqqiy etgan sharoitda, avvalo huquqiy islohotlar yoʻlida oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, Yangi Oʻzbekiston sharoitida jahon andozalariga moslashtirilgan qonuniy asoslarni yaratish zarurati paydo boʻldi.
Shu maqsadda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PF-6240-son Farmoni bilan tasdiqlangan Sifat milliy infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining yangi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Aytish mumkinki, hozirda amalda boʻlgan “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 1993-yilda qabul qilingan (2000-2021-yillar mobaynida 10 marotaba oʻzgartirishlar kiritilgan) boʻlib, bugungi kun talablari va standartlashtirish sohasidagi xalqaro hujjatlarga muvofiqlashtirishni talab etadi.
Shu bois, standartlashtirish sohasidagi xalqaro talablar va ilgʻor xorijiy tajribani qamrab olish, oʻtgan 29 yillik huquqiy amaliyotdagi boʻshliqlarni toʻldirish maqsadida mazkur yangi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Yangi tahrirda ishlab chiqilayotgan mazkur qonun loyihasi quyidagi asosiy yangiliklarni oʻz ichiga qamrab oladi:
Birinchidan, hozirgi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarning bosh mezoni sifatida iqtisodiy sektorga davlat aralashuvini keskin qisqartirish belgilanmoqda.
Bunday sharoitda, “davlat standarti” (Oʼz DSt) tushunchasidan voz kechilib, “milliy standart” (OʼzMSt) ga oʻtish taklif etilmoqda.
Xalqaro amaliyot tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, “Davlat standarti” tushunchasi majburiy bajarilishi shart boʻlgan talablarni ifodalaydi. Bugungi kunda, AQSH, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Rossiya va Xitoy singari ilgʻor davlatlarda ham “Milliy standart” tushunchasi qoʻllaniladi.
Ikkinchidan, jahon bozorida raqobat muhitining shiddatli tus olishi, oʻz navbatida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni bozor talablariga shiddat bilan moslashishi hamda raqobatbardosh boʻlishini taqozo etadi.
Hozirda, Jahon savdo tashkiloti (WTO), Standartlashtirish boʻyicha xalqaro tashkilot (ISO) singari yirik tashkilotlar talablariga asosan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar isteʼmol bozorlari va xorijiy davlatlar bozorlariga erkin kirib borishida raqobat muhitini yaratishda standartlarni qoʻllash ixtiyoriylikni kasb etadi.
Shunga koʻra, yangi tahrirda ishlab chiqilayotgan qonun loyihasida milliy standartlarni ixtiyoriy asosda qoʻllash amaliyoti taklif etilmoqda. Bunda, qoʻllanilishi majburiy boʻlgan standartlar roʻyxati faqat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Maʼlumot uchun: bugungi kunda standartlashtirish fondida 30 mingga yaqin standartlar mavjud boʻlib, ularga rioya qilinishi majburiy sanaladi. Yangi tahrirda ishlab chiqilayotgan ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi esa, mazkur standartlarni 18 mingdan ortigʻini majburiy tusdan, ixtiyoriy tusga oʻtkazadi.
Uchinchidan, mahsulotlar eksport geografiyasining kengayishi va ularni jahon bozorida erkin harakatlanishida, turli xil savdodagi texnik toʻsiqlarni paydo boʻlishini oldini olishda xorijiy davlatlarda belgilangan talablarni inobatga olish zarur hisoblanmoqda.
Bunda, xalqaro, mintaqaviy va xorijiy davlatlarning milliy standartlarini respublikamiz hududida Milliy idoraning qaroriga muvofiq milliy standart sifatida oʻzgarishsiz qabul qilish orqali qoʻllash amaliyoti joriy etilmoqda.
Maʼlumot uchun: Hozirda Yevropa standartlashtirish qoʻmitasi (CEN), Amerika materiallarni sinash jamiyati (ASTM), Fransiya standartlashtirish uyushmasi (AFNOR), Germaniya standartlashtirish tashkiloti (DIN) va Rossiya Federatsiyasi Texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya federal agentligi (Rosstandart) singari tashkilotlar bilan standartlarni qoʻllash boʻyicha hamkorlik kelishuvlari mavjud.
Toʻrtinchidan, standartlashtirish sohasida ilk marotaba muayyan muddatga qabul qilinadigan “dastlabki standart” (DS)ni qoʻllash amaliyoti joriy etilmoqda.
Mazkur toifadagi standartlar, yangi turdagi mahsulotlar uchun ishlab chiqilgan va bozor tamoyillariga moslashishi maqsadida qoʻshimcha ravishda ilmiy-tadqiqot hamda amaliyot koʻrsatkichlarini olib borishni talab etadi. Bunda, standart loyihasi dastlabki standart shaklida standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmita tomonidan muayyan muddatga qabul qilinadi.
Beshinchidan, standartlashtirish boʻyicha xalqaro, mintaqaviy va xorijiy davlatlar tashkilotlari bilan samarali hamkorlik aloqalarini amalga oshirish va standartlarni ishlab chiqish, tasdiqlash, bekor qilish hamda yangilash ishlarini turli xil idoralar kesimida alohida-alohida amalga oshirish amaliyotidan voz kechilmoqda.
Bunda, standartlashtirish sohasida tegishli qarorlar qabul qilish boʻyicha vakolatini milliy organ sifatida – Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Oʻzbekiston standartlar institutiga berish taklif etilmoqda.
Maʼlumot uchun: hozirda bu kabi vakolat Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (iqtisodiyot tarmoqlari), Qurilish vazirligi (qurilish sohasida), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida), Sogʻliqni saqlash vazirligi (tibbiyot vositalaridan foydalanish sohasida) va Mudofaa vazirligi (mudofaa sohasida) mavjud.
Bunda, standart loyihalari tarmoqlar huzurida tashkil etiladigan standartlashtirish boʻyicha texnik (?) qoʻmita tomonidan konsensus asosida ishlab chiqiladi va tasdiqlash uchun Milliy idoraga taqdim etiladi.
Oltinchidan, standartlashtirish sohasida nizolarni hal etish boʻyicha samarali va taʼsirchan mexanizm joriy etilmoqda. Unga koʻra, manfaatdor tomon yoki standartlashtirish boʻyicha texnik (?) qoʻmita Milliy organning harakati (yoki harakatsizligi) va u tomonidan qabul qilingan tegishli qarorlarni belgilangan tartib-tamoyillarga zid ravishda amalga oshirilgan deb hisoblasa, Milliy organ huzurida tuziladigan Appelyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqi kafolatlanmoqda.
Shuningdek, tomonlar Appelyatsiya komissiyasi qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, standartlarni ishlab chiqish, tasdiqlash, roʻyxatga olish, yangilash, toʻxtatib qoʻyish yoki bekor qilish hamda texnik (?) qoʻmita faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan kelishmovchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda, yakuniy qaror Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan qabul qilinishi belgilanmoqda.
Yettinchidan, quyidagi tashkilot va idoralarning standartlashtirish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi - davlat siyosatini amalga oshirish, davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, milliy standartlashtirish tizimini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, rivojlantirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, majburiylik tusiga ega boʻlgan standartlarni belgilash, ilmiy-texnikaviy faoliyatni tashkil etish hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarini iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi – oʻz vakolatlari doirasida umummajburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash, milliy standartlashtirish dasturining bajarilishini monitoring qilish, zamonaviy boshqaruv uslublariga asoslangan yagona uygʻunlashgan standartlashtirish tizimini yaratish va Milliy idora huzurida Apellyatsiya komissiyasini tuzish hamda uning faoliyatini tashkil etish;
Milliy idora – standartlashtirish sohasida dasturiy hujjatlar ishlab chiqish va amalga oshirish, jumladan milliy standartlashtirish dasturini amalga oshirish, zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali standartlashtirish tizimini raqamlashtirish, standartlashtirish boʻyicha texnik (?) qoʻmita faoliyatini muvofiqlashtirish, standartlarni ishlab chiqish, tasdiqlash, bekor qilish va yangilash, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini ifodalash;
Davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari – Milliy idoraga yangi standartlarni ishlab chiqish, bekor qilish va ularni yangilash yuzasidan takliflar kiritish, standartlar loyihalarini ishlab chiqishni tashabbus qilish, standartlashtirish boʻyicha texnik (?) qoʻmitani tashkil etish hamda uning faoliyatini yuritish.
Sakkizinchidan, mazkur qonun loyihasi bilan standartlashtirish sohasida xalqaro normalarda keltirilgan tushunchalar, oshkoralik va shaffoflik prinsiplari hamda davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining yangi Qonuni loyihasini qabul qilinishi, eng avvalo Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasiga, inson qadri va uning farovonligiga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sifatli, xavfsiz va raqobatbardosh boʻlishiga xizmat qiladi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi milliy standartlashtirish tizimini mazmun jihatidan xalqaro amaliyot bilan uygʻunlashtiradi, mahsulot ishlab chiqarish sifatini oshirib, ularni tashqi bozorda raqobatbardosh boʻlishiga hamda milliy standartlarimizni jahon bozorlarida jaranglashiga erishiladi.
Sardorbek Qoʻshaqov,
Oʻzbekiston standartlar instituti
direktor oʻrinbosari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring