Sherobodda anorchilik klasteri tashkil etiladi

11:55 24 Noyabr 2020 Klaster
2603 0

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani oʻzining shirindan-shakar anorlari bilan mashhur. Bu yerda yetishtiriladigan anorlarning dovrugʻini bilmaydigan, eshitmagan odam boʻlmasa kerak.

Sherobod anorlari nafaqat ichki bozorlarda balki, xorijda ham maʼlum va mashhurdir. Ayni paytda tumanda kuz neʼmatining koʻplab turlari parvarishlanyapti. Quvonarlisi, yetishtirilgan hosilning ichki ehtiyojdan ortgan qismi xorijga ham eksport qilinayotir.

Aytish joizki, bugun hududda anor yetishtirish, saralash va qayta ishlash keng yoʻlga qoʻyilmoqda. Xususan, «Sherobod anor impeks» masʼuliyati cheklangan jamiyati ham ayni shu niyatda faoliyat olib boryapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu jamiyatda boʻlib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Jamiyat rahbari Dilshodbek Qambarovning aytishicha, hozirda korxona 82 gektar yer maydonda anorzor tashkil etib, ularni parvarishlab kelmoqda. Shuningdek, korxonaga Koreya davlatidan anorni kalibrlash maqsadida maxsus uskuna ham olib kelingan boʻlib, uning yordamida eksportbop anorlarni aniqlash va qadoqlash mumkin.

— Ushbu uskuna aholi tomorqalari va fermerlar bilan kooperatsiya aloqalari asosida tumanda yetishtiriladigan anorni eksportga tayyorlaydi, — deydi D.Qambarov. — Eng muhimi, bir sutkada 2 ming tonna anorni kalibrovka qilib, zamonaviy uslubda yaroqliligini tekshiradi.

Uchrashuv davomida korxona rahbari anor sharbatini ham tayyorlashni yoʻlga qoʻymoqchi ekanini, buning uchun Sloveniyadan uskuna olib kelishni rejalashtirayotganini bildirdi. Qolaversa, yana 500 gektar yer olib, anorchilik klasterini yoʻlga qoʻymoqchiligini aytib, yetishtirilgan mahsulotlarni Rossiya va Boltiqboʻyi davlatlariga eksport qilish niyatida yurganini maʼlum qildi.

Suhbat va muloqotlar chogʻida A.Xaitov mazkur tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, bunday anorzorlarni viloyatning boshqa tumanlarida ham yetishtirish, koʻchatchilikni kengaytirish, eksportbop anor navlarini oʻzlashtirish boʻyicha zarur taklif va tavsiyalar berdi.

Uchrashuv yakunida tadbirkorlik faoliyatini yana-da kengaytirish uchun Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan moliyaviy resurslar ajratiladigan boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер