“Shum bola” — asrlar oshayotgan asar

Oʻzbek adabiyotining yirik namoyondasi, Oʻzbekiston xalq shoiri, akademik Gʻafur Gʻulom tavalludining 120-yilligi munosabati bilan adib nomidagi nashriyot tomonidan “Shum bola” qissasining yangi nashri muxlislar eʼtiboriga havola etildi.
Darhaqiqat, mazkur asar xalqimizning yurak-yuragidan joy olgani bejiz emas. Yozuvchi oʻzi yashagan davrning qiyofasini, mahallalardagi hayot tarzini, ishsizlik, qashshoqlar va boylar hayotini turfa hangomalar bilan tasvirlab bergan. Bundan tashqari qissada XX asrdagi xalqimizning turmush tarzi va qora urushning insonlar hayotiga taʼsiri ochib berilgan. Uni oʻqish davomida siz ham yozuvchi bilan birga Toshkent mahallalari boʻylab safarga chiqasiz. Asar qahramonining sayohatida oʻzingizni beixtiyor unga hamroh sifatida koʻrasiz. Balki, shuning uchun ham asar asrdan asrga oʻz oʻquvchilari bilan birga oʻtib kelmoqda.
Poytaxtimizdagi Gʻafur Gʻulom uy-muzeyida shoir-yozuvchilar, olimu adabiyotshunoslar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar asarning bugungi kundagi oʻrni va ahamiyati, shuningdek, Gʻafur Gʻulomning serqirra ijodi haqida gapirishdi.
— “Shum bola” qissasi BBCning “Barcha davrlarning 100 ta eng buyuk bolalar kitoblari” roʻyxatiga kiritilgani ham asarning qanchalik mahorat bilan yozilganidan darak beradi. — dedi nashriyot bosh muharriri Habib Abdiyev. — “Barcha davrlarning 100 ta eng buyuk bolalar kitoblari” roʻyxatini shakllantirish uchun 56 mamlakatdan tanlab olingan 177 ekspertga “Barcha davrlarning eng yaxshi bolalar adabiyotlariga qaysi asarlar kiradi?” deya savol berilgan. Ular oʻz tanlovi boʻyicha 10 ta eng yaxshi bolalar kitobi roʻyxatini tuzgan. Ekspertlar roʻyxatidagi har bir kitobga joylashgan oʻrniga qarab 10 balldan 1 ballgacha berilgan. Ular tomonidan jami 1050 ta kitob nomi koʻrsatilgan. Oʻzbekiston nomidan ushbu roʻyxatni shakllantirishda ikki vakil ishtirok etdi. Asar vakillar roʻyxatida birinchi, BBCning umumiy roʻyxatida 73 oʻrinni egallagan. Oʻylaymanki, ushbu nashr adabiyotsevar xalqimiz va bolajonlarimizga munosib tuhfa boʻldi.
Marosimda Toshkent davlat Yuridik universiteti talabalari tomonidan shoir sheʼrlaridan oʻqildi. Ishtirokchilar oʻzini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring