Soʻx tumanida mevali bogʻlar va dorivor giyohlar plantatsiyalari barpo etilmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyatining anklav hududi – Soʻx tumanida tadbirkorlik, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish sohalarida hayotbaxsh loyihalar amalga oshirilayotganidan xabaringiz bor.
Ayni kunlarda tumanning Javpaya massivida qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan va qoʻshimcha oʻzlashtirilayotgan yangi yer maydonlarida mevali bogʻlar va dorivor giyohlar plantatsiyalari tashkil etilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, kam suv talab etadigan ekinlar ekish hisobiga yerlarni oʻzlashtirish va mazkur yerlarni yoshlarga boʻlib berish orqali ularni ish bilan, daromad bilan taʼminlashdan iborat.
Soʻx tumani hokimligi axborot xizmatining “Xalq soʻzi” muxbiriga xabar berishicha, hozirda Javpaya massivida jami ming gektar yer oʻzlashtirilyapti. Shu maqsadda sekundiga 200 litr suv tortish quvvatiga ega 5 ta nasosdan iborat stansiya yordamida 5 km tarmoq tortib, 223 metr balandlikka suv chiqarish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Buning uchun viloyat mahalliy byudjetidan 21 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Bugungi kunga qadar oʻzlashtirilgan yerlarda 10 sotixdan issiqxona-limonariylar tashkil etilib, imtiyozli kredit asosida, shuningdek, subsidiya hisobidan bepul ravishda yosh oilalarga ajratib berildi.
Shu kunlarda massivning yuqori qismida joylashgan togʻlar bagʻrida anorzor barpo etish ishlari jadal olib borilyapti. Birinchi bosqichda 230 gektar yerga anor koʻchatlari ekish ishlariga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Buning uchun xorijdan 153 ming tupdan ziyod intensiv koʻchatlar keltirildi. Rejaga koʻra, ikkinchi bosqichda yana 200 gektardan ziyod yerda anorzor tashkil etiladi.
Shuningdek, Fargʻona viloyat hokimligi tashabbusi bilan Soʻxning Qayroq massivida oʻzlashtirishga kirishilayotgan 1080 gektar yaylov yerlarda yongʻoq, olma va nok bogʻlari, malina, tut hamda dorivor giyohlar plantatsiyalari tashkil etish hisobiga 3 mingdan ziyod yoshlar doimiy ish oʻrniga ega boʻlishi koʻzda tutilgan.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring