Shogirdlarim kamoli — mening baxtim

14:57 22 Iyul 2024 Jamiyat
47 0

Mamlakatimizda oʻqituvchi kasbi nufuzini oshirish, pedagoglar uchun qulay sharoitlar yaratish va mehnatini munosib ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bir paytlar paxta yigʻim-terimi, koʻchalarni obodonlashtirish va boshqa yumushlarga jalb etilganimizda oʻquvchilarga beriladigan taʼlim-tarbiya susayib qolganini eslasam, yuragim ogʻriydi.

Ana shunday ogʻir yuklarni yelkamizdan olib tashlagan Prezidentimizning yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrligiga javoban biz, oʻqituvchilar yosh avlodga taʼlim berish jarayonida sidqidildan mehnat qilishimiz, “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu gʻoya asosida faoliyat olib borishimiz zarur.

Men atrofimga bilim olishga qiziquvchi oʻquvchilarni toʻplayman. Maqsadim — maktabda olingan bilim bilan oliy oʻquv yurtiga kirish mumkinligini isbotlash. 32-yillik oʻqituvchilik faoliyatim davomida koʻplab yoshlarga saboq berdim. Ulardan 10 nafarga yaqin fan doktori, xususiy klinika rahbarlari ham bor. Shuningdek, 700 nafardan ortigʻi bugun turli tibbiyot muassasalarida shifokor boʻlib mehnat qilmoqda. Oʻzim yashaydigan Kadan qishlogʻida biologiya va kimyo fani oʻqituvchisi boʻlgan 40 nafar shogird tayyorladim.

Maktabda bir sinfxonada 30-40 nafar bola boʻlsa, ularning qiziqishi har xil boʻladi. Masalan, kimyo va biologiya faniga qiziquvchan oʻquvchilar koʻp. Ayrim oilalarda farzandini qaysidir oʻquv markazi yoki repetitor oʻqitish uchun imkoniyati boʻlmasligi mumkin. Ana shunday oʻquvchilarni oʻzim izlab topaman va bepul dars oʻtishimni tushuntiraman. Bunday oilalarning farzandlari yaxshi natijaga erishadi.

2022 — 2023 oʻquv yilida maktabni bitirgan 14 nafar shogirdim mamlakatimizdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirdi. Ulardan 10 nafari talabalikka tavsiya etildi. Shundan 6 nafari aynan tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga kirdi. Quvonarlisi, ularning aksariyati ehtiyojmand oilalar farzandlari.

Bugungi kunda sidqidildan qilingan mehnat mukofotsiz qolmaydi. Koʻksimdagi “Xalq taʼlimi aʼlochisi”, “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30-yilligi” koʻkrak nishonlari va “Mehnat shuhrati” ordeni 32-yillik faoliyatim samarasi. Bundan tashqari, jamiyatimiz eng zoʻr shifokorlar, farmatsevtlar, fidoyi oʻqituvchilar bilan taʼminlanishida mening ham hissam borligidan baxtiyorman. Ustoz uchun bundan ortiq mukofot boʻlmasa kerak.

Dilfuza NIZOMOVA,

Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 15-umumiy oʻrta taʼlim

maktabining oliy toifali biologiya fani oʻqituvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер