Sirdaryoda energiya tejamkor jihozlar yetkazib beruvchi koʻchma doʻkon ish boshladi

Ahmadali SHERNAZAROV/«Xalq soʻzi». Sirdaryo viloyatida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Sirdaryo hududiy va «Hududgaz Sirdaryo» gaz taʼminoti filiallari hamkorligida tashkil etilgan energiya tejamkor jihozlar yetkazib beruvchi koʻchma doʻkon ish boshladi. Ushbu yangilik energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish darajasini oshirish bilan birga energiya tejamkor jihozlarni yetkazib berishda aholiga har jihatdan qulayliklar yaratish, xususan, isteʼmolchilarning vaqti va mablagʻini tejash maqsadida amalga oshirildi.
Koʻchma doʻkon xodimlari tomonidan quyosh panellari, energiya tejovchi va boshqa turli uskunalarni arzonlashtirilgan ulgurji narxlarda isteʼmolchilar xonadonlariga yetkazib berish bilan birga ularni oʻrnatish berish xizmati ham bajarilmoqda.
— Uskuna va jihozlar toʻgʻridan toʻgʻri ishlab chiqaruvchidan olinib, hech bir vositachisiz isteʼmolchiga yetkazib berilmoqda, — deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Sirdaryo hududiy filiali matbuot xizmati rahbari Otabek Xaylayev. — Yaʼni isteʼmolchiga tavsiya qilinayotgan narx hech bir oʻzgarishsiz mahsulotni tayyorlagan korxona tomonidan belgilangan miqdorda boʻlmoqda.
Koʻchma doʻkon maxsus avtobusga joylashtirilgan. Eʼtiborlisi, koʻchma doʻkon jamoasi tarkibida energiya tejovchi jihozlar hamda quyosh panellarining oila byudjeti uchun keltiradigan foydasi va boshqa afzalliklari boʻyicha aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari olib boruvchi mutaxassislar ham bor.
Aytish lozimki, energiya taʼminoti bilan bogʻliq mazkur oʻziga xos mobil savdo va servis xizmati Oʻzbekiston boʻyicha ilk bor Sirdaryoda tashkil etildi. Maʼlum qilinishicha, ayni paytda Sayxunobod tumanida aholiga xizmat koʻrsatishni boshlagan ushbu koʻchma doʻkonga talab oshsa, albatta, uning soni koʻpaytiriladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Oʻzbekiston terma jamoasi Quvayt bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring