Sovrinni emas, oringni ulugʻ tut, polvon!
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Xalqimizning ildizi qadim-qadimlarga borib taqaladigan sof milliy sport turlaridan biri bu – kurash hisoblanadi.
Azaldan toʻy va bayramlar, turli tadbirlar munosabati bilan tashkil etiladigan kurash musobaqalarida davraga tushgan polvon nafaqat oʻz shaʼni, balki qishlogʻining, ovulining orini, gʻururini, ishonchini ham zimmasiga olib chiqqan. Shu bois ham yoshlarni jismoniy chiniqtirish, halollik, raqibga hurmat, yuksak gʻurur va oriyat ruhida tarbiyalash vositasi ham boʻlib kelgan bu oʻyin.
Bugun ham, ayniqsa, chekka qishloq va mahallalarda turli tadbirlar, toʻy-tantanalar munosabati bilan kurash musobaqalari tashkil etish anʼana tusini olmoqda. Biroq ...
Polvon koʻp, davra talash
Yaqinda Koʻkdala tumanida boʻlgan bir toʻyning dovrugʻi haqida eshitib qoldim. Oʻylab koʻrsam, toʻykurashni jonli tomosha qilmaganimga ham ancha boʻlgan ekan. Shu bois barcha ishlarni chetga surib, toʻyga oshiqdim.
Kurash boʻladigan maydonga uzoq-yaqin qishloqlar, qoʻshni tumanlar, hatto boshqa viloyatlardan ham ishqibozlar kelishgan, tumonat odam.
... Kurash boshlandi. Avvallari bilagida kuchi bor har qanday kishi ham yurak yutib davraga chiqa olmasdi. Chunki kurash magʻlubiyatsiz boʻlmaydi. Gʻururi, oriyati baland insonning esa magʻlubiyatni tan olishi qiyin. Katta-katta polvonlarning ham bir bor raqibidan yengilib, yillab kurash tushmay ketgani haqida koʻp eshitganmiz.
Hozir esa oʻzini polvon sanaguvchidan koʻpi yoʻq ekan. Toʻyda yosh bolalar oʻrtasidagi kurashlar yakunlanib, navbat oʻsmir yoshdagi polvonlarga kelgach, sovrin ham shunga yarasha dadil-dadil qoʻyila boshlandi. Buni koʻrib 40-50 chogʻlik polvon yigitlar bakovulni oʻrab olib, “Men kurashaman”, “Meni palonchi bilan tushiring”, “Palonchiga men chiqay” kabi talablarni boshlab yuborishdi. Ularga gap uqtira olmagan bakovul ham oxiri ikkita-ikkitasini bir qilib, “Ana kurash” deb yuboraverdi. Qarang, bir davraning oʻzida besh-olti juft polvon kurash tushayapti.
Eng qizigʻi, gʻolib polvon toʻy egalaridan sovrin (mukofot)ni oladi-yu, yana davraga yuguradi. Yiqilgan polvon ham kiyimining changini qoqa-qoqa bakovulga qarab talpinadi: “Boshqa birortasi bilan olishay, bakovul buva”.
Yosh polvon oʻzining yiqilgani, magʻlub boʻlganini xayoliga ham keltirayotgani yoʻq. Maqsad — boshqa birortasini yiqitib, sovrindan bebahra qolmaslik.
“Oʻzimizning polvon yutadi”
Ilgari toʻykurashlarga begona joydan, notanish polvonlar ham kelib qolar, agar zoʻr boʻlsa, hech kim tanimagan ana shu polvon davrada nom qozonib, sovrinni ham, tomoshabinlarning olqishi-yu rahmatlarini ham olib ketardi. Hozir esa bu ish uncha-muncha polvonning qoʻlidan kelmas ekan. Toʻgʻrirogʻi, mahalliy polvonlar bunga yoʻl qoʻyishmas ekan.
Navbat yanayam kattaroq polvonlarga yetib keldi. Davraga qoʻshni viloyatdan kelgan Bobur polvon hamda shu qishloqlik Azamat polvon tushishdi. Sovrinning salmogʻi esa kichik emas: bir qoʻchqor, bir hoʻkiz va tilla taqinchoq.
Polvonlar kurashni boshlashdi. Azamat polvon hayqirib raqibini oldinga tortdi. Mehmon polvon esa choʻkkalab qoldi. Ana shu payt odamlar orasidan bir kishi yugurib chiqib, Azamat polvonni yelkasiga koʻtarib oldi va davra aylanib yugura boshladi. Yoniga 50-60 chogʻli tarafkashlari qoʻshilib, Azamat polvonni qutlashga tushib ketishdi.
Bakovul ham, toʻy egasi ham hayron. Halol yiqitmadi, boshqatdan kurashsin, degani bilan Azamat polvonning tarafkashlari tinglashni istashmaydi, janjal chiqib, toʻy buziladi.
Oxiri sovrinni berib qutulishdi. Hech kimga gap uqtira olmagan mehmon polvon esa yaktagini yerga uloqtirib, davradan chiqib ketdi.
Eng yomoni, kurash tugaguniga qadar bunday gʻirromliklarga juda koʻp bora guvoh boʻldik.
Hamrohlarimning aytishicha, oʻz elida boʻladigan kurashlarda ana shunday ustunliklardan foydalanish, raqibga turli yoʻllar bilan bosim oʻtkazish ham ayrim “polvon”larimiz uchun odatga aylanib borayotgan ekan. Bunga tomoshabinlar ham koʻnikib qolishibdi.
— Bolalik chogʻlarimda boʻladigan kurash oʻyinlari boshqacha edi-da, — deydi chiroqchilik faxriy polvon Nurali Botirov. — U vaqtlari maydonda polvonlar emas, ikki qishloqning gʻururi, oriyati bahsga kirishar, bunday vaziyatda sovrin degan narsa umuman chetga chiqib ketardi. Sovrin gʻolib polvonga mukofot, ishqibozlarning eʼtirofi ramzi sifatida berilardi. Gʻolib polvon sovrinni olar ekan, uni peshonasiga surtib qoʻyar, bu ona sutiday halol qilib olayapman, degani boʻlardi. Magʻlub polvon esa raqibining yelkasiga sekin qoqib, soʻng maydonni tark etardi. Bu uning mardligi, raqibiga tan berganiga ishora edi. Oddiygina koʻrinadigan ana shu jihatlar davra chetida oʻtirgan koʻplab yoshlarning qalbida halollik, mardlik, tantilik tuygʻularini uygʻotganiga shubham yoʻq. Hozirgi kurash musobaqalarida esa bu jihatlarni kamdan-kam uchratasiz.
Kurash oʻyinlari dabdababozlikka aylanmasin
Kurashdan qaytar ekanman, davra atrofida qoʻsha-qoʻsha qoʻchqor, hoʻkiz, yetaklagan, ot, tuya mingan polvonlarning koʻpligini koʻrib, ensam qotdi.
Jarchi esa ovoziga zoʻr berib, keyingi hafta boʻladigan yana bir toʻydagi kurash musobaqasini eʼlon qilardi: “Puldan tashqari sovringa besh qoʻchqor, besh hoʻkiz, ikki tuya aytiladi. Bosh “tovoq”qa mashina qoʻyiladi...”
Menga muammoning ildizi ham shu yerda tuyuldi. Toʻyida dabdababozlik, kimoʻzarlik uchun kurash tashkil qilayotgan, millionlab pullarni toʻkib-sochayotgan kishilar koʻp. Ehtimol, yuqoridagi kabi holatlarning avj olishiga, yosh-yosh yigitlarning pul uchun davraga chiqib, polvonlikka xos halollik, oriyat va gʻurur kabi fazilatlarni unutib qoʻyayotganiga ham ana shu sovrinlarning koʻpligi, kattaligi sabab boʻlmayaptimikan?.
Sportga xos prinsiplar kerak
Yana bir jihati, avvallari xalq ichida oʻtkaziladigan kurash oʻyinlarining yozilmagan qoidasi boʻlgan. Polvon ham, bakovul ham, tashkilotchi ham ana shu qoidalarga qatʼiy amal qilishgan. Davrada xalq nazari eng asosiy hakam boʻlgan. Ular bu “hakam”ning taʼsiridan chiqib keta olishmagan. Bugun biz koʻrayotgan toʻykurashlarda esa bu holatni koʻpam kuzatmaymiz.
Shunday ekan, toʻykurashlarda ham sport prinsiplari, tartib-qoidalari soʻzsiz amal qilishi, buning uchun uning ustidan mahalla yoki boshqa jamoatchilik nazoratlari oʻrnatilishi lozim. Toki qadim-qadimdan yoshlarimizni halollik, raqibga hurmat, yuksak gʻurur va oriyat ruhida tarbiyalash vositasi boʻlib kelayotgan milliy kurashimiz mavqeiga putur yetmasin. Polvon degani orini, gʻururini, halollikni qiymatli sovringa alishmasin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring