Sogʻlom raqobatga nima toʻsqinlik qilyapti?
Oʻtgan yili Saudiya Arabistonidan Gruziyaga 74 ming, Ozarbayjonga 54 ming va Malayziyaga 33 ming nafar sayyoh tashrif buyurdi. Oʻzbekistonga esa ushbu mamlakatdan bor-yoʻgʻi 821 nafar mehmon ziyoratga kelgan. 2018-yil mobaynida saudiyaliklar birgina Malayziyada 916 million (salkam 1 milliard!) dollar sarflashgan. Bu bitta davlat sayohatchilaridan kelgan daromad.
Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi. Imom Buxoriy, At-Termiziy, Al-Fargʻoniy kabi islom olamining butun dunyoga mashhur olimu allomalari yurti — Oʻzbekistonga nega xorijlik mehmonlar oqimi sust? Keling, mutasaddilar, mutaxassislar, oddiy odamlar va sayyohlar fikrlari asosida transport infratuzilmasidagi nuqsonlar hamda kamchiliklar misolida buning sabablarini tahlil etishga harakat qilsak.
Davlatimiz rahbari 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida turizmni jadal taraqqiy ettirish orqali 2025-yilgacha yurtimizga tashrif buyuradigan xorijlik sayyohlar sonini 7 million nafarga, undan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga yetkazish lozimligini taʼkidlagandi. Bugun turizm infratuzilmasini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar qanchalik samara beradi? Bunga nimalar xalaqit bermoqda?
Yaqinda Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida ushbu masala atroflicha muhokama qilinib, uning bir qator asosiy sabablari oʻrganilgan. Ushbu omillar qatorida sayyohlarning mamlakatimiz boʻylab erkin harakatlanishi uchun transport xizmati koʻngildagidek yoʻlga qoʻyilmagan, degan notoʻgʻri tasavvur mavjudligi ham alohida taʼkidlab oʻtilgan.
Aslida ham bu notoʻgʻri tasavvurmi? Maqolamiz avvalida faqat Saudiya Arabistoni sayyohlari eng koʻp tashrif buyuradigan davlatlar roʻyxatini bejiz keltirmadik. Jidda (Saudiya Arabistoni)dan Kuala Lumpur (Malayziya)gacha boʻlgan masofa 7000 kilometrni tashkil etadi. Buning uchun 8 soatu 40 daqiqa parvoz qilinadi. Chipta narxi esa 509 dollardan boshlanadi. Saudiya Arabistonining mazkur shahridan Toshkentgacha boʻlgan masofa 3500 kilometrni tashkil qilgani barobarida, 4 soatu 40 daqiqa uchiladi. Oʻzbekiston Milliy aviakompaniyasi chipta narxlari 870 dollardan boshlanadi. Masofalar teng yarmiga farq qilishiga qaramay, narxdagi tafovut deyarli 35 — 40 foizni tashkil qilmoqda.
Demak, mamlakatimizda transport tizimida saqlanib qolayotgan monopol tizim birgina sayyohlik rivojidagi eng katta toʻsiq, deyish mumkin. Xulosamizni dalillar bilan boyitsak.
“Bir yilda ikki barobar qimmatlashdi”
— Almati shahriga borish uchun Toshkentdan poyezd chiptalarini qidirdim, — deydi ziyo.uz sayti asoschisi va bloger Davronbek Tojialiyev. — Bugunga bor ekan (2019-yil 19-iyun). Tezyurar “Talgo” poyezdi. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ saytiga kirib, narxini bildim: eng arzon bilet 328 824 soʻm. Kupe — 756 931 soʻm, lyuks — 1 091 103 soʻm. Saytda yozilishicha, chipta narxi bilan birga vositachilik yigʻimi ham olinarkan. MDH davlatlariga qatnaydigan poyezdlar uchun 70 000 soʻm. Jami 400 000 soʻmga yaqin boʻlarkan. Qimmatlik qildi.
Bor-ye, dedim-da Chernyayevkadan Chimkentga yoʻlga chiqdim. Taksida 1500 tenge (33000 soʻm) bilan Chimkent temir yoʻl vokzaliga yetib oldim. Shu yerdan ayni Toshkent — Almati poyezdiga Chimkentdan Almatigacha chipta oldim: 3800 tenge (83600 soʻm). Toshkentda 400000 soʻm boʻlgan chipta Chimkent orqali menga 116600 soʻmga tushdi. Oʻsha reys, oʻsha poyezd, oʻsha vagonlar, oʻsha yoʻl. Toshkent — Chimkent oraligʻidagi masofa 130 km. xolos. Chipta narxi esa kamida 3 baravar arzon.
— Oʻtgan yili iyul oyida Toshkent — Parij — Toshkent reysining chiptasini 3 600 000 soʻmga sotib olgan edim, — deya soʻzini davom ettiradi bloger Feruz Allayev. — Nimadir chegirmalar berishgandi. Chiptaning oʻrtacha narxi adashmasam, 4 200 000 soʻm edi. Bu yil ham iyul oyiga Parijga chipta olmoqchi boʻldim. Chipta narxi 6 150 000 soʻm. Narx chegirmadagi qiymatdan 2 550 000 soʻm, yaʼni 300 dollarga oshgan. Shuning uchun ham Istanbul orqali uchishga qaror qildim.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ xizmatida ham muammolar bisyor:
— Temir yoʻl kassalaridagi muammolarga, sansalorliklarga ham qachondir chek qoʻyilarmikin, — deydi Xoʻjayli tumanilik Davronbek Yusupov. — Oʻzim tadbirkorman, tijorat ishlari tufayli qoʻshni mamlakatlarda ham juda koʻp safarda boʻlaman. Muammoning tub mohiyati shundaki, bizda temir yoʻl chiptalari juda qimmat. Boz ustiga, bor chiptani ham bron qilingan, chipta yoʻq, deya sarson qilishadi. Ishonmasangiz, Xorazm va Qoraqalpogʻistonga boʻm-boʻsh qatnayotgan poyezd vagonlariga chiqib koʻring. Bundan koʻzlangan maqsad nima?
Mutaxassis fikri:
“Imkoniyatlarimizdan oqilona foydalana olmayapmiz”
— Aviaqatnovlar kam, chiptalar narxi esa osmonda. Bugun dunyoda transport harakatlarining 80 foizi suvda amalga oshiriladi. Atigi 20 foizigina avia, temir yoʻl va avtomobil transporti hissasiga toʻgʻri keladi, — deydi samarqandlik oliy darajali gid-tarjimon Oʻktam Rajabov. — Bizda suv transporti yoʻq. Shunday ekan, mavjud imkoniyatlarimizdan ham oqilona foydalana olmayapmiz. Bizga murojaat qilayotgan sayyohlarning aksariyati aviachiptalarning qimmat ekanligidan shikoyat qilishyapti. Bu, oʻz navbatida, yurtimizga xorijlik mehmonlar oqimining kengayishiga asosiy toʻsiq boʻlmoqda. Ular jon deb bizning qadim shaharlarimizni koʻrishni, osoriatiqalarimiz bilan yaqindan tanishishni xohlashadi. Mana, masalan, Turkiya davlatini oling. Barcha qatnovlarga aviachipta narxlari arzon qilib belgilangan. Nega? Chunki qancha sayyoh koʻp kelsa, mamlakat shuncha rivojlanadi. Savdo, umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari tizimi yuksaladi. Turizmni rivojlantirish uchun biz, avvalo, shu jihatlarga jiddiy eʼtibor qaratishimiz zarur.
Mutasaddilarning javobi aniq: “Biz monopolist emasmiz”
Joriy yil 20-iyun kuni poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazilgandi. Unda ijtimoiy tarmoqlarda soʻnggi paytlarda Milliy aviakompaniyaga nisbatan koʻp qoʻllanilayotgan monopoliya masalasi koʻtarilgandi.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK Bosh direktori birinchi oʻrinbosari Umid Husanov bu savolga quyidagicha javob qaytardi:
— Negadir shu masala koʻp koʻtariladi. Toʻgʻri, biz respublika hududidagi yagona aviatashuvchimiz. Lekin monopol tashkilot emasmiz! Bizning hech kimga qarshiligimiz yoʻq, aviakompaniya ochsin, marhamat — ishlasin. Aksincha, sogʻlom raqobatda rivojlanish boʻladi. Samolyot sotib olsin, uchuvchi topsin, zarur tashkilotlar bilan kelishsin, ishlayversin.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlashni istardimki, bugungi kunda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK aeroportlaridan 63 ta xalqaro yoʻnalish boʻyicha muntazam qatnovlar yoʻlga qoʻyilgan. 2017-yilda ularning soni 58 ta edi. Oʻtgan yildan boshlab hozirgi kunga qadar toʻrtta yangi yoʻnalish ochildi — Mumbay (haftasiga 3 qatnov), Vladivostok (haftasiga 1 qatnov), Jidda (haftasiga 3 qatnov) va Jakarta (haftasiga 2 qatnov).
2018-yil yakuniga koʻra, Milliy aviakompaniya oʻz tarixida ilk marotaba uch millionlik bosqichni bosib oʻtib, 3 million 173 ming yoʻlovchini tashidi. Bu esa 2017-yil koʻrsatkichiga nisbatan 117 foiz koʻp deganidir. Bundan 1 million 91 ming yoʻlovchi uzoq xorij mamlakatlariga, 1 million 477 ming — MDH yoʻnalishlarida va 606 ming yoʻlovchi ichki yoʻnalishlarda tashildi. Ushbu yoʻlovchilarning 800 mingdan ortigʻi xorijiy fuqarolar, shu jumladan, 56 ming nafari Qozogʻiston, 16 ming nafari Tojikiston va 12 ming nafari Qirgʻiziston fuqarolaridir. Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozogʻiston Respublikasi, Koreya Respublikasi Milliy aviakompaniya uchun asosiy yoʻlovchi tashuvlari bozori hisoblanadi.
Aviakompaniyamiz tomonidan 2018-yilda chegirmalar taqdim etildi — vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasiga safarga chiqqan shaxslarga iqtisodiy klass minimal tarifidan 20 foiz miqdorida (48,9 mlrd. soʻmlik 33 450 dona chipta sotilgan boʻlib, ushbu toifadagi jismoniy shaxslarga berilgan chegirma 9,9 mlrd. soʻmni tashkil etdi). Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisiga — 50 foiz miqdorida. Shuningdek, chet ellik sayyohlar uchun xalqaro qatnovlarda tariflar 30 foizgacha pasaytirildi.
U. Husanovning soʻzlariga MAK moliyaviy iqtisodiy departamenti direktori Alisher Sattorov qoʻshimcha qildi:
— Loukoster, monopoliya boʻyicha koʻpchilikni bitta masala qiziqtiradi. Arzon narxlar, qulay xizmat. Mana, masalan, oʻtgan yili qish mavsumida biz eng koʻp qatnov uyushtiriladigan Moskva yoʻnalishidagi narxlarni 80 yevrogacha tushirdik. Mana shuni loukoster alomatlari, monopoliya susaygani sifatida baholash mumkin. Qolaversa, Rossiyadan turistik oqim oshib bormoqda va koʻpchilik bizning xizmatlardan foydalanmoqda. Holbuki, Rossiyadan bizga uchib kelishda 9 ta aviakompaniya xizmat koʻrsatadi. Demak, bizni tanlashlari bejiz emas.
“Ochiq osmon” siyosati
BMTning Turizm boʻyicha xalqaro agentligi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda butun Yaqin Sharqdagi xalqaro turizmdan keladigan daromadning uchdan bir qismi aynan Dubay hissasiga toʻgʻri keladi. Uning sayyohlikdan oladigan daromadi 2017-yilda 31 foiz oshib, 77 milliard dirham (21 milliard AQSH dollari)ni tashkil etdi. 2017-yilda mazkur shaharga oʻrtacha 16 million nafar sayyoh tashrif buyurdi, 2020-yilda esa ushbu koʻrsatkichni 20 million nafargacha yetkazishga harakat qilinmoqda.
Soʻnggi oʻttiz yil davomida mutlaqo choʻlda dunyoning eng yirik megapolislaridan biriga aylantirilgan Dubayga bugun sayyohlar nima uchun intilmoqda?
Mutaxassislarning fikricha, eng soʻnggi meʼmorchilik yutuqlari asosida qad rostlagan osmonoʻpar binolari bilan butun dunyoni hayratga solayotgan mazkur shaharga boshqa koʻplab omillar qatori yoʻl xarajatlarining nisbatan arzonligi ham chet elliklar oqimi muttasil oʻsishini taʼminlamoqda.
Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum oʻz kundaliklarida shunday yozadi:
“1970-yillar oxirida biz Dubayda “Ochiq osmon” siyosatini yurita boshladik.
Aeroport koʻproq aviakompaniyalarni jalb qilish maqsadida qurildi. Biz dunyodagi har qaysi aviakompaniya Dubay aeroportida istalgan miqdorda qoʻnish sonini bron qilish huquqiga ega, deb eʼlon qildik.
“Ochiq osmon” siyosatining maqsadi bizning raqobatbardoshligimizni oshirish va iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini rivojlantirishdan iborat edi...
...1985-yil 25-oktyabr kuni ukam, shayx Maktum bilan birga endigina tashkil qilingan “Emireyts Eyrlayn” aviakompaniyasining birinchi reysi bilan Karachiga yoʻl oldik. Yangi aviakompaniyani ekspluatatsiyaga kiritish jarayonidagi asabbuzarliklardan horigan boʻlsak-da, juda zavq-shavqqa toʻla edik. Bu hali uzoq va murakkab yoʻlning boshlanishi ekanligini bilardim.
Bugun “Emireyts Eyrlayn” eng yaxshi aviatashuvchi sifatida koʻplab xalqaro mukofotlarga sazovor boʻldi. U 30 yildan ortiqroq davrni qamrab olgan uzoq va samarali tarixga ega. 2018-yilda uning umumiy daromadi 28 milliard dollarni tashkil qildi. 100000 kishilik jamoa va 260 ta keng fyuzelyajli samolyot parkiga ega aviakompaniya butun dunyo boʻylab yiliga 60 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladi”.
Xalqaro tajribadan olingan saboq shuki, nafaqat sayyohlik, balki milliy iqtisodiyotni rivojlantirishimiz uchun ham mamlakatimizda transport infratuzilmasini qayta koʻrib chiqish vaqti keldi. Tizimda halol raqobat va shaffoflik taʼminlanmas ekan, muammo esa muammoligicha qolib ketaveradi. Mohiyat oʻzgarmaydi.
Yunus BOʻRONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring