Sirdaryo viloyatida bepul dorilar yetkazib beruvchi dorixonalar ikkitaga koʻpaydi

Foto: Xalq so‘zi
Reimbursatsiya tizimi boʻyicha hamkorlik maqsadida Boyovut tumanidagi «Baratboy Diyorbek» hamda Oqoltin tumanidagi «Dilshod» MCHJ bilan shartnoma tuzildi. Ushbu shartnomaga koʻra, dorixonalar arterial gipertoniya, yurak- ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma va oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalliklarini ambulator sharoitda davolash uchun 11 turdagi dori vositalarini bepul beradi. Dori vositalari uchun xarajatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan qoplanadi.
Maʼlumot uchun, «reimbursatsiya» inglizcha soʻz boʻlib,“ xarajatni qoplash» degan maʼnoni beradi. Reimbursatsiya dasturi doirasida dori vositalari olish uchun surunkali kasallik bilan dispanser nazoratida turgan bemorlar oʻzlarining oilaviy shifokorlariga murojaat qiladi. Shifokor bemorni zarur tekshiruvdan oʻtkazadi, kerak boʻlsa, uni laboratoriya-diagnostika tekshiruvlariga yuboradi. 10-Xalqaro kasalliklar tasnifiga koʻra, aniq tashhis qoʻyilgach, elektron ambulator kartaga maʼlumotlar kiritiladi va elektron retseptni shakllantiradi. Oʻsha zahoti bemorning mobil telefoniga SMS keladi. Zaruriyat tugʻilganda (bemorning talabiga koʻra) shifokor elektron retseptni bemorga qogʻoz shaklida taqdim etishi mumkin.
Shifokordan elektron retseptni olgan bemor DTSJsi bilan shartnoma tuzgan dorixonaga dori vositasini olish uchun murojaat qiladi.
Reimbursatsiyada ishtirok etayotgan dorixona bemorga dori vositasini elektron retsept asosida bepul beradi. Shartnoma shartlariga koʻra dorixonalar roʻyxatga kiritilgan dori vositalarining uzluksiz taʼminotini hamda joriy yil yakuniga qadar ushbu dori vositalari narxi oʻzgarmasligini taʼminlashi lozim.
Reimbursatsiya hukumatimiz tomonidan qoʻyilayotgan shaffoflik va adolatlilik tamoiylariga juda mos boʻlib, jarayonlar elektron tarzda amalga oshiriladi. DTSJ, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va dorixona rahbarlari bevosita kuzatib borish imkoniyatiga ega.
Eslatib oʻtamiz, reimbursatsiya hozirda Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov jarayonida amaliyotga tatbiq etilmoqda. Olingan natijalarga koʻra bu tizimni kelgusida yurtimizning boshqa hududlariga ham joriy etish moʻljallangan.
Ahmadali SHERNAZAROV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Oʻzbekiston terma jamoasi Quvayt bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring