Soxta raqamli “Malibu” jarima maydoniga olib kirildi

17:53 12 Aprel 2023 Jamiyat
588 0

Arxiv foto

Namanganda soxta raqam bilan harakatlangan “Maibu” avtomashinasi aniqlandi. Noma’lum shaxsga tegishli bo‘lgan, qora rangli ushbu avtotransport vositasi 01 072 AAA belgili sohta davlat raqamini o‘rnatib olgan holda yurganligi to‘g‘risida olingan ma’lumotga asosan tezkor qidiruv harakatlari natijasida qo‘lga tushirildi.

Qidiruv ishlari davomida haydovchi joriy yil 22 mart kuniga o‘tar kechasi soat 00:51 da A-373-“Namangan-Toshkent” magistralining Angren shahar hududida Namangan viloyati yo‘nalishiga harakatlanib, MJtKning 1283-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganligi, shu kuni soat 02:50 da Namangan shahar, Davlatobod tumani hududida, soat 03:09 da esa shaharning “Lola” dahasida joylashgan “Qumqo‘rg‘on” chorrahasida yuqoridagi kabi qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani kuzatuv kameralariga qayd etilgan.

Namangan viloyat ichki ishlar boshqarmasidan xabar berishlaricha, o‘rganish chog‘ida mazkur davlat raqam belgisi bilan aslida “Creative Organization” MCHJ tasarrufidagi “HUNDAY Santa-Fe” rusumli avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, avtoraqamning asli hozirda ushbu mashinaga qadalgan holatda ekanligi ma’lum bo‘ldi. “Malibu”ning egasi Namangan shahar, Qadamjo mahallasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro bo‘lib chiqdi. Avtomobil aslida  01 A 215 AA davlat raqami bilan ro‘yxatga olingan. Aniqlanishicha, haydovchi sohta avtoraqamni Rossiya Federasiyasida mavsumiy ishlash uchun ketgan tanishiga buyurtma berib, Moskva shahrida 30 AQSH dollariga yasatgan va bir necha marotaba o‘z avtomobiliga qadab foydalanib kelgan.

Savol tug‘iladi: soxta raqam bilan yo‘llarda istagancha tezlikda harakatlangan ushbu shaxs bu qilmishi bilan piyodalarga va huddi shu raqam bilan yurgan boshqa haydovchiga jabr yetkazishi mumkinligi haqida nahot o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsa. Qing‘ir ishning esa hamisha xotimasi bor. Yuqoridagi hamda avtomashina hujjatlarini qalbakilashtirish bilan bog‘liq holatlarga to‘liq huquqiy baho berishni ta’minlash maqsadida JKning tegishli moddalari bilan qonunbuzar fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda. “Malibu” esa jarima maydoniga joylashtirildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?