Sirdaryo qovunlari jahon bozoriga kirib bordi

14:23 14 Oktyabr 2024 Iqtisodiyot
533 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Sirdaryoda qovun eksporti hajmi yildan yilga oʻsib bormoqda. Masalan, 2023-yilda jami 7 ming 275 tonna poliz mahsulotlari chetga eksport qilingan boʻlsa, bu koʻrsatkich joriy yilning 9 oyi davomida 13 ming 207 tonnani tashkil etadi.

Qovun eksportidagi bunday oʻsishda albatta, avvalo xorij bozorida xaridorgir hisoblanadigan qovun navlarini tanlab ekish, hamda ekologik toza mahsulot yetishtirishga eng asosiy vazifalardan biri deb qaralayotgani muhim omil boʻlmoqda. Bunda ayniqsa, Sirdaryo viloyati Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan “Karantin xizmati — 0 dehqonga koʻmakchi” tamoyili doirasida olib borilayotgan tizimli ishlar yuqori natija bermoqda.

Polizchilikda amalga oshirilayotgan ibratli ishlar tufayli eksport hajmi oshishi barobarida uning geografiyasi ham yil sayin kengayib bormoqda. Masalan, oʻtgan yilda Sirdaryoda yetishtirilgan qovunlar Yevropaning 9 ta davlatiga eksport qilingan boʻlsa, 2024-yilning oʻtgan 9 oyida ushbu poliz mahsuloti koʻhna qitʼaning 17 ta mamlakati bozorlariga kirib bordi. Shuningdek, oʻzbek qovunini import qiluvchi davlatlar qatorida Qozogʻiston, Xitoy, Yaponiya kabi Osiyo mamlakatlari ham bor.

– Eksport geografiyasining kengayishida qadoqlash korxonalarining koʻpayganligi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Sirdaryo viloyati Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasining tashqi karantin boʻyicha bosh mutaxassisi Arslon Ergashev. – Ayni kunda viloyatda 11ta qadoqlash korxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ushbu korxonalarda qadoqlanayotgan poliz mahsulotlarining fitosanitar holati Sirdaryo viloyati Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan nazoratdan oʻtkazilganidan soʻng eksport bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga xalqaro namunadagi fitosanitar sertifikati taqdim etiladi. Mahsulot chetga eksport qilinadi.

Maʼlumot uchun aytish lozimki, Sirdaryoda qovunning asosan oqurugʻ, boʻrikalla, koʻkcha, qizilurugʻ, sariq handalak, obinovvot", tulkitumshuq, shakarpalak, kampirchopon, amiri, gulobi kabi navlari ekiladi. Shulardan eng mashhuri xalq tilida avval “Mirzachoʻl qovuni” degan, keyinchalik “Torpedo” deb nom olgan turi boʻlib, ushbu nav eksportbop va xaridorgirligi bilan ajralib turadi.

Eʼtiborlisi, keyingi yillarda poliz ekinlari, xususan qovun va tarvuzni gʻalla va boshqa ziroat turlaridan boʻshagan maydonlarda takroriy ekin sifatida oʻstirish hajmi sezilarli darajada oshdi. Bu yerlar unumdorligini oshirib, ichki va xorij bozorini sifatli mahsulotlar bilan taʼminlashda katta ahamiyatga ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер