Sirdaryoda sholi oʻrimi boshlandi

16:28 08 Avgust 2024 Jamiyat
163 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi. Sholidan bir yilda ikki marta hosil olsa boʻladimi? Sayxunobod tumanidagi “Ozodbek Shavkat” fermer xoʻjaligida bu borada olib borilayotgan ishlarning dastlabki natijalari ushbu savolga ijobiy javob berish imkonini berdi.

Gap shundaki, avgust oyi boshida fermer xoʻjaligida pishib yetilgan sholi oʻrib-yigʻib olindi. Ekindan boʻshagan yerga peshma-pesh yana sholi koʻchatlari ekildi. Ushbu ish maxsus texnika vositalarida mexanizatsiya yoʻli bilan bajarildi.

Ayni yangilikka bagʻishlangan amaliy seminarda maʼlum qilinishicha, birinchi hosil uchun aprel oyida sholining mahalliy oʻrtapishar “Iskandar” navining issiqxonada tayyorlangan 30-35 kunlik koʻchatlari ekilgan. Ikkinchi hosil uchun sholining 25 kunlik ertapishar “Guliston” navi koʻchatlari ekildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, ikki marta ekilgan sholilarning umumiy hosildorligi 110-120 sentnerga yetishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?