Shavkat Mirziyoyevning Tokio Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston sport delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuvdagi nutqi

22:57 13 Avgust 2021 Siyosat
1016 0

Assalomu alaykum, aziz doʻstlar!

Qadrli olimpiyachilar, gʻolib va sovrindorlar!

Muhtaram ota-onalar, ustoz va murabbiylar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Olimpiya oʻyinlarida qoʻlga kiritgan ulkan, tom maʼnoda tarixiy gʻalabasi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Albatta, barchamiz dunyodagi eng nufuzli ana shu musobaqalarda Oʻzbekiston vakillarining har bir chiqishini “oynai jahon” orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordik.

Oʻz navbatida, mard va jasur sportchilarimiz ham bunday yuksak ishonchni oqlab, xalqimizga yorqin gʻalabalarni tortiq etdilar. Hech shubhasiz, bu Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik shonli bayramiga munosib sovgʻa boʻldi.

Olimpiadada sportchilarimiz yuksak shohsupalarga koʻtarilib, 3 ta oltin va 2 ta bronza medalni qoʻlga kiritdilar.

Hammamizga ayonki, xalqaro olimpiya oʻyinlarida yer yuzining eng zoʻr, manaman degan sport ustalari ishtirok etadi.

Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, sherga qarshi sherdek kurashish, jang qilish kerak.

Sizlar dunyo tan olgan sportchilar bilan mardona olishib, ularning oʻzini ham, ular erishgan natijalarni ham ortda qoldirib, 3 ta Olimpiya rekordini yangilab, jahon sportida ham yorqin sahifa ochdingiz.

Mamlakatimiz jamoasi 200 dan ziyod davlatdan kelgan eng kuchli sportchilar orasida umumjamoa hisobida – oʻttiz ikkinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida – ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa – birinchi oʻrinni egalladi. Bu, chindan ham, oʻzbek sporti tarixidagi ulkan natijadir.

Gʻolib farzandlarimiz shaʼniga madhiyamiz yangrab, Vatanimiz bayrogʻi baland koʻtarilgan damlarda barchamizning qalblarimiz cheksiz gʻururga toʻldi.

Bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan qahramon oʻgʻlonlarimiz – Tokio olimpiadasi gʻoliblari haqida har qancha faxrlanib gapirsak arziydi, albatta.

Jamoamizga ilk oltin medalni taqdim etgan 19 yoshli sportchimiz, taekvondo ustasi Ulugʻbek Rashidovga va uning davramizda ishtirok etayotgan hurmatli otasi Ismatilla Rashidov hamda onasi Oksana Danilenkoga el-yurtimiz nomidan tashakkur bildiramiz.

Ulugʻbek Oʻzbekiston tarixida Olimpiya oltin medalini qoʻlga kiritgan eng yosh sportchi sifatida nom qozondi.

Mahoratli polvonimiz Akbar Joʻrayevning umumiy hisobda 430 kilogrammlik marrani egallab, Olimpiya rekordini oʻrnatgani va ikkinchi oltin medalni qoʻlga kiritgani barchamizga ulkan quvonch bagʻishladi.

Mana shunday mard va pahlavon yigitni tarbiyalagan Akbarjonning onasi Normatova Hafizaxon singlimizga samimiy rahmatimizni aytamiz.

Alpomishlar yurti – Surxon zaminida tugʻilgan yengilmas sportchimiz Bahodir Jalolovni hammamiz yaxshi bilamiz. Ismi jismiga mos bu azamat yigit va uning mehribon onasi Sabohat Jalolovani barchamiz qizgʻin qutlaymiz.

Men ular bilan avval ham uchrashib, samimiy suhbatlashganimni hamisha yaxshi taassurotlar bilan eslayman.

Isteʼdodli bokschimiz oʻtgan vaqt davomida oʻz ustida tinimsiz ishlab, yoshlarga namuna boʻldi. Bahodir aziz onasiga, xalqimizga bergan vaʼdasining ustidan chiqib, Vatanimizga uchinchi oltin medalni tuhfa qildi. Shu tariqa oʻzbek boks maktabining shon-shuhratini yana-da yuksak bosqichga olib chiqdi.

Milliy dzyudo maktabimizning zabardast vakili Davlat Bobonov va mahoratli erkin kurashchimiz Behzod Abdurahmonovni keskin bellashuvlarda bronza medallarini qoʻlga kiritganlari bilan qutlaymiz.

Bugun davramizda Davlatjonning ota-onasi Husniddin aka va Nuriyaxon opa, Behzodjonning otasi Muhammadjon Abdurahmonov va onasi Muhabbatxon ishtirok etishyapti.

Mana shunday botir oʻgʻlonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ularning ota-onalari va ustozlariga chin yurakdan tashakkur izhor etamiz.

Tomirlarida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud, Zahiriddin Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning kuch-gʻayrati joʻsh urib turgan, ularga har tomonlama munosib boʻlgan avlodgina bunday ulkan ishlarga qodir boʻladi.

Bugungi kunda butun Oʻzbekiston sizlar kabi bahodir oʻgʻlonlarini olqishlamoqda, jahon ahli sizlarga tan bermoqda.

Men doimo bir fikrni takrorlashdan charchamayman. Biz oʻzimizning halol mehnatimiz, aql-zakovatimiz, qatʼiyat va irodamiz bilan dunyo ahli bizni tan olishi, eʼtirof etishiga erishishimiz kerak. Yangi Oʻzbekistonni yangi gʻalabalar bilan butun dunyoga tanitayotgan sportchilarimizning beqiyos yutuqlari mana shu yoʻlda yana bir muhim qadam boʻlishi shubhasiz.

Bunday azmu shijoatli, vatanparvar yoshlarimiz eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, oʻylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan boʻlaman.

Aziz yurtdoshlar!

Bu yilgi Olimpiya oʻyinlari qanday qiyin va murakkab vaziyatda oʻtganini albatta barchamiz yaxshi bilamiz. Jahon miqyosida davom etayotgan pandemiya, avvalo, sportchilar uchun kutilmagan jismoniy va ruhiy muammolarni keltirib chiqardi.

Bu galgi Olimpiada haqiqiy mardlik va matonat sinovi, halol va keskin bellashuvlar maydoni boʻldi. Mavjud sharoitdan kelib chiqib, koʻplab musobaqalar muxlislar ishtirokisiz oʻtdi. Bunday holat ham Olimpiada tarixida avvallari hech qachon kuzatilmagan hodisadir.

Ana shunday oʻta ogʻir vaziyatda Oʻzbekiston sportchilari faqat gʻalaba sari intilib, haqiqiy mardlik va jasorat namunasini koʻrsatganlariga barchamiz guvoh boʻldik.

Farzandlarimiz ona xalqimizning mehri va ishonchi, millionlab muxlislarning qoʻllab-quvvatlashini har daqiqa yurak-yurakdan his etib turdilar va bu ularga cheksiz kuch va madad berdi.

Fursatdan foydalanib, Tokiodagi musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan, barchamizga hayajonli va unutilmas damlarni taqdim etgan Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasining barcha aʼzolari va ustoz-murabbiylarga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman.

Albatta, erishilgan natijalarda Olimpiada oʻyinlariga oldindan puxta tayyorgarlik koʻrilgani, buning uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgani muhim ahamiyatga ega boʻldi. Ana shunday eʼtibor tufayli Oʻzbekiston vakillari 17 ta sport turi boʻyicha 71 ta Olimpiya yoʻllanmasini qoʻlga kiritganlari ham milliy sportimiz tarixidagi eng yuqori koʻrsatkichdir.

Yana bir muhim jihati – ayollar oʻrtasida sportni rivojlantirish maqsadida amalga oshirayotgan katta ishlarimiz ijobiy natija bermoqda. Buni 28 nafar sportchi xotin-qizlarimiz Tokio Olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgani ham tasdiqlaydi. Taʼkidlash kerakki, bu mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi rekord natijadir.

Bokschi qizlarimiz ilk bor Olimpiadaga 3 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi. Natijada boks boʻyicha jami litsenziyalar soni 11 tani tashkil etdi. Ushbu Olimpiya oʻyinlarida faqat uchta davlat shuncha bokschi bilan ishtirok etganini hisobga olsak, bu ham albatta alohida eʼtiborga loyiq koʻrsatkich.

Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. Bularning barchasi Oʻzbekistonda Olimpiada harakati tobora rivojlanib, yangi, yuksak bosqichga koʻtarilayotganidan dalolat beradi.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Tokio Olimpiadasida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarimiz taʼlim olgan maktab va oliy oʻquv yurtlarida, voyaga yetgan mahallalarda ularning ibratli faoliyatini targʻib etishga bagʻishlangan koʻrgazmalar tashkil qilish maqsadga muvofiq boʻladi.

Qadrli doʻstlar!

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, koʻp yillar mobaynida sport gimnastikasi bilan shugʻullanib kelayotgan, jahon miqyosida shuhrat qozongan Oksana Chusovitina haqida chuqur hurmat bilan gapirmoqchiman.

Barchamiz yaxshi bilamizki, taniqli sportchimiz birinchi marta 1992-yili Barselona Olimpiadasida ishtirok etgan edi. Shundan keyin u ketma-ket sakkiz bor Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etdi. Bu chindan ham, Ginnesning Rekordlar kitobiga kiritilgan dunyo sportidagi noyob hodisadir.

Oksana Aleksandrovnaning Tokio Olimpiadasidagi navbatdagi ishtiroki muhim voqea sifatida eʼtirof etildi. Jahon hamjamiyati Oksananing matonati, oʻz ishi va kasbiga sadoqatiga tan berib, uning chiqishlarini hayrat va hayajon bilan kuzatib bordi.

Haqiqatan ham, butun hayotini sportga bagʻishlab, mana shunday yirik musobaqalarda muvaffaqiyat qozonishga tinimsiz intilib yashash uchun kuchli iroda va fidoyilik kerak.

Biz bunday afsonaviy sportchilarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning jasorati, gʻalabaga boʻlgan irodasi yosh sportchilar uchun oʻziga xos yuksak yutuqlar va shon-sharaf maktabi boʻlib xizmat qiladi.

Oksana Chusovitina milliy sportimizni rivojlantirish borasidagi ulkan xizmatlari uchun “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Aminmanki, Oksana Chusovitina oʻzining muvaffaqiyatli murabbiylik faoliyati bilan sport gimnasitikasi boʻyicha yangi chempionlarni tarbiyalashga munosib hissa qoʻshadi.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolovning sport mahorati maktabini tashkil etish va ularning faoliyati uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish vazifasi topshiriladi.

Hurmatli Oksana Aleksandrovna, Vatanga muhabbat va sadoqatingiz, sportdagi fidoyiligingiz, bukilmas iroda va matonatingiz uchun Sizga yana bir bor ulkan minnatdorlik bildiraman.

Muhtaram doʻstlar!

Bu galgi Olimpiada biz uchun sport olamida bir qator yangi isteʼdod sohiblarini, yangi Oʻzbekistonning yangi qahramonlarini kashf qilib berganini taʼkidlash lozim. Xususan, 18 yoshli sportchi qizimiz, qoraqalpoq elining munosib farzandi Zaynab Dayibekova qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston tarixida birinchi marta Olimpiada qatnashchisi degan sharafga sazovor boʻldi. Eng muhimi, u musobaqalarning ikkinchi davrasida Osiyo oʻyinlarining finalchisi, dunyo reytingida 3-oʻrinda borayotgan xitoylik tajribali sportchini magʻlub etdi.

Men ishonaman, Zaynab qizimiz kelgusi Olimpiya oʻyinlarida yana-da faol ishtirok etib, oʻzining tirishqoqligi bilan Oʻzbekistonimizga albatta oltin medal olib keladi.

Oʻn toʻqqiz yoshli Kumushxon Fayzullayeva esa 76 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasidagi qizlar oʻrtasida ogʻir atletika bahslarining eng yosh ishtirokchisi sifatida eʼtirof etildi. Taʼkidlash lozimki, dunyo miqyosida kamdan-kam sportchi bu yoshda Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish sharafiga muyassar boʻladi.

Hech shubhasiz, bularning barchasi yurtimizda yosh avlod tarbiyasiga, jismoniy tarbiya va sport rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va amaliy gʻamxoʻrlik natijasidir.

Hurmatli doʻstlar, mana, koʻrib turibsizlar – Oʻzbekistonning jasur sportchi qizlari xalqaro maydonlarga dadil kirib kelmoqda. Barchamiz ularga chin qalbdan tasanno aytamiz.

Ayni vaqtda men sportchi yigitlarimizga qarab aytmoqchiman: agar qattiq gʻayrat qilmasalaringiz, qizlarimiz hademay sizlardan oʻtib ketadi.

Mamlakatimizda zamonaviy taʼlim-tarbiya maskanlari bilan birga, yangi-yangi sport maktablari va majmualari, stadionlar, suzish havzalari barpo etilayotgani farzandlarimizning qalbida sportga mehr uygʻotmoqda. Ayniqsa, bu sohada faoliyat koʻrsatayotgan ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan katta ishlarimiz ijobiy samara bermoqda.

Aminmanki, ushbu Olimpiada natijalari mamlakatimizda sportning barcha turlarini rivojlantirishga kuchli turtki beradi.

Eng asosiysi, bunday gʻalabalar oʻsib kelayotgan yoshlarni barcha sohalar qatori sport boʻyicha ham marrani baland olib, doimo gʻalaba sari intilib yashashga oʻrgatadi, sogʻlom turmush tarzini hayotimiz qoidasiga aylantirishga xizmat qiladi.

Albatta, jahonning eng yirik sport musobaqasi boʻlmish Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etishning oʻzi katta sharaf va masʼuliyat. Buni barchamiz yaxshi tushunamiz. Buning uchun qancha ogʻir dovonlardan, mashaqqatli sinovlardan oʻtish talab etiladi.

Bu gal omadi kelmagan sportchilarimizga qarata, ruhingiz tushmasin, kelgusi safar baxt sizlarga albatta kulib boqadi, deb ishonch bildirmoqchiman. Ular ham keskin bahslarda gʻayrat va shijoat bilan kurash olib borib, katta sinovlarda oʻz salohiyatini namoyon etganlari biz uchun muhimdir. Shuning uchun ularni ham gʻoliblar qatorida koʻrib, chin dildan olqishlaymiz.

Biz Olimpiadaning gʻolib va sovrindorlari, ularning trenerlari hamda barcha ishtirokchilarni munosib taqdirlashga qaror qildik. Oʻzbekistonda Olimpiada oltin medali sohiblari – 200 ming AQSH dollaridan, bronza medali egalari – 50 ming AQSH dollaridan mukofot puli bilan taqdirlanishi belgilab qoʻyilganidan xabaringiz bor, albatta.

Sportchilarimizni murosasiz bellashuvlarga tayyorlashda ertayu kech ular bilan birga boʻlgan jonkuyar murabbiylarning xizmatlarini alohida taʼkidlashni istardim. Bugun gʻolib va sovrindor sportchilarimizni tayyorlashda chinakam fidoyilik koʻrsatgan Toʻlqin Qilichev, Pavel Xan, Farhod Mirzajonov, Nurali Qobulov, Muzaffar Abdurahmonov kabi tajribali murabbiylarning nomlarini chuqur hurmat bilan tilga olamiz.

Biz Olimpiya chempionlarining trenerlarini 40 ming AQSH dollaridan, bronza medal sohiblarining murabbiylarini 20 ming AQSH dollaridan mukofotlashni lozim deb topdik.

Agar Olimpiadada ishtirok etgan har bir sportchi koʻp yillik ogʻir tayyorgarlik jarayonidan oʻtishini koʻz oldimizga keltirsak, ular ham bugun gʻoliblar qatorida taqdirlanishga munosib ekaniga amin boʻlamiz. Shuni hisobga olgan holda, bu sportchilarimizning har birini 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantirishga qaror qildik.

Qadrli yurtdoshlar!

Tokio Olimpiadasi bizga yangi qahramonlarni kashf qilib berdi. Ular oʻzlari erishgan yutuq va natijalar bilan kelgusi Olimpiadalarda yana-da muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun mustahkam poydevor yaratadilar, desak, toʻgʻri boʻladi.

Shu oʻrinda Olimpiya oʻyinlarida jamoaviy sport turlari boʻyicha sezilarli natijaga erisha olmaganimizni ochiq tan olishimiz kerak. Bu hol mutasaddi rahbarlarni jiddiy oʻylantirishi zarur. Agar kimdir, bundan keyin ham oldingi Olimpiya oʻyinlarida boʻlgani kabi, faqat yakkakurash sport turlari hisobidan yutuqlarga erishamiz, deb oʻylasa, adashadi. Bilib qoʻyinglar, bu – mutlaqo notoʻgʻri yondashuv.

Barchamiz yaxshi tushunamizki, Vatanimizning sport sohasidagi ulkan salohiyatini namoyon etishda 2024-yilda boʻladigan Parij Olimpiadasi yana-da muhim ahamiyatga egadir. Bu haqiqatni barchamiz chuqur his etib, har tomonlama tushunib, aniq tizim asosida ish olib borishimiz zarur.

Boʻlgʻusi Olimpiada oldidan futbol, basketbol, gandbol, chim ustida xokkey, regbi, voleybol singari jamoaviy sport turlari boʻyicha ham yoʻllanmalarni qoʻlga kiritish asosiy maqsadimiz boʻlishi zarur.

Shu munosabat bilan quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Birinchidan, mamlakatimiz sport delegatsiyasining Tokio Olimpiadasidagi ishtirokini har tomonlama chuqur tahlil etib, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni sarhisob qilishimiz kerak.

Buning uchun sport menejmenti boʻyicha nufuzli xalqaro kompaniyalardan birini jalb etgan holda, mamlakatimizda ushbu sohada boshqaruv tizimining har bir boʻgʻinini auditdan oʻtkazish maqsadga muvofiq.

Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov Milliy olimpiya qoʻmitasi va Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar audit natijalariga asosan jismoniy tarbiya va sportni hamda sport federatsiyalari boshqaruv tizimini yana-da takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqib kiritsin.

Kelgusi Olimpiya oʻyinlariga har tomonlama tayyorgarlikni shu bugundan boshlashimiz kerak. Oʻz oldimizga aniq maqsad qoʻyib, astoydil harakat qilsak, albatta natijaga erishamiz. Misol uchun, Parijda boʻlib oʻtadigan navbatdagi yozgi Olimpiadaga 100 dan ziyod litsenziyani qoʻlga kiritish va medallar boʻyicha yetakchi 15 ta mamlakat qatoridan joy olish uchun hamma imkoniyatlarimiz bor.

Shu bilan birga, barcha shahar va tumanlarda tegishli sport turlarini rivojlantirish va zarur sharoitlar yaratish choralarini koʻrish bugungi kun talabidir. Bu haqda gap ketganda, har bir hudud kesimida Olimpiada oʻyinlariga hozirlik koʻrish dasturlarini ishlab chiqib, uni tizimli tashkil etish kerak.

Bosh vazir A.Aripov bu sohada erishilgan yutuqlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning sabablarini chuqur tahlil qilib, Parij Olimpiadasiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha qaror loyihasini kiritsin.

Ikkinchidan, sport boʻyicha taʼlim sifatini yaxshilashimiz, iqtidorli, istiqbolli sportchilarni saralash (seleksiya) va ularning zaxirasini shakllantirish tizimini tubdan takomillashtirishimiz lozim.

Bunda zamonaviy oʻqitish dasturlari va metodikasini amaliyotga joriy etish, sport taʼlim muassasalarida Paralimpiya boʻlimlarini tashkil etib, ularga 10 foiz qoʻshimcha kvotalar ajratish yaxshi natija berishi mumkin.

Sportchilarni oʻqitishda ota-onalar tomonidan pul toʻlash tartibini bekor qilish zarur. Shuningdek, bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalariga jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishlari boʻyicha davlat granti asosida toʻgʻridan-toʻgʻri ikkinchi bosqichga, imtihon sinovlarisiz qabul qilish tizimini ham joriy etishimiz kerak.

Olimpiya zaxiralari kollejlariga yuqori natijalarga erishgan, boy tajribaga ega va ayniqsa, sportning jamoaviy turlari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish muhim ahamiyatga ega.

Shu oʻrinda katta xarajatlar evaziga xorijdan sportchilarni (legioner) olib kelish tajribasi unchalik ham oʻzini oqlamayotganini ochiq aytishimiz kerak. Bunday amaliyotdan voz kechib, mahalliy sportchilarimizni tarbiyalashga jiddiy eʼtibor qaratadigan payt keldi. Xorijdan legionerlar emas, yetuk mutaxassislarni hamda sportchilarni tayyorlash metodikasini olib kelish kerak.

Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.Toshqulov Milliy olimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda sport yoʻnalishida taʼlim sifatini yana-da oshirish, shuningdek, rivojlangan mamlakatlardan yuqori malakali murabbiy va mutaxassislarni, zamonaviy metodikalarni olib kelish boʻyicha taklif kiritsin.

Uchinchidan, respublikamizdagi mavjud olimpiya zaxiralari kollejlariga oʻquvchilarni qabul qilish boʻyicha kvotalarni sport turlarining xususiyatlaridan kelib chiqib shakllantirishga eʼtibor qaratishimiz lozim.

Misol uchun, voleybol jamoasining tarkibi 10 nafarni tashkil etsa-da, kollejlarga atigi 3-5 nafardan oʻquvchi qabul qilinmoqda. Bunday holat jamoaviy sport turlarining barchasida kuzatilmoqda. Tabiiyki, bu ahvolda ushbu sohalarni rivojlantirish mumkin emas.

Shuningdek, mamlakatimizda yuqori darajada rivojlangan boks sporti boʻyicha kollejlarga qabul kvotasi atigi 4 nafar etib belgilanganini ham qoniqarli, deb boʻlmaydi. Vaholanki, dunyoda ushbu sport turi boʻyicha 13 ta vazn toifasida bellashuvlar oʻtkaziladi.

Bir soʻz bilan aytganda, olimpiya zaxiralari kollejlarida qabul kvotalarini butunlay qayta koʻrib chiqib, yangi tizim asosida belgilash zarur. Bunday taʼlim muassasalarini hududlarda yaxshi rivojlangan sport turlariga ixtisoslashtirish ijobiy natijalar berishi shubhasiz. Aytaylik, Surxondaryo va Qashqadaryoda – sportning yakkakurash turlari, Fargʻona vodiysi viloyatlarida – jamoaviy sport oʻyinlari va boks, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Toshkent viloyatlarida – ogʻir atletika, qilichbozlik boʻyicha taʼlim berish yoʻlga qoʻyilsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

A.Abduhakimov Milliy olimpiya qoʻmitasi va sport federatsiyalari bilan birgalikda bir oy muddatda olimpiya zaxiralari kollejlari faoliyatini qayta tashkil etish hamda sport taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha qaror loyihasini kiritsin. Qarorda Milliy Olimpiya qoʻmitasiga ushbu kollejlar bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish, joylarda yosh isteʼdod egalarini izlab topish, ularni qoʻllab-quvvatlash, seleksiya ishlari bilan jiddiy shugʻullanish kabi vazifalar yuklatilishi zarur.

Toʻrtinchidan, bugungi kunda respublikamizda 329 ta sport maktabi faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda 13 ming nafardan ziyod trenerlar qoʻl ostida 328 mingdan koʻproq yoshlar sportning 30 dan ortiq turi boʻyicha muntazam shugʻullanmoqda.

Biroq ana shu maktablarning hammasi ham samarali faoliyat koʻrsatmayapti. Aksariyat sport maktablaridan bironta respublika chempioni yetishib chiqmagani ham fikrimiz dalilidir. Holbuki, olimpiya zaxiralari kollejlarida 7 ming nafar bola taʼlim olmoqda. Ularning oʻqishi uchun byudjetdan qancha mablagʻ beriladi. Lekin ularning orasida atigi 70 nafari Olimpiya qatnashchisi boʻlishi – bu albatta qoniqarsizdir.

Shuning uchun 2021-yildan boshlab har bir sport maktabiga davlat buyurtmasi berish tizimini joriy etish lozim. Bunda sport maktablari tomonidan har yili “sport ustaligiga nomzod”, “sport ustasi”, “xalqaro toifadagi sport ustasi” kabi razryad va unvonlarga ega boʻlgan sportchilarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Ushbu tizim orqali sport maktablarining reytingi yuritiladi va ularning faoliyatiga shu asosda baho beriladi.

A.Abduhakimov bir oy muddatda sport maktablarida davlat buyurtmasi tizimini joriy etish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqsin.

Beshinchidan, sport turlari boʻyicha oʻtkazilayotgan mamlakat chempionatlarining saviyasi tushib ketgan. Eng achinarlisi, bu sohada korrupsiya holatlari koʻzga tashlanmoqda.

Masalan, sport musobaqalarining hududiy bosqichlari oʻtkazilmasdan, faqatgina maʼlum bir toifadagi sportchilarni respublika bosqichiga olib kelish odatiy holga aylangan. Shu bois chempionatlarimizda kuchli sportchilar juda kam, raqobat deyarli yoʻq. Buning ustiga, sportning jamoaviy oʻyin turlari boʻyicha hududlardan jamoalar yetarlicha ishtirok etmayapti. Federatsiyalar esa chempionatlarni bor-yoʻgʻi 4-5 ta jamoa ishtirokida, nomiga oʻtkazish bilan cheklanib qolmoqda. 2021-yilda basketbol va suv polosi boʻyicha Oʻzbekiston chempionatlarida 4 tadan jamoa qatnashgani bunga misol boʻla oladi.

Sport yoʻnalishidagi vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun sohada birinchi navbatda davlat boshqaruvini yana-da takomillashtirish talab etiladi.

Bosh vazir A.Aripov bir oy muddatda Turizm va sport vazirligining tuzilmasini qayta koʻrib chiqish hamda jamoaviy sport musobaqalarini oʻtkazishni takomillashtirish yuzasidan tegishli qaror loyihasini kiritsin.

Oltinchidan, Olimpiya zaxirasidagi sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holati hamda farmakologik taʼminotini yaxshilash, bunda ilgʻor xorijiy tajriba bilan birga ilmiy yondashuv va xalq tabobatini qoʻllash muhim hisoblanadi.

Sportchilarning jismoniy va ruhiy tiklanishiga yordam beradigan, ularning salomatligi va jismoniy qobiliyatiga ijobiy taʼsir etadigan mahalliy oziq-ovqatlar roʻyxati hamda optimal ovqatlanish ratsionlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish lozim.

Olimpiya terma jamoalari sportchilarining ruhiy tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratish juda muhim. Chunki sportchining ruhiy tayyorgarligi, oʻziga ishonchi qanchalik kuchli boʻlsa, albatta, natija ham shuncha yaxshi boʻladi. Shu maqsadda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida sport psixologiyasi va diyetologiyasi boʻlimlarini tashkil etish lozim.

Milliy olimpiya qoʻmitasi sogʻliqni saqlash vaziri A.Hojiboyev va moliya vaziri T.Ishmetov bilan birgalikda bir oy muddatda Qoʻmita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Yettinchidan, yozgi va qishki Olimpiya hamda Paralimpiya oʻyinlari, nufuzli xalqaro musobaqalarning gʻolib va sovrindorlari hamda ularning trenerlarini ragʻbatlantirishning zamonaviy tizimini joriy etish zarur.

Shu maqsadda oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi jahon musobaqalarining gʻolib va sovrindorlarini hamda ularni ana shu musobaqalarga tayyorlagan murabbiylarni ham ragʻbatlantirishni kengaytiramiz. Bunda oltin medal sovrindoriga – 3 ming dollar, treneriga – 2 ming dollar, kumush medal sohibiga – 2 ming dollar, treneriga – 1 ming dollar, bronza medali uchun – 1 ming dollar, treneriga – 500 dollar miqdorida mukofot puli beriladi.

Bundan tashqari, nufuzli xalqaro chempionatlar gʻoliblarining ustozlari “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi”, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvonlari bilan taqdirlanadi.

A.Abduhakimov, T.Ishmetov Milliy olimpiya qoʻmitasi va Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda sportni moliyalashtirish tizimini tubdan qayta koʻrib chiqib, uni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish yuzasidan taklif kiritsin. Bunda ushbu jarayonning shaffof boʻlishi hamda sarflangan mablagʻlarning natijadorligiga, iqtidorli sportchilarni tayyorlagan birinchi trenerlarni ham moddiy ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilsin.

Sakkizinchidan, hududlarda iqtidorli sportchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda Oʻzbekiston chempionatlarini tashkil etish ishlarini toʻliq raqamlashtirish zarur. Bu, oʻz navbatida, olimpiya sport turlari boʻyicha terma jamoalarga sportchilarni jalb etish tizimini adolatli tashkil etishga xizmat qiladi.

Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov yil yakuniga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Olimpiya zaxiralari sport platformasini ishga tushirsin.

Aziz doʻstlar!

Biz Olimpiya va Paralimpiya zaxiralarini tayyorlash uchun munosib sharoitlar yaratish va 2024-yilgacha sport infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha davlat dasturini amalga oshiramiz. Sport muassasalaridagi eskirgan jihozlarning qariyb 50 foizi yangilanadi.

Bundan tashqari, keyingi Olimpiya oʻyinlari va yirik xalqaro sport musobaqalariga tizimli tayyorgarlik koʻrishimiz zarur. Hozirgi vaqtda 2025-yili Toshkentda yoshlar oʻrtasida boʻlib oʻtadigan Osiyo oʻyinlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida “Olimpiya va Paralimpiya shaharchasi”ni barpo etish ishlari jadal olib borilmoqda. Ushbu shaharcha hududida boks, sport kurashlari, suv sporti, eshkak eshish kabi federatsiyalar uchun ham tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi.

Ishonamanki, eng zamonaviy sharoit va texnologiyalarga ega boʻladigan mazkur inshoot Oʻzbekistonning sport sohasidagi yangi qiyofasini oʻzida mujassam etadigan yirik majmua boʻladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning sport bilan shugʻullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etishini taʼminlash va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim joriy qilindi.

Biz bundan buyon Olimpiya va Paralimpiya sportini yaxlit bir tizim sifatida koʻramiz, ular uchun keng sharoit va imkoniyatlar hamda ragʻbatlantirish tizimini yaratamiz.

Xabaringiz bor, 24-avgust kuni Tokioda yozgi Paralimpiya oʻyinlari boshlanadi. Ushbu nufuzli musobaqada ham vakillarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, Vatanimiz shaʼnini munosib himoya qiladilar, deb ishonamiz.

Bugungi tantanali marosimda bir guruh paralimpiya sportchilarimiz ham qatnashmoqda. Fursatdan foydalanib, boʻlgʻusi musobaqalarda ularning barchasiga omad va zafarlar tilab qolamiz.

Hurmatli sportimiz fidoyilari!

Hammangiz koʻrib turibsiz, bugungi kunda dunyoda pandemiya taʼsir qilmagan soha qolmayapti. Ayniqsa, sport musobaqalarini tashkil etishdagi murakkab vaziyat sportchilarning ruhiy holatiga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Shuning uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, har qanday sinovlar paytida ham sport musobaqalariga tayyorgarlikni susaytirmasligimiz shart.

Sizlar erishgan yutuqlar bilan cheklanmasdan, bu boradagi shonli anʼanalarimizni munosib davom ettirasiz va jahondagi eng nufuzli musobaqalarda Yangi Oʻzbekistonimiz bayrogʻini yana-da baland koʻtarasiz, deb ishonaman.

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, Tokio Olimpiadasida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarimiz hamda ularning murabbiylari davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan mukofotlandilar.

Hurmatli sportchilar, muhtaram ustoz va murabbiylar!

Hozirgina sizlarga topshirilgan yuksak mukofotlar barchangizning mehnatingiz, isteʼdod va mahoratingizga xalqimiz va Vatanimiz tomonidan berilgan munosib baho, eʼtirof ramzidir. Aminmanki, bu ehtirom va ishonch sizlarga yangi kuch-gʻayrat bagʻishlab, yana-da ulkan gʻalabalarga chorlaydi.

Ana shunday ezgu maqsad yoʻlida barchangizga sihat-salomatlik, kuch-gʻayrat, oilaviy baxt va omad yor boʻlishini tilayman.

Fursatdan foydalanib, sizlarni yaqinlashib kelayotgan eng ulugʻ va eng aziz bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Katta rahmat sizlarga, doimo sogʻ-omon boʻlinglar!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?