Sirdaryoda yangi oromgoh foydalanishga topshirildi

16:16 09 Iyun 2025 Jamiyat
116 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Yozgi taʼtil davrida bolajonlarning maroqli dam olib, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishida oromgohlar muhim oʻrin tutadi. Sirdaryo tumanida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan barpo etilgan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirildi.

Uning ochilish tantanasida mamlakatimizda har bir sohada amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarning maqsad-mohiyati, eng avvalo, inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgani alohida taʼkidlandi.

“Sirdaryo” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi 200 oʻringa moʻljallangan. Sirdaryo daryosi sohilidagi 10 gektardan ziyod maydonga ega ushbu maskanda bunyodkorlik ishlari uchun 40 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi.

— Jahon andozalari talabiga mos ravishda barpo etilgan bolalar sogʻlomlashtirish majmuamiz betakrorligi va mavjud turdosh muassasalar oʻrtasida muqobili yoʻqligi bilan ajralib turadi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi, — deydi oromgoh direktori Ulugʻbek Toʻraqulov. — Bu oʻgʻil-qizlarimizni nafaqat maroqli dam oldirish va jismonan chiniqtirish, balki ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish, oʻzlari qiziqqan yoʻnalishlar boʻyicha bilim hamda koʻnikmalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi maskan ham hisoblanadi.

Binobarin, “Madaniyat va maʼrifat markazi”, kitoblar zaxirasiga boy “Axborot-resurs markazi”, eng soʻnggi rusumdagi koʻrgazmali vositalar va jihozlar bilan taʼminlangan toʻgarak xonalari, turli tadbirlarni oʻtkazish uchun moʻljallangan salobatli amfiteatr mavjud. Maxsus isitish tizimiga ega boʻlgan suzish havzasi, bolalar maydonchalari, zamonaviy loyihalar asosida qurilgan yotoqxona binolari, oshxona, yuvinish xonalari ham havas qilsa arzigulik darajada koʻrkam va shinam. Qolaversa, keluvchi ota-onalar uchun muloqot ayvonchalari ham barpo etilgan.

Oromgohning tibbiyot majmuasida bolalar salomatligi doimiy nazorat qilib boriladi. Tabiiy neʼmatlar va giyohlardan damlamalar tayyorlanadi. Ovqatlanish ratsioni esa darmondorilarga boy taomlar bilan boyitiladi.

“Sirdaryo” oromgohida joriy yil mavsumida 1000 nafardan ziyod oʻgʻil-qizning maroqli dam olishi va ularning salomatligini mustahkamlash belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер