“Sizlar hech kim emassizlar!”

18:52 23 Mart 2021 Jamiyat
1242 0

Illyustrativ foto

Yana majlisbozlik
Gazetalar uchun ajratilgan pulning egasi bormi?
“Press poligraf servis” MCHJ kimning erkasi?
Bizda maʼnaviyat nechanchi oʻrinda?

1.
Yana majlisbozlik

Biz 12-mart ertalab Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasining yangi boshligʻi Rustamjon Isroilovga uchrashganimizda, u shu kuni majlislar bilan bandligini bildirdi. Hozir yigʻilishga joʻnab ketarkan. Shu bilan tushlik. Tushdan soʻng soat ikkida videoselektor. Undan soʻng bir-ikki soat dam oladimi, yoʻqmi, kechqurun yana bir viloyat darajasidagi majlis. Xullas, Prezident Shavkat Mirziyoyev “majlisbozlik qilmanglar”, deb aytaveradi, mulozimlar esa...

Hamon eski tos, eski hammom.
Boshliq bizga maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha oʻrinbosari Xayrulla Abdurahmonovni roʻpara qildi. Shu mulozim obuna ishlari bilan shugʻullangan ekan. Xayrulla bizni “PRESS POLIGRAF SERVIS” MCHJ bilan telefon orqali bogʻladi-da, oʻzi majlisga ketishini, tushdan soʻng boʻshasa, qoʻlidan keladigan har qanday yordamga tayyor ekanligini aytdi.
 

2.
“PRESS POLIGRAF SERVIS” MCHJ dagi hangoma

Rahbar bir yoqda qolib, biz bilan firmaning ish yurituvchisiman, deya oʻzini tanishtirgan Muzaffar Jamoliddinov qizgʻin tortishuvlarga tushib ketdi.

Gap shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-qarori hamda xalq taʼlimi vazirining topshirigʻi asosida har bir qishloq maktabini 2021-yilda bittadan “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun viloyat moliya boshqarmasi maʼlum miqdorda pul ajratgan. Ana shu mablagʻ Uychi, Norin, Namangan, Kosonsoy, Uchqoʻrgʻon, Chortoq, Yangiqoʻrgʻon tumanlari xalq taʼlimi boʻlimlari hisob raqamlariga tushirilib, undan soʻng (“Oʻzbekiston pochtasi” va “Matbuot tarqatuvchi” mahalliy boʻlinmalari bir chetga surilib), goʻyoki tenderda gʻolib chiqqan “PRESS POLIGRAF SERVIS” MCHJga 2020-yil 25-dekabrda oʻtkazib berilgan. Shundan soʻng firma “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati bilan shartnoma tuzib, pulni oʻtkazib, 1-yanvardan gazeta yetkazib berish boʻyicha talabnoma joʻnatishi kerak edi. Ammo... turli-tuman vaj-korsonlarni oʻrtaga chiqarib, MCHJ shartnoma ham tuzmadi, pulni ham oʻtkazmadi,... Bir qancha gap-soʻzlardan soʻng tahririyat huquq tartibot organlariga murojaat qildi. Shundan keyingina firma Namangan viloyati prokuraturasi talabiga koʻra tahririyat bilan shartnoma tuzdi, pulni oʻtkazdi, biroq... talabnoma joʻnatmadi.

Nega?
12-mart kuni M. Jamoliddinov bu savolga quyidagicha javob qildi:
— Biz “Xalq soʻzi” bilan tuzgan shartnoma boʻyicha bir oylik gazeta olamiz-da, keyingi oylar uchun shartnoma ilovasini bekor qilib, pulni ortga qaytarib, boshqa gazeta obunasi uchun beramiz.

— Shartnomani bekor qilishga sabab nima? Qanday asoslaringiz bor? Sizga kim “bekor qil”, deb aytdi?
— Biz oʻzimiz shunday qarorga keldik, — dedi ish yurituvchi, — chunki pul bizdami, barcha masalani oʻzimiz hal qilamiz.
— Nahotki? Shu mumkinmi?
— Mumkin, avval ham shunaqa ishlarni qilganmiz. Bunga haqqimiz bor.
Qarang-a!
Qishloq maktablarini gazeta bilan taʼminlash uchun moliya boshqarmasi pul chiqaryapti, yettita tuman xalq taʼlimi boʻlimi uni“Oʻzbekiston pochtasi” va “Matbuot tarqatuvchi” bir yoqda qolib, qandaydir “PRESS POLIGRAF SERVIS” MCHJ ga oʻtkazib beryapti, u esa,.. pulning egasi emish.

— Biz hali sizlarni sudga beramiz, firmamizni vazirlikka, prokuraturaga berib, tekshirtirishga nima haqlaring bor? Sizlar kimsizlar oʻzi? — deya qoʻrqitishga ham urindi ish yurituvchi. Tahririyat huquqshunosini esa kurakda turmaydigan ibora bilan haqorat qildi.

Bu oʻsha qadimgi maqol: “Qoʻrqqan oldin musht koʻtarar”ni eslatdi.
— Siz dekabrda gazetalar uchun pulni olgansiz, toʻgʻrimi, to prokuror aralashganga qadar, ikki oy davomida mablagʻni bermadingiz, shartnoma tuzmadingiz. Nega?
— Buni men bilan muhokama qila olmaysizlar, chunki sizlar hech kim emassizlar! Kerak boʻlsa, men oʻsha byudjet tashkilotlarga borib, “Shartnomani bajara olmadim”, deb pulini qaytarib berishim ham mumkin. Mening “xalq taʼlimi” bilan shartnomamga sizlar aralasha olmaysizlar, chunki, hech kim emassizlar, — takroran taʼkidladi M. Jamoliddinov.

Bu odam aslida oziq-ovqat sohasi boʻyicha mutaxassis boʻlsa-da, oʻz ishining ustasi, huquq sohasini ajabtovur tushunadigan kishiga oʻxshatishimizni istardi, chamasi. Biroq kimgadir ishonib, juda balanddan kelar, iloji boʻlsa,... olgan pulini ikki oy davomida oʻtkazib berish oʻrniga asossiz ushlab oʻtirgani uchun javobgarlikni his qilishni mutlaqo istamas, balki teskari tarzda, aynan “Xalq soʻzi” gazetasini yilning ikkinchi yarmidan yetkazib berish toʻgʻrisida hujjatlar ham tayyorlagan ekan. U keyinchalik tushunishimizcha, prokuratura tekshiruvi davomida tayyorlangan, degan gumonlarga bordik. Tagʻin, xudo biladi...

— Yilning ikkinchi yarmigacha “Xalq soʻzi” gazetasi yopilib ham ketishi mumkin, — davom etdi ish yurituvchi. — Oʻshanda ikkinchi yarim yillik uchun ajratilgan pulni qaytarib olamiz va boshqa gazetaga oʻtkazamiz.
Xullas, pulni bermaslik uchun M. Jamoliddinov ikkita gazetani bir-biriga qarshi qoʻyish, niyatida ekanini aslo yashirib oʻtirmadi.
 

3.
Yakunda qayd etishimiz lozimki, “PRESS POLIGRAF SERVIS” MCHJ qanday qilib qishloq maktablariga gazetalar yetkazib berish huquqini qoʻlgan kiritdi degan savol kishini oʻylantirmay qoʻymaydi. Chunki uning matbuotga, shu bilan birga maʼnaviyat va maʼrifatga munosabati yuqoridagi gap-soʻzlardan bilinib turibdi.
Bu qanaqa tender boʻldiki, “men arzon narxlarda yetkazib beraman”, desa, soʻramay, surishtirmay, viloyat moliya va xalq taʼlimi boshqarmalari pulni unga oʻtkazib yuboraverishdi? Boz ustiga MCHJdagilar gazetalarni haftasiga bir yoki ikki marta yetkazib beramiz xolos, deb oʻzlari tan olib turishsa.

Aynan Muzaffar Jamoliddinov taʼkidicha, bunga hech qaysi maktab eʼtiroz bildirmaydi.
Tushunchani qarang!
Demak, xohlasa, haftada bir marta yetkazsa ham boʻladi. Agar istasa, albatta.
Yoxud, yetkazmasa ham boʻlaveradi...
Bu masalaga hech kim qiziqmaydi.
Negaki...

Ustiga ustak, M. Jamoliddinovga koʻra, yaqinda viloyat mahalliy byudjetidan 2022-yilda qishloq maktablariga gazetalar yetkazib berish uchun bir milliard ikki yuz million soʻm ajratish masalasi hal boʻlibdi. Bu mablagʻ ham “PRESS POLIGRAF SERVIS”ga oʻtkazib berilar emish.
 

4.
Bizda maʼnaviyat nechanchi oʻrinda?

Aytishlaricha, urush davrida jangdan chiqqan askarlarning ruhini koʻtarish uchun uch vagon yuk keltirishipti. Bittasida janggoh ortidagi oilalaridan kelgan xatlar va gazetalar, ikkinchisida oziq-ovqat, uchinchisida esa kiyim-kechak ham qurol-aslaha bor ekan. Vagonlarning qay birini oldin ochish haqidagi masala koʻndalang qoʻyilipti. U juda katta munozaralarga sabab boʻlipti. Shunda bir oqsoqol aytibdi:

— Eng avval pochta va gazetalar yuklangan vagonni ochamiz. Uydan kelgan xatlarni oʻqib, gazetalardan janglarning borishi haqidagi xabarlar bilan tanishib, askarlarning ruhi koʻtariladi. Qolgani keyin boʻlaveradi.
Yaʼni urush ketayotgan paytda ham eng muhim narsa maʼnaviyat ekanligi tan olinmoqda.

Bizda—chi?
Nima qilyapmiz oʻzi?
Maʼnaviyat nechanchi oʻrinda?
Tahririyat xodimlari – ijodiy ish bilan mashgʻul boʻlish oʻrniga —“tadbirkorlar” bilan gazeta yetkazib berish masalasida tortishishga majbur boʻlishyapti. Ayrim firmalar esa oylab byudjet pulini yashirib oʻtiriptiyu, javobgarlikka tortilish oʻrniga, yana doʻq uryapti.
 

5.
Xulosa oʻrnida

Biz 13-mart kuni Uychi tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudirining maʼnaviyat va maʼrifat masalalari boʻyicha oʻrinbosari Akramjon Meliboyev bilan telefon orqali suhbatlashdik. U kishining aytishicha, gazetalar taʼminoti boʻyicha shartnoma tuzilayotganda ikkinchi yarim yillik haqida umuman gap boʻlmagan. U bir necha bor 1-yanvardan “Xalq soʻzi”ni yetkazib berishlarini talab qilgan, ammo... masala hal etilmagan. Bu borada viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻining maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha oʻrinbosari Xayrulla Abdurahmonovga bizning bergan koʻp savollarimiz ochiq qoldi. Mazkur masalada uning pozitsiyasi juda gʻalati edi. “Tumanlardagi tashkilotlarimiz mustaqil, qarorni oʻzlari qabul qiladi, men ularning ishiga aralashmayman”, deb turib oldi.
Shunaqa boʻlsa, u kishi oʻtirgan lavozimni tugatish kerakdir balki?

Muzaffar Jamoliddinov bilan suhbat yakunida maʼlum boʻldiki, agar viloyat hokimligidagi bir masʼul xodim rozi boʻlsagina, vaziyat oʻzgarishi mumkin ekan.
— Oʻsha masʼul xodim uch kun avval ishdan boʻshatilgani haqida xabar bor, — dedik biz.
Ish yurituvchi birdan yengil tortdi va darhol biz bilan kelishajagini bildirdi.
Qanday yaxshi!

Har bir ishning oxiri baxayr boʻlsin, degan burungilar.
Mazkur talosh-tortishuvlar ham xayrli xotima topishiga umid qilamiz, biroq...
Ming afsuski, Namangandagi hodisa boshqa joylarga ham tegishli. Juda koʻp viloyatlarda gazeta taʼminoti masalalari ana shunaqa ahvolda. Balki “Oʻzbekiston pochtasi” va “Matbuot tarqatuvchi” sustligi tufaylidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda bosma nashrlar haqida xilma—xil tortishuvlar toʻlib yotipti. Ammo joylarda gazeta-jurnallar uchun oʻtkazilgan pullarga mutlaqo begona, sohaga aloqasi yoʻq xususiy tadbirkorlar egalik qilayotgani, xohlasa, obuna pullarini yeb yuborib, yillar davomida javobgarlikdan qutulib qolayotgani ham bor gap.
“Mana sizga bahslar uchun yangi mavzu!”, — degan ekan bir donishmand...
Abulqosim MAMARASULOV,
Nurbek ABDULLAYEV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?