Shunchaki xobbi Buxoroda yangi sanʼat yoʻnalishini yaratdi

14:15 18 Noyabr 2025 Jamiyat
264 0

Qor yoki muz erishi oqibatida baʼzi joylarda koʻlmak yuzaga keladi. Avtomashinadan chiqadigan moysimon moddalar koʻlmakka tushib, kamalakni eslatuvchi ranglar hosil qiladi. Shu holat musavvir Rahim Hakimovni qiziqtirib qoʻydi.

– Bu ranglar meni oʻziga butkul maftun etdi, – deydi ijodkor. – Shu asnoda tajriba oʻtkazish fikri tugʻildi. Uyda har xil rangdagi moy boʻyoqlarni eritib, suvli idishga solib chiqdim. Keyin suvga qogʻozni bosib oldim. Juda chiroyli manzara tasviri yuzaga keldi. Bu usul shu tariqa asosiy ishimdan tashqari, shunchaki xobbiga aylandi.

Oʻshanda rassom shunchaki xobbi tasviriy sanʼatda yangi yoʻnalish yaratilishiga olib kelishini xayoliga ham keltirmagan. Xayriyatki, hayot tasodiflarga boy. Ular aksariyat hollarda kishiga quvonchli, unutilmas lahzalarni hadya etadi. Qahramonimiz bilan ham xuddi shunday boʻldi. Oradan ancha vaqt oʻtib rassom shu usulni chuqur oʻzlashtirishga kirishdi. Maxsus tayyorlangan qogʻozlar vositasida ishlay boshladi. Natijada bir qarashda “ebru bahor” sanʼatini eslatuvchi, ammo uning yangi yoʻnalishi sifatida yuzaga kelgan asarlar mutaxassislar, jamoatchilik va hatto xorijiy sayyohlar nazariga tushdi.

Shu oʻrinda “ebru bahor” sanʼati haqida qisqacha toʻxtalish lozim. “Bahor bulutlari” maʼnosini anglatuvchi bu usul Buxoroda yaratilgan, Eronda ravnaq topgan, Turkiyada yashab qolgan, degan taxminlar yoʻq emas. Unda kitra yaʼni butasimon oʻsimlik yelimi vositasida suv quyuqlashtirilib, tayyor boʻyoqlar sepiladi, soʻngra bigiz yoki taroqlar yordamida avvaldan oʻylangan shakllar hosil qilinadi. Ustiga qogʻoz bosib olinadi. Ranglar qogʻozga koʻchgach, unda moʻjizaviy shakllar paydo boʻladi. Bunday qogʻozlar qadimda kitobnavislik sanʼatida koʻp ishlatilgan.

– Men yaratgan usulda toza suv, moy boʻyoqlar va ularning eritkichi, shuningdek, boʻyoqlarni aralashtirish uchun tayoqchalar kerak boʻladi, – deydi rassom. – Maʼlumki, moy boʻyoq suv ustida qisqa vaqt turadi. Kerakli rang va shakl paydo boʻlgan zahoti toza qogʻozni suv yuziga bosib olamiz. Har gal toza suvga yangi boʻyoqlar sepiladi. Natijada bir-biriga oʻxshamaydigan chiroyli abstrakt manzaralar paydo boʻladi. Bu usulni “Naqshi abri – Buxoro” deb nomladim.

Respublika Badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi aʼzosi R. Hakimovning bu boradagi izlanishlari Buxoroga tez-tez keladigan chet ellik sanʼat ixlosmandlari qiziqishiga sabab boʻldi. Musavvirga xorijdan takliflar tusha boshladi. Turkiyada koʻrgazmasi tashkil etildi. Amsterdam (Niderlandiya)da rassomning “Afsonalar yurtiga sayohat” deb nomlangan shaxsiy koʻrgazmasi oʻtkazildi. Oʻz asarlari bilan Fransiyaning Verden – syur – Garona shahrida tashkil etilgan “Oʻzbekiston boyligi. Buyuk ipak yoʻlida” deb nomlangan oʻzbek madaniyati festivalida qatnashdi.

– Joriy yilda Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan uchinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali ham esda qolarli kechdi, – deydi 74 yoshli rassom. – Festival doirasida tashkil etilgan anjumanda maʼruza qilib, “Naqshi abri – Buxoro” yoʻnalishi haqida atroflicha maʼlumot berdim. Bu usul ekspertlar tomonidan xalqaro darajada eʼtirof etildi. Endilikda shogirdlarim bilan bu yangi yoʻnalishni rivojlantirish, uni xudda ebru kabi istiqbolli sanʼatga aylantirish maqsadini oʻz oldimizga qoʻyganmiz.

Istam IBROHIMOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?