Shonli oʻtmishga tutash ildizlar

12:16 07 Iyul 2025 Jamiyat
243 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Mirzachoʻl deganda, koʻpchilikning tasavvuriga qaqroq choʻl va unchalik katta tarixiy ahamiyatga ega boʻlmagan yaydoq hudud kelishi tayin. Aslida unday emas, Mirzachoʻlda ham tarix bor, tarixki, ildizi ming yillar bilan tutashadi. Bu “Qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadi” deya taʼriflanadigan ana shu bepoyon sahroda ham xalqimiz tarixiga oid boy osori atiqalar va arxeologik manzillar mavjudligidan dalolat beradi.

Binobarin, Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida saqlanayotgan qadimgi antik davrdan to oʻrta davrga oid eksponatlar Mirzachoʻlning 2 ming yillik tarixidan hikoya qiladi.

— Bundan 9-yil avval, yaʼni 2014-yilda Samarqand arxeologiya instituti olimlari tomonidan Eski Xovostepa arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar natijalari Mirzachoʻlning boy tarixi ochilishiga katta turtki boʻldi, — deydi Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Zokir Xoldorov. — Ayniqsa, u yerdan topilgan Anaxita haykalchalari juda katta ilmiy-tarixiy ahamiyatga ega. Bu topilmalar hosildorlik maʼbudasi timsolini aks ettirishi orqali mazkur hudud aholisi suvloq va lalmi yerlarda ziroatchilik bilan shugʻullanganidan darak beradi. Shu bilan birga, miloddan avvalgi III-II-asrlarga oid Anaxita haykalchalari zardushtiylik davridan ham hikoya qiladi. Bundan tashqari, olimlarning Eski Xovostepada 2014-2020-yillar davomidagi izlanishlari natijasida samoniylar davriga taalluqli uy-roʻzgʻor buyumlari, qoraxoniylar tarixiga oid boʻlgan mis tangalar ham topildi. Muzeyimizning eng noyob eksponatlaridan yana biri — miloddan oldingi XII asrga oid Humo qushi tasviri tushirilgan chiroq tutqichidir. Bunday chiroq baldogʻi Oʻzbekiston boʻyicha ikkita topilgan boʻlib, biri Termiz arxeologiya muzeyida, ikkinchisi esa Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida saqlanmoqda.

Yurtimiz tarixining Mirzachoʻl bilan bogʻliq sahifasining eng muhim jihatlaridan yana biri mazkur choʻl kengliklaridan Buyuk ipak yoʻlining bir emas, uchta yoʻnalishi kesib oʻtganligidir. Yaʼni, birinchi yoʻl Samarqanddan Xovos qalʼasi orqali Sirdaryo boʻylab Xushkat (hozirgi Sayxunobod tumani hududida mavjud boʻlgan qadimgi shahar), Shohruhiya, Qanqa va Choch yoʻnalishida boʻlgan. Mirzachoʻl orqali oʻtgan qolgan ikki yoʻnalish ham Buyuk ipak yoʻlining muhim tarmoqlari hisoblangan.

Ayni Buyuk ipak yoʻlidagi Nurota (Xushkat shahri) arxeologik yodgorligidan topilgan qoraxoniylar davriga oid boʻlgan oʻq-yoy, mis tangalar, uy-roʻzgʻor buyumlari ham muzeyning arxeologiya boʻlimidan joy olgan.

Eʼtiborlisi, Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati muzeyida 2009-yilda atigi 123 ta eksponat mavjud boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda ularning soni 3390 taga yetdi. Ayni koʻrsatkich ham Mirza vohasining tarixi boy va bu borada hali ochilmagan sahifalar mavjudligini isbotlaydi. Hudud tarixining koʻzgusi boʻlgan mazkur muzey bilan bogʻliq yana bir muhim yangilik shuki, 2025-2027-yillar davomida ushbu madaniyat muassasasi uchun yangi bino quriladigan boʻldi.

Mazkur uch qavatli, muhtasham binoning zallaridan oʻrin oladigan noyob eksponatlar juda koʻp. Mirza vohasi tarixi va madaniyatiga oid bu osori atiqalar yurtimizning tarixiy ildizlari uzoq moziyga tutashib ketganidan dalolat berib turibdi. Zero, oʻtmishni chuqur bilish yorqin kelajak uchun puxta zamin yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?