Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayev ishdan olindi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlatimiz rahbari Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan “Chorsu” bozorida toʻlov intizomi joyiga qoʻyilmagani, “Malika” savdo kompleksida esa ahvol bundan ham ayanchli ekanini koʻrsatib oʻtdi.
Kompleksda 1,5 mingga yaqin tadbirkor faoliyat yuritsada, ularning faqat toʻrtdan biri roʻyxatdan oʻtgan, 25 foizi oyiga 1 million soʻm ham soliq toʻlamayapti. Shuningdek, dekabr oyida plastik kartalar orqali yechib olingan 600 milliard soʻmlik savdo tushumi yashirilgan.
Toshkent shahar soliq boshqarmasi byudjet rejasini yaxshi ishlayotgan tadbirkorlarga ortiqcha toʻlov qildirish hisobidan bajarmoqda. Jumladan, 46,4 ming korxonadan 876 milliard soʻm ortiqcha toʻlov undirilgan.
Soliq qoʻmitasida qoʻshilgan qiymat soligʻidan sunʼiy ortiqcha toʻlov hosil qilish orqali uni byudjetdan noqonuniy qoplash holatlari koʻpaygan. Oʻtgan yilda mazkur soliqni noqonuniy qaytarish boʻyicha 20 nafar soliq xodimiga jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Ushbu yoʻnalishga javobgar boʻlgan, yetti yildan beri ishlab kelayotgan qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayevning loqaydligi va masʼuliyatsizligi koʻrsatib oʻtildi. Yigʻilishda M.Mirzayev ishdan olindi.
Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshligʻi X.Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshligʻi Y.Nasimdjanovni ishdan olish, faoliyatini oʻrganib, qonun ustuvorligini taʼminlash topshirildi.
Soliq qoʻmitasi raisiga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalarining boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qoʻyish topshirildi.
Qoʻmita raisi F.Poʻlatov va qoʻmitaga tayinlangan komplayens boʻyicha yangi oʻrinbosar A.Soliyevga korrupsiyaga murosasiz muhitni yaratish, Toshkent shahri soliq rahbarlarining lavozimga loyiqligini koʻrib chiqib, ularning oʻrnini vatanparvar, yangilikka intilib ishlaydigan shijoatli yoshlar bilan toʻldirish vazifasi qoʻyildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari A.Gʻaniyev qoʻshtirnoq ostidagi “tadbirkor”larga soliqdan qochishda yoʻl koʻrsatib yurgani uchun uni bugunning oʻzida ishdan olish topshirildi.
A.Soliyev va Toshkent shahar hokimiga komplayens boʻyicha oʻrinbosar etib tayinlangan M.Mirhamidov poytaxtda yashirin iqtisodiyotga qarshi murosasiz muhit yaratishga masʼul boʻlishi belgilandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring