“Singlim, bu bir buyrak ekan, kerak boʻlsa jonimni berishga ham tayyorman...”
Foto: Халқ сўзи
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida murakkab transplantatsiya jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, yakkabogʻlik 41 yoshli bemor ayolga akasi bir buyragini berdi.
Qarang, aka singlisi yashab ketishi uchun bir buyrakda yashashga rozi. Singlisining salomatligi uning uchun katta davlat, bitmas-tuganmas quvonch va shodlik. Aka singlisiga “bu bir buyrak ekan, kerak boʻlsa jonimni berishga ham tayyorman”, degani ibratga loyiq. Ha, aytmoqchi, buyrak koʻchirib oʻtkazish operatsiyasi Qashqadaryoda ilk bor amalga oshirildi.
Shu alohida aytib oʻtish joizki, 41 yoshli bemor ayol X.M.ga “Surunkali glomerulonefrit. Terminal bosqich. Surunkali buyrak yetishmovchiligi. Simptomatik arterial gipertenziya” tashxisi qoʻyilgan edi. Oʻn toʻrt oy davomida haftasiga ikki marotaba gemodializ seanslarini olib kelgan bu ayolga 43 yoshli akasi bir buyragini berishini bildirdi. Murakkab tekshiruvlardan soʻng shifokorlar operatsiyani Qarshida oʻtkazishni lozim topishdi.
Toshkentlik mutaxassislar - Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori, tibbiyot fanlari doktori Davron Toʻlaganov, markaz xirurgiya boʻlimi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibayev rahbarligidagi 13 kishilik guruh hamda markaz filiali vakillari ishtirokida buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti muvaffaqiyatli kechdi. Amaliyot tugagach, bir necha daqiqadan soʻng koʻchirib oʻtkazilgan buyrak ishladi, peshob ajralishi kuzatildi. Aka-singil va ular yaqinlarining quvonchi bir olam.
— Ilgari juda qimmat narxda faqat xorijda oʻtkazib kelingan mazkur turdagi jarrohlik amaliyotlarini 2018-yildan boshlab markazimizda bajarish yoʻlga qoʻyildi, — deydi professor Farhod Xadjibayev. — Endilikda mazkur operatsiyalarni viloyatlarda ham mahorat darsi shaklida yoʻlga qoʻyishga kirishdik. Ayrim tekshiruv xarajatlarini hisobga olmaganda operatsiya bepul tashkil etildi.
Prezidentimizning 2021-yil 4-oktyabrda qabul qilingan “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida yil yakuniga qadar barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Qarshi shahrida oʻtkazilgan noyob operatsiya mazkur qaror ijrosining amaliy natijasidir.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring