Sportni rivojlantirish vaziri Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi rahbarini qabul qildi

01:48 30 Iyul 2022 Sport
777 0

Foto: minsport.uz

29-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov yurtimizda tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi (IKA) prezidenti, Osiyo Olimpiya Kengashining Osiyo oʻyinlari bosh direktori Haydar Farmonni qabul qildi. Mazkur uchrashuvda Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Sherzod Tashmatov va boshqa masʼul xodimlar ishtirok etishdi.

Muloqotda Sportni rivojlantirish vazirligi va Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, turli mamlakatlarda faoliyat koʻrsatayotgan murabbiylar va hakamlar, qolaversa sportchilar oʻrtasida tajriba almashish imkoniyatini yaratish, xalqaro nufuzli musobaqalarni tashkil etishda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

IKA prezidenti tomonidan kurash sport turining xalqaro maydondagi rivoji, oʻtkazilayotgan nufuzli musobaqalar, qitʼa oʻyinlarida ishtiroki va joriy yilda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan qitʼa va jahon chempionatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Taʼkidlash lozim, joriy yilning oʻtgan olti oyi mobaynida kurashning xalqaro rivoji borasida bir qator muhim tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 17-21-mart kunlari Tojikistonning Dushanbe shahrida kurash boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo chempionati va Osiyo-Okeaniya Kurash konfederatsiyasining navbatdagi Kongressi boʻlib oʻtdi. Mazkur nufuzli chempionatda qitʼamizning 24ta davlatidan 200 nafardan ziyod sara polvonlar gʻoliblik uchun gilamga tushdi.

24-27-mart kunlari Xalqaro Kurash instituti bilan hamkorlikda Italiyaning Rim shahrida Yevropa Kurash konfederatsiyasiga aʼzo mamlakatlarning kurash murabbiylari uchun xalqaro seminar tashkil etildi. Seminarda 10 ga yaqin mamlakatdan 90 nafar murabbiylar ishtirok etishdi.

28-30-mart kunlari Hindistonning Mumbay shahrida IKAning navbatdagi ijroiya qoʻmitasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish davomida kurashning oldida turgan koʻplab masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston hukumatining qoʻllab-quvvatlashi hamda assotsiatsiya rahbariyatining saʼy-harakatlari bilan kurash sporti Osiyo oʻyinlarining barcha dasturlaridan rasman oʻrin egalladi.

Shu bilan birga Sportni rivojlantirish vaziri ham vatani Oʻzbekiston boʻlgan kurashning ayni kunlarda dunyo miqyosida obroʻsi ortib borayotgani quvonarli hol ekanligini taʼkidlab, bugungi kunda Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi tarkibiga 130 dan ziyod davlatlar milliy federatsiyalari aʼzo boʻlib kirganligi va faoliyat yuritayotganligi kurashning nufuzi qay darajada ortib borayotganining yaqqol ifodasi ekanligini maʼlum qildi.

Qayd etish lozim, 2020-yil 4-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

Mazkur hujjat kurash sportining rivoji yoʻlida yangi davrni boshlab berdi. Qaror asosida Assotsiatsiya va uning tarkibidagi milliy federatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, professional kurashchi va mutaxassislarni tayyorlash, kurash sportini yanada ommalashtirish, Respublika va xalqaro media maydonda keng targʻib qilish, kelajakda kurashni Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish borasida manzilli chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Uchrashuvdan soʻng Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasida Sportni rivojlantirish vaziri va Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi prezidenti ishtirokida matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda kelgusida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etiladigan nufuzli musobaqalar va bu borada Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston kurash federatsiyasi tomonidan yoʻlga qoʻyiladigan hamkorlik aloqalari haqida maʼlumotlar berildi.

Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon yana bir necha kun davomida mamlakatimizda boʻladi va tashrif doirasida bir qator muhim uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?