“Sohibqiron” yozgi bolalar oromgohida 1000 nafar oʻgʻil-qiz sogʻlomlashtiriladi

17:14 14 Iyul 2023 Jamiyat
855 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Shu kunlarida Yakkabogʻ tumanining soʻlim Kenguzar qishlogʻida joylashgan “Tallimarjon IES” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Sohibqiron” bolalar oromgohi oʻquvchi-yoshlar bilan gavjum.

— Ushbu oromgohda mavsum davomida korxonamiz ishchi-xodimlari hamda Nishon tumanidagi kam taʼminlangan oilalarning farzandlaridan iborat 1000 nafar bolajonlar hordiq chiqarishi rejalashtirilgan, — deydi “Tallimarjon IES” AJ matbuot xizmati rahbari Elyor Darxonov. — Soʻlim maskanda bolajonlarning miriqib dam olishi, sport bilan shugʻullanishi hamda oʻz isteʼdod va qobiliyatlarini namoyish etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Ayni paytda oromgohda rassomchilik va xorijiy tillar toʻgaraklari faoliyat koʻrsatmoqda. Shuningdek, tasdiqlangan reja-jadvali asosida sport musobaqalari, kitobxonlik, mushoira kechalari oʻtkazib kelinayotir. Koʻngilochar shoular, konsert dasturlari, qoʻgʻirchoq teatri va sirk tomoshalari ham bolajonlarga quvonch baxsh etyapti.

— Oromgohda vaqtimiz juda mazmunli oʻtmoqda, — deydi dam oluvchi Nursaid Menglimamatov. — Turli qiziqarli tadbirlardan aslo zerikmaysiz. Qolaversa, jamoadoshlarim bilan birga koʻplab musobaqalarda qatnashib, faxrli oʻrinlarni egalladik.

Taʼkidlash oʻrinliki, joriy yilda Qashqadaryo viloyatidagi 16 ta yozgi bolalar oromgohlarida 21 ming 440 nafar oʻgʻil-qizni sogʻlomlashtirish koʻzda tutilgan.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?