Sohir qalam moʻjizasi
Kecha Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyida Respublika “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda “Sohir qalam moʻjizasi” IV Respublika xattotlik va miniatyura asarlari koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Unda mamlakatimiz hududlaridan oʻttiz nafardan ziyod xattotlik va miniatyura yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan hunarmandlarning 150 dan ortiq ijodiy ishlari namoyish etildi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Respublika “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari 26 ming nafarni, shogirdlar soni 90 ming 785 nafarni tashkil etsa, hunarmandchilikning miniatyura va xattotlik yoʻnalishida 274 nafar usta hunarmand faoliyat olib bormoqda. Hunarmandchilik yoʻnalishlarini saqlab qolish va rivojlantirish hamda kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida qoʻshimcha 9 ta faoliyat roʻyxatga qoʻshildi. Ana shu yoʻnalishlardan biri xattotlik yoʻnalishidir.
Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga koʻra, hunarmandchilik faoliyatining yoʻnalishlari amaldagi 34 tadan 43 taga koʻpaytirildi.
Maʼlumki, xattotlik sanʼatiga bagʻishlangan koʻplab risolalar oʻn xil asosiy xat uslublari (nasx, kufiy, muhaqqaq, nastaʼliq, suls, tavqe, taʼliq, devoniy, riqo, riqʼiy) mavjudligi haqida darak beradi. Oʻrta Osiyoda arab yozuvlari tarqalguniga qadar turli yozuv usullari boʻlgan qadimiy yozuvlardan boʻlgan kufiy yozuvi koʻpgina meʼmoriy va boshqa yodgorlik obidalarining bezagida saqlanib qolgan.
Bu hali hammasi emas. Xattotlik hozirgi kunda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida oʻrgatiladi.
Mazkur koʻrgazmaning tashkil etilishidan maqsad yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga milliy hunarmandchiligimiz haqida maʼlumot berish, targʻib qilish, yoshlarni hunarga oʻrgatishdan iboratdir.
Shohsanam YOʻLDOSHEVA,
OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti 2-bosqich talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring